17:51 / 09.12.2021
64896
Surxondaryodagi qariyb 1,5 trln so‘mlik loyihaga pudratchi tendersiz tanlangan. Pudratchi – Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘li

To‘palang HPD Platinum MChJning yagona ta'sischisi To‘palang HPD Holding hisoblanib, kompaniya ulushining katta qismi «O‘zbekgidroenergo» boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘li Islom Abdurahmonovga tegishli. Joriy yilning o‘zida bosh pudratchi bilan 527,4 mlrd so‘mlik shartnoma imzolangan.

Foto: Kun.uz

Bugungi kunda Surxondaryo viloyati aholisining 46 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlanmagan. 218ta suv inshooti va 3 ming kilometrdan ziyod tarmoqlar ta'mirga muhtoj. Viloyatning janubiy tumanlari va Termiz shahrida suv mineralizatsiyasi miqdori oshgan. Shu sabab davlat rahbarining 2 iyun kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida To‘palang suv omboridan ichimlik suv tarmog‘i tortish bo‘yicha ko‘rsatma berilib, dastlabki loyiha ham ishlab chiqilgandi.

Telegramdagi davletovuz kanalining e'tibor qaratishicha, 1,7 mln aholining ichimlik suv ta'minotini yaxshilaydigan ushbu mega loyiha bo‘yicha joriy yilning o‘zida bosh pudratchi bilan 527 mlrd 428 mln so‘mlik shartnoma imzolangan.

Bundan 317 mlrd 428 mln so‘mi Rossiyadan po‘lat quvurlar keltirishga yo‘naltiriladi. Loyihani 2023 yilda yakunlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, hukumat qarori bilan To‘palang HPD Platinum bosh pudratchi sifatida tendersiz tanlab olingan.

Ma'lumot uchun, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 59-moddasiga ko‘ra, tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma bo‘yicha BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning 25 ming baravari – 6 mlrd 750 mln so‘mdan ortiq miqdorni tashkil etganda, davlat xaridi tender o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilishi kerak.

Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, To‘palang HPD Platinum MChJning yagona ta'sischisi To‘palang HPD Holding MChJ hisoblanadi. Mazkur holding ulushining katta qismi — 61,7 foizi Islom Abdug‘aniyevich Abdurahmonovga tegishli. U «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Abdug‘ani Abdurahmonovich Sanginovning o‘g‘li bo‘ladi.

138 mln dollarlik loyihaning texnik-iqtisodiy asoslantirilishi «Gidroproyekt» AJ tomonidan ishlab chiqilgan. «Gidroproyekt»ning 71,86 foiz ovoz beruvchi aksiyalariga «O‘zbekgidroenergo» AJ egalik qiladi.

Avvalroq, 2020 yilning 1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida texnogen falokat yuz berib, o‘n minglab aholining turar joylari va qishloq xo‘jaligi dalalari suv ostida qolganda ham «O‘zgidroenergo» AJ raisi Abdug‘ani Sanginov va uning o‘g‘li, 2018 yildan buyon To‘palang HPD systems MChJga direktorlik qilib kelayotgan Islom Abdurahmonov ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlar ostida qolgandi. Keyinchalik «O‘zgidroenergo» rasmiy bayonot bilan chiqib, Sardoba suv ombori 2010-2017 yillar mobaynida barpo etilgani, tashkilot esa suv ombori foydalanishga topshirilganidan keyin tuzilgani, Abdug‘ani Sanginov 2017 yilning may oyida rahbarlikka kelganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid
Top