18:07 / 10.12.2021
22806

Avtomototransport vositalarini ijaraga berishda notarial tasdiqlash tartibi bekor bo‘lmoqda

Kelgusida avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomalarini oddiy yozma shaklda tuzish mumkin bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

2021 yil 10 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 565-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining xabar berishicha, qonun loyihasida avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi orqali ijaraga berilganda, shartnomani notarial tasdiqlash talabini bekor qilish hamda ushbu turdagi shartnomalarni oddiy yozma shaklda tuzish mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, avtomototransport vositalari ijaraga berilganda ijara shartnomasini notarial tasdiqlash talab etiladi (Fuqarolik kodeksining 565-moddasi).

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Ma’lumot uchun, amaldagi davlat boji stavkalariga ko‘ra, mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun:

  • mulkdorning qarindoshlariga – BHMning 25 foizi (67,5 ming so‘m);
  • boshqa jismoniy shaxslar uchun – BHMning 50 foizi (135 ming so‘m);
  • yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa – BHMning 1 baravari (270 ming so‘m) miqdorida davlat boji to‘lanishi belgilangan.

Avvalroq, hukumat qarori bilan yuridik shaxslarga ham avtomobillarni qisqa muddatga ijaraga olishga ruxsat berilgandi.

Top