22:24 / 08.12.2021
48071

Nemsov va Navalniy birga. 10 yil avval Putinga qarshi namoyishlarning eng kattasi o‘tkazilgandi

2012 yil Pushkin maydonidagi miting / Foto: Yevgeniy Feldman

Bundan 10 yil muqaddam Rossiyada SSSR tarqalgandan keyingi eng yirik namoyishlar bo‘lib o‘tgandi. 2011 yil 4 dekabr kuni Rossiya Davlat dumasiga saylovlar o‘tkaziladi. Saylovda hukmron «Yagona Rossiya» partiyasi 49 foiz ovoz to‘playdi. Ovozlar yoppasiga soxtalashtirilgan deb hisoblagan minglab kishilar ko‘chalarga chiqib, norozilik bildiradi.

Namoyishlarda asosiy norozilik o‘sha vaqtda bosh vazir vazifasida ishlayotgan Vladimir Putinga qaratilgandi. Namoyishlar poytaxt Moskvada ham shunchalik avj oladiki, rossiyaliklar Putin chindan ketishi mumkin deb o‘ylay boshlashadi. Axir namoyishda Putinni hukumat doiralariga olib kirgan Sobchakning qizidan tortib 11 yil Rossiya moliya vaziri bo‘lgan Kudringacha bor edi. Rossiya tarixidagi ikki eng mashhur muxolifatchi Boris Nemsov hamda Aleksey Navalniy namoyishlarda birgalikda ishtirok etgandi.

OAVda bu namoyishlarni «Bolotnaya inqilobi» deb atashadi. Namoyishlar markazi mamlakat poytaxti Moskva bo‘ladi. 2011 yil 5 dekabr kuni Chistiy prud maydonida, 10 dekabr kuni Bolotnaya maydonida, 24 dekabr kuni Saxarov prospektida mitinglar o‘tkaziladi. 2012 yil 6 may kuni «Millionlar marshi» nomini olgan Bolotnaya maydonidagi yurish namoyishchilarning politsiya bilan to‘qnashuvi hamda «Bolotnaya ishi» ochilishi bilan tugaydi.

Hukumat faoliyatidan norozi rossiyaliklarga katta umid bergan o‘sha namoyishlar keyinchalik hech qanday natija bermagan bo‘lsa-da, uning yetakchilari odamlar orasida haqiqat uchun kurashuvchilar sifatida yodda qoldi.

«Meduza» namoyishlarda faol bo‘lganlarning keyingi taqdiri nima bo‘lganini esladi. Ularning ko‘pchiligi Rossiyani tark etgan. Shuningdek, o‘ldirib ketilgan, zaharlangan va hozirda qamoqda o‘tirganlar ham bor.

Aleksey Navalniy

Aleksey Navalniy Saxarov prospektidagi mitingda, 2011 yil 24 dekabr. Foto: Yevgeniy Feldman

Hali 35 yoshda bo‘lgan Aleksey Navalniy aynan 2011-2012 yillardagi namoyishlar vaqtida rus muxolif harakatining yetakchisiga aylangandi. Chistiy prud maydonida boshlangan 5 dekabrdagi namoyishlarda 10 minggacha odam qatnashgani aytiladi. Navalniy yig‘ilganlarga qarata «Biz bormizmi o‘zi?» deb baqirgandi. «Ha» deb javob bergandi odamlar. Jo‘shqin chiqishlari bilan odamlar mehrini qozongan muxolifatchi aynan o‘sha kuni qo‘lga olinib, 15 sutka qamoq jazosiga hukm qilinadi. Bu siyosatchining birinchi marta qo‘lga olinishi edi. Keyinchalik Navalniy 15 sutkalik jazoning bir nechtasini boshdan kechirishga ulgurdi va hozirda to‘liq qamoq jazosini olib, «o‘tiribdi».

Lenta.ru namoyishlar haqidagi reportajda Navalniyni LiveJournal'da minglab odam o‘qiydigan bloger deb ta'riflaydi. Keyingi yil Navalniy Moskva meri bo‘lishga harakat qiladi, hatto prezidentlikka ham nomzod bo‘lmoqchi ekanini aytadi. O‘z jamoasi bilan Rossiya tarixidagi eng yirik korrupsiyaga oid surishtiruvlarni amalga oshirib, e'lon qiladi. Shuningdek, ko‘p yillar davomida Rossiya hukumati, xususan, Putinga qarshi ko‘plab namoyishlar tashkil etadi, unga nisbatan ko‘plab jinoiy ishlar ochiladi.

2020 yil 20 avgust kuni Navalniy samolyotda Tomskdan Moskvaga qaytayotganda «Novichok» bilan zaharlanadi. Siyosatchi bu ish ortida Putin turganini aytib keladi. Buni rasmiy Moskva rad etgan. Berlindagi «Sharite» klinikasida siyosatchi aynan «Novichok» bilan zaharlangani ma'lum qilinadi. Koma holatidagi siyosatchini oilasi katta qiyinchilik bilan davolash uchun Germaniyaga olib boradi. Navalniy o‘ziga kelganidan keyin uni zaharlagani aytilgan guruh vakillaridan biri bo‘lmish FXX xodimi bilan telefonda gaplashib, suhbat audiosini e'lon qiladi. Ko‘p o‘tmay Navalniyning o‘zi «insoniyat tarixidagi eng yirik pora» deb atagan Putinning Gelenjikdagi saroyi haqida surishtiruv e'lon qilinadi. Surishtiruvdan ko‘p o‘tmay Navalniyga nisbatan «Iv Roshe» ishi bo‘yicha ayblov e'lon qilinib, 3,5 yillik sirtdan qamoq jazosi chinakam qamoq jazosiga o‘zgartiriladi. Shundan buyon siyosatchi qamoqda qolmoqda.

2021 yilda Navalniy tashkil etgan korrupsiyaga qarshi kurash fondi sud tomonidan ekstremistik tashkilot deb topildi. Bunday tashkilot a'zolari esa Rossiya qonunchiligiga ko‘ra saylovlarda ishtirok eta olmaydi.

Boris Nemsov

Boris Nemsov Bolotnaya maydonidagi mitingda nutq so‘zlamoqda, 2011 yil 10 dekabr. Foto: Yevgeniy Feldman

SSSR tarqalib ketgandan keyingi Rossiyaning eng mashhur ikki muxolifatchisidan biri Boris Nemsov hisoblanadi. Putinni eng ko‘p tanqid qilgan siyosatchilardan biri bo‘lgan Nemsov o‘z vaqtida Nijyegorod viloyati gubernatori va bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2000-yillarning ikkinchi yarmida u «Norozilik marshi» va «Strategiya-31» nomli norozilik aksiyalarida ishtirok etgan. U Rossiya konstitutsiyasining 31-moddasida belgilangan majlis erkinligi huquqini ta'minlash uchun ko‘p jon kuydirgan. «Bolotnaya inqilobi»da namoyishlar yetakchilaridan biri bo‘lgan.

2013 yil Nemsov «Parnas» liberal partiyasidan Yaroslav oblasti dumasiga saylanadi. 2014 yilda esa Ukrainadagi Yevromaydonni qo‘llab, Rossiya Qrimni bosib olishini qoralaydi. 2015 yil 28 fevralga o‘tar kechasi Boris Nemsovni otib o‘ldirishadi. Bu Rossiya tarixidagi eng shov-shuvli qotillik bo‘lib qolmoqda. Putinning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan, u mamlakatni halokatga yetaklashini aytib kelgan Nemsov chechenistonlik bir guruh yollanma qotillar tomonidan otib o‘ldirilishi – Rossiya hukumatiga nisbatan ishonchsizlikni yanada oshiradi. Nemsov o‘ldirilgan maydonda har yili 28 fevral kuni uning xotirasi yodga olinadi. G‘arbda ko‘plab xiyobonlar va maydonlar Nemsov nomi bilan atalgan.

Ilya Yashin

Ilya Yashin «Teatre.dok»da 15 kunlik haqida so‘zlab bermoqda, 2011 yil. Foto: Yevgeniy Feldman

2011 yil 5 dekabr kuni Chistiy prud xiyobonidagi namoyishni «Birdamlik» demokratik harakati tashkil etgandi. Uning tashkilotchilaridan biri aynan Yashin edi. U yig‘ilganlarga shahar bo‘ylab harakatlanishni taklif qiladi. Oqibatda o‘zi va Navalniyning qatorida yana 300 kishi qo‘lga olinadi. Yashin ham xuddi Navalniy kabi 15 sutka qamoqqa hukm qilinadi. Keyinchalik inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi bosimi bilan Rossiya ularga 54,5 ming yevrodan tovon puli to‘lab beradi.

2011-2012 yillardagi norozilik namoyishlarida ishtirok etgan Yashin muxolifatning muvofiqlashtirish kengashidan o‘rin oladi. 2017 yilda u hududiy deputatlikka saylanadi va Moskvadagi Krasnoselskiy rayon kengashini boshqaradi. 2019 yil Moskva shahar dumasi uchun saylovlarda mustaqil nomzodlarni qo‘yishlarini talab qilib namoyishlar tashkil etadi va evaziga ketma-ket besh marta kichik muddatli qamoq jazosiga hukm qilinadi. 2021 yilda Krasnoselskiy rayoni rahbarligidan ketib, Moskva shahar dumasi saylovida o‘z nomzodini ko‘rsata olmaydi. Yashinni «ekstremistik tashkiloti bo‘lgan» Aleksey Navalniyga aloqasi bo‘lgani uchun saylovga qo‘yishmaydi.

Kseniya Sobchak

Kseniya Sobchak Saxarov prospektidagi mitingda, 2011 yil 24 dekabr. Foto: Yevgeniy Feldman

«Men Kseniya Sobchak, mening yo‘qotadigan narsam bor», degandi Sobchak 2011 yil 24 dekabrda Saxarov prospektida o‘tgan namoyishda. Sobchak ancha mo‘'tadil va murosa ohangida gapirgani uchun namoyishchilarning hushtakbozligiga sabab bo‘ladi. Chunki ular so‘zga chiqqanlardan jo‘shqin so‘zlar kutishardi. Sobchak Putinning sobiq xo‘jayini Anatoliy Sobchakning qizi ekani ham hushtaklar bilan kutib olinganiga sabab bo‘lgandir. Shunga qaramay, Sobchak hukumatni muloqotga chorlagani uchun namoyishchilar keyingi gal ham uning ishtiroki uchun ovoz berishadi.

«Millionlar marshi» yurishidan keyin Sobchakning uyini ham tintishadi. Teleboshlovchining kvartirasidan 1 million yevro hamda 500 ming dollar chiqadi. Tekshiruvdan keyin pullar qaytib beriladi. Namoyishlar mashhur teleboshlovchi bo‘lgan Sobchakka ham ta'sir qilmay qo‘ymaydi. U televideniyeda chiqish huquqidan mahrum bo‘ladi. TVga 2017 yil – prezidentlikka nomzodini qo‘yishini e'lon qilgach qaytadi.

Sobchak saylovlarda qolgan barcha nomzodlarga qarshi ekanini iddao qiladi. Uning ishtiroki Kreml uchun foydali ekani ham aytiladi. Sobchak prezidentlik saylovlarida 1,7 foiz ovoz to‘playdi.

Saylovdan keyin Sobchak tinchgina biznes bilan shug‘ullanishini ma'lum qiladi va YouTube’da «Ehtiyot bo‘ling: Sobchak» nomli kanal ochadi. Hozirda uning kanalini 2,5 milliondan ortiq o‘quvchi kuzatib boradi.

Eduard Limonov

Eduard Limonov Oliy sudda, 2011 yil. Foto: Denis Sinyakov / Reuters / Scanpix / LETA

2011 yil 6 dekabr kuni Triumfalnaya maydonida Limonov hamda Nemsov birgalikda qo‘lga olinadi, ammo ikki hafta o‘tib Limonov Nemsovni namoyishlar tarqoq va samarasiz o‘tishida ayblaydi. Uning fikricha, norozilik aksiyalari avvaliga Inqilob maydonida o‘tishi kerak bo‘lgan, lekin ba'zi tashkilotchilarning Moskva meriyasi bilan kelishuvi sabab Bolotnaya maydoniga ko‘chirilgan. Inqilob maydonida esa faqat Limonov va tarafdorlari qoladi.

Limonovning fikricha, 10 dekabr kuni namoyishlar Inqilob maydonida o‘tganida, maqsadga erishish osonroq bo‘lgan bo‘lardi, chunki bu maydon Davlat dumasi va Markaziy saylov komissiyasiga yaqin joyda joylashgan. «Tasavvur qilyapsizmi, Nemsov hammaning nomidan rozilik berib, odamlarni shahar markazidan olib ketadi. Buni ahmoqlik, hatto sotqinlik deyish ham mumkin», degandi Limonov.

2012 yilda ommaviy namoyishlardan umid yo‘q deb o‘ylagan Limonov «Boshqacha Rossiya» nomli o‘z partiyasini tuzishga qaror qiladi, ammo partiya tuzilmay qolib ketdi. 2014 yil kutilmaganda Limonovning qarashlari Kremlniki bilan bir xil bo‘lib qoladi. U Rossiya Qrimni bosib olganini olqishlaydi. Keyinroq kremlparast nashrlarda «Navalniyni mahv etishdi», «Ukrainadagi til genotsidi» va «Amerika qulashi» nomli maqolalar chiqaradi.

2020 yil 17 mart kuni Limonov vafot etdi. Uning «Qariya sayrga chiqdi» nomli oxirgi kitobi o‘limidan ko‘p o‘tmay chop etiladi.

Sergey Udalsov

Sergey Udalsov sudda, 2011 yil. Foto: Max Avdeev

«So‘lchilar fronti» harakati yetakchisi Sergey Udalsov 2011 yil qishidagi namoyishlardan avval so‘lchilar harakatidan ancha yiroqda edi. U «Millionlar marshi» namoyishining asosiy tashkilotchilaridan biri bo‘ladi. Bu haqda NTVda «Namoyishlar anatomiyasi-2» nomli film ham ishlashgandi. Filmda aytilishicha, Udalsovning harakatlarini «rangli inqilob bo‘yicha konstruktor» gruziyalik Givi Targamadze boshqarib turgan.

Namoyishlar tashkilotchisi sifatida Udalsov 4,5 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Qamoqdan chiqqach matbuot anjumanida qatnashgan Udalsov Qrimning Rossiyaga qo‘shilishi va Donbassdagi ayirmachilar harakatini qo‘llaydi. O‘z navbatida, Udalsov Putinning 2018 yildagi saylovda g‘alabasi, pensiya islohoti va siyosiy repressiyaga qarshi kurash uchun norozilikka chiqishga chorlaydi. Yevropa sudi qamoqda ko‘p marta ochlik e'lon qilgan siyosatchi foydasiga 9 ming yevro tovon puli to‘lanishi borasida inson huquqlari bo‘yicha qaror chiqaradi.

2021 yil Udalsovni Rossiya kommunistik partiyasi namoyishiga chiqqani uchun qo‘lga olishadi. Namoyish saylov natijalariga qarshi o‘tkazilgandi. Bu saylovlarda Udalsovning xotini Anastasiya ham qatnashadi. U saylov natijasiga ko‘ra hukmron partiya bo‘lmish «Yagona Rossiya» nomzodini mag‘lub etgani, ammo elektron ovoz berish natijalari hisoblangach imkoniyatni boy bergani iddao qilingandi.

Gennadiy va Dmitriy Gudkov

Gennadiy Gudkov Bolotnaya maydonidagi mitingda, 2011 yil 10 dekabr. Foto: Yevgeniy Feldman

Ota-bola Gudkovlarning talablari hammani hayratga soladi. Ular saylov natijalariga ko‘ra deputatlik mandatiga ega bo‘lganiga qaramay, ovozlarni qayta sanab chiqishni talab qilishadi. Gennadiy Gudkov «Adolatli Rossiya» partiyasi rahbarining o‘rinbosari ham edi. Oqibatda 2012 yilda u deputatlikdan ozod qilinadi. Sabab sifatida noqonuniy tadbirkorlik bilan shug‘ullangani keltiriladi. Ammo bu holat bo‘yicha jinoiy ish ochilmaydi.

2013 yilda kichik Gudkov ham deputatlikdan ketadi. Uni otasi bilan birga muxolifatning muvaqqat kengashiga kirgani uchun «Adolatli Rossiya» partiyasi a'zoligidan chiqarishadi. U Qrim bo‘yicha ovoz berish jarayonida qatnashmagan, shuningdek, rossiyalik yetimlarni xorijliklar boqib olishini taqiqlovchi qonunga qarshi chiqqan. 2016 yilgi Davlat dumasi tarkibida Gudkov yo‘q edi. Uni Rossiya parlamentidagi eng oxirgi mustaqil deputat deb ham atashadi.

2018 yil kichik Gudkov Kseniya Sobchak bilan birga «Fuqarolik tashabbusi» bazasida o‘zgarishlar partiyasi tuzishini e'lon qiladi. Sobchak o‘sha partiyadan prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari suradi. Ammo ko‘p o‘tmay «Fuqarolik tashabbusi» partiyani qayta ro‘yxatdan o‘tkazmaydi. 2021 yil kichik Gudkov jinoiy ish sabab Rossiyani tark etdi. Uning otasi 2019 yilda mamlakatdan chiqib ketgandi.

Ilya Ponomaryov

Ilya Ponomaryov Sergey Udalsov ustidan sud jarayonida, 2011 yil. Foto: Max Avdeev

2011 yilgi mitinglar boshlanishidan avval Ilya Ponomaryov YuKOS va «Skolkovo» innovatsion markazida ishlashga, Davlat dumasiga «Adolatli Rossiya»dan ikki marta saylanishga, «So‘lchilar frontiga» a'zo bo‘lishga ham ulgurgan. Ponomaryov namoyishlarga o‘sha vaqtdagi prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari bo‘lgan Vladislav Surkov bilan gaplashib qatnashadi. Aynan Surkov uni «Skolkovo»ga ishga joylab qo‘ygandi. Oxir-oqibat Panomaryov namoyishlarning eng faol ishtirokchilaridan biriga aylanadi. Garchi u ham Limonov kabi 10 dekabrdan keyin namoyishlar samarasiga shubha qila boshlagan bo‘lsa-da.

2013 yil bahorida Surkov qisqa muddat ishdan ketishidan biroz avval Ponomaryov jinoiy ish figurantiga aylanib qoladi. U «Skolkovo» davlat innovatsion markazidan pullarni o‘zlashtirishda ayblanadi. Biroz o‘tib Ponomaryov shaxsan Putin bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ladi va shundan keyin uni bir muddat tinch qo‘yishadi. 2014 yil mart oyida Ponomaryov Davlat dumasida Qrim Rossiyaga qo‘shilishiga qarshi ovoz bergan yagona deputat bo‘ladi. Shu sabab unga ochiqchasiga mamlakatdan ketish taklif qilinadi. Ilya Ponomaryov AQShga ketib, qaytmaslikka qaror qiladi.

Avvaliga u AQSh kompaniyasida texnologiya sohasida konsultant bo‘lib ishlaydi. Keyinchalik Ukrainada Qora dengiz shelfini qayta ishlovchi Trident Acquisitions neft kompaniyasiga asos soladi. Biroq sobiq deputatga neft magnatiga aylanish nasib qilmaydi. Ayni damda Kiyevda yashayotgan Ponomaryov Ukraina fuqaroligini qabul qilgan.

Vladimir Tor

Vladimir Tor Pushkin maydonidagi mitingda, 2012 yil 5 mart. Foto: Scanpix / LETA

Asl ismi Vladlen Kralin bo‘lgan Tor «Rus marshi» tashkilotchilaridan biri. U millatchilar vakili edi. Millatchilar liberallar, so‘lchilar va anarxistlar bilan fikriy qarama-qarshilikka qaramay, 2011 yil dekabridagi namoyishlarda ular bilan birga qatnashishadi. 2012 yil kuzida Tor bilan birga yana bir qator millatchilar muxolifatning muvaffaq kengashiga kiradi.

Tor rahbariyati tarkibida bo‘lishi kutilgan Milliy-demokratik partiya ochilmay qoladi. VVS millatchilar orasida mashhur bo‘lgan Tor mashhurligidan foydalanishi mumkinligini tusmollagandi. Ammo vaqt o‘tib Tor ijtimoiy faol hayotda ko‘rinmay ketdi.

Yevgeniya Chirikova

Yevgeniya Chirikova, 2011 yil. Foto: Max Avdeev

«Nemsov va Chirikova odamlarni bizning yonimizdan olib ketishdi. Biz ularga qarab karnaylarda baqirardik, ular esa xafa bo‘lib g‘o‘ldirashdi, xolos. Axir biz odamlarni Lyubyankaga – markazga to‘plashimiz, ular muzokara uchun chiqishi va biz o‘z shartlarimizni aytishimiz kerak edi-ku?» degandi Yevgeniya Chirikova haqida yozuvchi Zaxar Prilepin.

Yevgeniya Chirikova 2011 yil Moskva – Sankt-Peterburg trassasi Ximkidagi o‘rmondan o‘tishiga qarshi namoyishga chiqqan aktivistlar yetakchisi sifatida tanilgandi. Yevgeniya o‘z hammaslaklari bilan birga Moskvada 5 ming kishilik miting-konsert tashkil qiladi. Keyinroq o‘sha vaqtda AQSh vitse-prezidenti bo‘lgan Jo Bayden bilan uchrashadi. Bo‘lajak Amerika prezidenti unga jasorati uchun maxsus mukofot topshiradi.

2012 yil Chirikova Ximki merligi uchun saylovlarda ishtirok etib mag‘lub bo‘ladi. Shuningdek, Ximki o‘rmonidan o‘tadigan trassa qurilishiga ham qarshilik qila olmaydi, 2015 yilda o‘rmon orqali o‘tgan pulli yo‘l ochiladi. Hukumat tazyiqidan qo‘rqqan Chirikova oilasi bilan birga Estoniyaga ketib qoladi. U yerda ham Yevgeniya ijtimoiy faoliyat va ekologik loyihalar bilan shug‘ullanadi.

Aleksey Kudrin

Aleksey Kudrin Saxarov prospektidagi mitingda chiqish qilmoqda, 2011 yil 24 dekabr. Foto: Valeriy Sharifulin / TASS

2000-2011 yillarda Rossiya moliya vaziri bo‘lgan Kudrin 11 yil ichida bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan. Davlat dumasi saylovlariga bir necha oy qolganida mamlakat prezidenti Dmitriy Medvedev bilan kelishmay qolgan Kudrin iste'foga chiqadi. Kudrin budjet taqsimoti bo‘yicha prezident bilan kelishmay qolgandi.

2011 yil 24 dekabrda Saxarov prospektida o‘tgan mitinglarda namoyishlarga qo‘shiladi. U odamlar oldida chiqish qilib saylov natijalaridan qoniqmagani, Markaziy saylov komissiyasi rahbari Vladimir Churov iste'foga chiqishi kerakligini aytadi. Uzoq vaqt hukumatda ishlagan Kudrinning chiqishini ba'zi odamlar hushtakbozlik bilan kutib olishadi. Millatchilar vakili Vladimir Tor esa «Putin hukumati vakili bo‘lgan Kudrindan keyin so‘zga chiqqanim uchun kechirasiz», degandi.

Kudrin oxir-oqibat muxolifat yetakchilari safiga kirmaydi. Uni hukumat va namoyishchilar o‘rtasidagi vositachi deb qabul qilishadi. Kudrin Saxarov prospektidagi namoyishlardan oldin va keyin Putin bilan uchrashganini tan oladi. Shuningdek, u Putin 2012 yilgi saylovlarda ishtirok etishi kerak yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob bermaydi. Shunday bo‘lsa-da, Kudrin Putinning atrofidagi unga qarshi namoyishlarda ishtirok etgan yagona inson bo‘lib qolgandi.

2011 yil sobiq bosh vazir o‘rinbosari Kudrin Twitter’da akkaunt ochadi, o‘z saytini tashkil qilib, «Exo Moskva» nashrida blog yurita boshlaydi. U o‘sha vaqtda partiya tuzish istagi haqida gapira boshlagandi. 2018 yil hukumatga qaytgan Kudrin hisob palatasi rahbari bo‘ladi. U hamon hukumatdagi Putin bilan norasmiy yaqin munosabatlarda bo‘lgan liberal siyosatchi sifatida qaraladi.

Sergey Parxomenko

Sergey Parxomenko «Bolshoy gorod» jurnali tahririyatida 24 dekabr kungi miting tashkiliy qo‘mitasi yig‘ilishi vaqtida, 2011 yil.
Foto: Scanpix / LETA

«Dunyo bo‘ylab» nashri rahbari bo‘lgan Parxomenko namoyishlarni moliyalashtirish g‘oyasini o‘ylab topgani bilan yodda qolgandi. Shuningdek, u shahar meriyasi bilan muzokara o‘tkazgan namoyishchilardan biri edi. Muxolifat muvaqqat kengashiga kirgan Parxomenko «Saylovchilar ligasi» va «Halol saylov uchun» guruhlari tashkiliy qo‘mitasi tarkibiga ham kiradi.

Keyinchalik Parxomenko «Dissertant» tashkiloti asoschilaridan biriga aylanadi. Bu guruh hukumat a'zolarining ilmiy ishlaridagi boshqa yerdan ko‘chirilgan joylarini aniqlash bilan shug‘ullanadi. Ular sobiq madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy va Sankt-Peterburg rahbari Aleksandr Beglovning ilmiy ishlarida plagiat borligini aniqlaydi. Parxomenko Stalin davridagi qatag‘on qurbonlari xotirasiga «Oxirgi manzil» loyihasini ishga tushiradi. Shuningdek, Rossiyada mustaqil jurnalistlar uchun beriladigan «Redkollegiya» mukofoti ta'sischilaridan biri bo‘ladi.

Violetta Volkova hamda Nikolay Polozov

Violetta Volkova (orqa planda) va Nikolay Polozov Moskvadagi Xamovnicheskiy rayon sudida, 2012 yil. Foto: Sergey Karpov / TASS

Violetta Volkova hamda Nikolay Polozov 2011 yil qishidagi norozilik aksiyalarida namoyishchilarni himoya qilgandi. Volkova namoyishlarda «navbatchilik qilib» qo‘lga olinganlarni himoya qilish bilan shug‘ullanib yurganda Twitter orqali Polozov bilan tanishib qoladi va uni o‘z yoniga chaqiradi. Chistiy prud xiyobonida 300 kishini qo‘lga olishadi. Ikki advokat esa ularni qo‘yib yuborishlarini talab qilib himoyaga otlanadi.

2012 yil advokatlar cherkovda prank qilgan va keyinchalik ikki yilga qamalgan Pussy Riot guruhi qo‘shiqchilarini himoya qiladi. Keyinroq Volkov ukrainalik harbiy uchuvchi Nedejda Savchenkoni himoya qiladi. Shuningdek, Rossiyada ekstremistik tashkilot deb e'lon qilingan qrim-tatarlar majlisi ishtirokchilarini ham himoya qiladi. Polozov hozirda Rossiyada ham, Ukrainada ham faoliyat yuritmoqda.

Volkova esa «Bolotnaya ishi»dagi figurantlar Udalsov va Leonid Razvozjayevga advokatlik qilgan. 2017 yil kremlparast Igor Beketovga ham advokatlik qiladi. Beketov ustidan «O‘q parvozi» filmi namoyishini to‘xtatib qo‘ygani uchun ma'muriy ish ochilgandi. Advokat Volkova Aleksey Navalniyni 2018 yilgi prezidentlik saylovlariga pul yig‘gani uchun ayblab, uning go‘yoki yashirin buxgalteriya orqali yig‘gan noqonuniy pullari haqida ko‘rsatuv tayyorlaydi.

Dmitriy Bikov

Dmitriy Bikov 2012 yil 4 fevraldagi aksiya vaqtida. Foto: Yevgeniy Feldman

Yozuvchi 2011 yil qishidagi namoyishlarda plakat ko‘tarib mashhur bo‘lgandi. Unda shunday so‘zlar yozilgandi: «Kemani chayqatmang, kalamushimizning ko‘ngli ayniyapti». Bu yerda kalamush deb Vladimir Putin nazarda tutilgani aytiladi. Keyinchalik bu yozuv ko‘plab memlarga sabab bo‘ldi va ularning aksarida Putin tasvirlangan. Bikov «Shoir va fuqaro» loyihasida Medvedev — Putin tandemi haqida satirik she'r ham yozgan.

Bikov muxolifatning muvaqqat kengashi safidan o‘rin oladi. 2019 yil Bikov Yekaterinburgdan Ufaga uchayotganda samolyotda o‘zini yomon his qiladi. Kasalxonada uni sun'iy komaga tushirishadi. 5 yildan keyin esa Bellingcat va The Insider surishtiruv e'lon qilib, Bikovni ham Navalniyni zaharlashda qatnashgan guruh zaharlaganini ma'lum qiladi.

Boris Akunin

Boris Akunin Saxarov prospektidagi mitingda, 2011 yil 24 dekabr. Foto: Mitya Aleshkovskiy / TASS

Yozuvchi Boris Anunin 2011 yil 4 dekabr kuni kitob yozish uchun La Mansh sohilidagi uyiga ketgandi. Ammo Moskvada namoyishlar avj olgach, ortga qaytib 10 dekabr kuni Bolotnaya maydonidagi namoyishda ishtirok etadi. Keyinroq Saxarov prospektida nutq so‘zlaydi.

Akunin 2012 yil Lenta.ru bilan suhbatda 2011 yil qishidagi namoyishlar Putinning butun umr Rossiyani boshqarishi mavzusini kun tartibidan butkul olib tashlaganini aytgandi. «Voqealar qanday rivojlansa ham bu ish (Putin Rossiyani butun umr boshqarishi) endi bo‘lmaydi», degandi yozuvchi.

Namoyishlardan keyin yana 2,5 yil Rossiyada yashagan yozuvchi Yevropaga ketib qoladi. Uning aytishicha, ketishiga Qrimning bosib olinishi Donbassdagi voqealar, Malayziya samolyoti urib tushirilishi va shularga qaramay Putinning reytingi ko‘tarilib ketayotgani sabab bo‘lgan.

«Hayotning bu lahzasida ozchilik safida ekanimni his qildim. 2011-2013 yillardagi demokratik harakatlar vaqtida yurtimni to‘g‘ri tushunyapman deb o‘ylagandim, ammo yurtimni, undagi voqealarni noto‘g‘ri tushunganimni anglab yetdim. Hammasi to‘g‘ri ketyapti deb o‘ylay boshlagan vaqtim aslida bunday emasligini ko‘rdi. Hammasini yovuz Putinga bog‘lash ham noto‘g‘ridek ko‘rinib qoldi. [Millatning] ich-ichida nimalardir tushunarsiz tarzda sodir bo‘layotgandi», degandi u.

Xorijda Akunin 9 tomli «Rossiya davlati tarixi» asarini yozib tugatadi. Yozuvchi bu asari zamonaviy Rossiya tarixini tushunish uchun yaxshi manba ekanini aytadi.

Top