20:02 / 09.12.2021
22367

Hindiston bosh shtabi boshlig‘i halok bo‘ldi. U AQShning «qimmatli hamkori», Rossiyaning esa «juda yaqin do‘sti» edi

63 yoshli Bipin Ravat Hindistonning birinchi Mudofaa shtab boshlig‘i bo‘lgan. 2019 yilda yaratilgan ushbu lavozim armiya, dengiz floti va havo kuchlari qo‘mondonliklarini birlashtirardi. U Xitoyni keskin tanqid qilib, uni Hindiston xavfsizligiga tahdid solayotgan asosiy dushman deb bilardi.

Chorshanba kuni Mi-17B5 vertolyoti qulashi oqibatida Hindiston armiyasining oliy harbiy qo‘mondoni, Mudofaa shtabi boshlig‘i general Bipin Ravat, uning rafiqasi va yana 11 kishi halok bo‘ldi. U 2017 yildan 2019 yilgacha 1,3 millionlik Hindiston armiyasiga qo‘mondonlik qilgan. Mudofaa shtab-kvartirasi rahbari sifatida Xitoyni keskin tanqid qilib, uni Hindiston xavfsizligiga tahdid solayotgan asosiy dushman, deb atagan.

Vertolyot qulashidan faqat bir yo‘lovchi omon qolgan. Foto: ANI

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning ta'kidlashicha, general Ravat Vashington uchun juda ham «qimmatli hamkor» bo‘lgan.

«General Ravat AQSh-Hindiston mudofaa hamkorligida o‘chmas iz qoldirdi va Hindiston qurolli kuchlarini yanada integratsiyalashgan jangovar tashkilotga aylantirish ishlarining eng markazidagi shaxs edi», deydi Ostin o‘z bayonotida.

Rossiyaning Hindistondagi elchisi Nikolay Kudashevning so‘zlariga ko‘ra, uning mamlakati «juda yaqin do‘sti»ni yo‘qotgan.

U o‘z Twitter sahifasida shunday deb yozdi: «Janob Ravat ikki tomonlama maxsus va imtiyozli strategik sherikligimizni rivojlantirishda katta rol o‘ynadi. Biz Hindiston bilan birga qayg‘uramiz. Alvido, do‘stim! Alvido, qo‘mondon!»

Yevropa Ittifoqining Hindistondagi elchisi Ugo Astuto ham Twitter’dagi sahifasida general Ravat va u bilan birga halok bo‘lgan boshqa harbiy xizmatchilarning oila a'zolariga hamdardlik bildirgan.

Hatto Pokistonning oliy harbiy ofitserlari ham «fojiali o‘lim» sabab Hindistonga hamdardlik bildirishgan.

Xo‘sh, Bipin Ravat kim va qaysi xizmatlari uchun bu kabi hurmatga sazovor bo‘lgan?

General Bipin Ravat 63 yoshda edi

Bipin Ravat Hindistonning eng yuqori darajadagi mudofaa amaldori edi. U 2019 yilda mamlakat Mudofaa shtabi boshlig‘i (Chief of Defence Staff ,CDS) etib tayinlangan. Bundan avval esa hind armiyasiga rahbarlik qilgan.

63 yoshli Ravat ilhomlantiruvchi qo‘mondon sifatida mamlakatda katta obro‘ga ega hisoblanib, ba'zi siyosiy voqealarga bildirgan munosabatlari  bahs-munozaralarga ham sabab bo‘lgan.

Bipin Ravat 1958 yil 16 martda Hindiston shimolidagi Uttarakxand shtatida tug‘ilgan. Uning otasi Hindiston armiyasining general-leytenanti, onasi esa siyosatchining qizi bo‘lgan.

Milliy mudofaa kolleji va Hindiston harbiy akademiyasidagi harbiy ta'limi davrida general Ravat «Faxr qilichi» ordeni bilan taqdirlangan.

Shuningdek, u Kanzas shtatidagi Qo‘shma Shtatlar armiyasi qo‘mondonligi va Bosh shtab kollejida o‘quv kurslarini tamomlagan.

Shundan so‘ng, u baland tog‘larda jangovar harakatlar va qo‘zg‘olonlarga qarshi operatsiyalarga ixtisoslashgan harbiy qismda bir qancha muhim lavozimlarda ishlagan. Faoliyatining asosiy qismida mamlakatning notinch hududlaridagi bo‘linmalarga qo‘mondonlik qilgan.

Xususan, 1980 yillarda, armiya polkovnigi sifatida, Xitoy bilan harbiy qarama-qarshilik sabab mamlakat shimoli-sharqidagi harbiy batalonga, bahsli Kashmir viloyatining Hindiston qismidagi bir qancha operatsiyalarga qo‘mondonlik qilgan. Hindistonning xorijiy mamlakatga yuborilgan birinchi harbiy operatsiyasiga boshchilik qilgan.

Kashmirda fuqaroni harbiy jipning old qismiga bog‘lab qo‘ygan armiya zobitini medal bilan taqdirlagani uchun xalqaro hamjamiyatning jiddiy e'tirozlariga uchragan.

General Ravat zobitning harakatlarini «iflos urushdagi yangilik» deb ta'riflagan va uni himoya qilib chiqqandi.

2019 yilda Narendra Modi hukumati Hindiston armiyasi, dengiz floti va havo kuchlari o‘rtasidagi muvofiqlikni ta'minlash maqsadida Mudofaa shtabi boshlig‘i (Chief of Defence Staff ,CDS) lavozimini joriy qiladi va unga aynan Bipin Ravat tayinlanadi. Yangi rahbarga harbiylarni moliyalashtirishni nazorat qilish ham topshiriladi. Ravat hukmron partiyaga yaqinlikda gumonlanib, tez-tez tanqidlarga duch kelgan, ammo har doim bu ayblovlarni rad etgan.

Tanqidchilarning so‘zlariga ko‘ra, uning ba'zi bayonotlari Hindiston armiyasining «siyosiy» an'analariga zid keladi.

So‘nggi oylarda general asosiy e'tiborni armiyani modernizatsiya qilishga qaratgan edi. Ravat boshchiligida harbiy integratsiya jarayoni boshlanib, uchta kuchni birlashtirib, yagona qo‘mondonlikni shakllantirish ishlari amalga oshirilmoqda edi.

Top