16:56 / 08.12.2021
3501

O‘zbekiston raisligida «Italiya – Markaziy Osiyo» ikkinchi vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

8 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston raisligida «Italiya – Markaziy Osiyo» shaklidagi ikkinchi vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: TIV axborot xizmati

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Italiya va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idoralari rahbarlari, iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari, sog‘liqni saqlash muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Qatnashchilar Markaziy Osiyo davlatlari va Italiya o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi. Zamonaviy tahdid va xatarlar: mintaqadagi ekologik muammolarni hal etish, ekstremizm va terrorizm kabi transmilliy tahdidlarning oldini olish, shuningdek, millatlararo totuvlik, xalqlarning do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlash yo‘llari tahlil etildi.

«O‘zbekiston barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan strategik sherikchilik darajasida aloqalar o‘rnatgan. Jahon siyosiy lug‘atlarida «Markaziy Osiyocha kayfiyat» degan atama paydo bo‘lgan. U mintaqamizda paydo bo‘lgan hamkorlik va o‘zaro tushunishning ijobiy siyosiy holatini anglatadi», degan Abdulaziz Komilov.

Foto: TIV axborot xizmati

Shuningdek, Komilov Italiya – Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, Afg‘onistondagi vaziyatning mintaqaga ta'siri borasida gapirdi.

Konferensiya sessiyalari doirasida mintaqaviy iqtisodiy sheriklikni takomillashtirish, savdo-investitsiya, transport va tranzit sohalarida o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, anjuman doirasida «Markaziy Osiyo va Italiya o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakalani qabul qildi.

Foto: TIV axborot xizmati

Suhbat chog‘ida noyabr oyida Yevropa Ittifoqi bilan o‘tkazilgan ikki tomonlama va mintaqalararo muzokaralar natijalari hamda siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Abdulaziz Komilov va Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Luiji Di Mayo o‘rtasidagi uchrashuvda esa 2022 yilda Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy va sanoat hamkorlik va eksport kreditlari bo‘yicha O‘zbekiston-Italiya hukumatlararo ishchi guruhining 7-yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Foto: TIV axborot xizmati

«Parlamentlararo muloqotni yanada mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni, xususan, Samarqand viloyati va Lombardiya o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish, shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish, o‘zaro sayyohlik oqimini ko‘paytirishga har ikki tomon tayyorligi bildirildi», – deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan tashqari Abdulaziz Komilov tadbirga tashrif buyurgan Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev bilan ham alohida uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: TIV axborot xizmati

Suhbat chog‘ida siyosiy-diplomatik, chegaralar, savdo-iqtisodiy, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Top