16:22 / 10.12.2021
24259

Kotatsu – yaponlarning ming yillik sandali (foto)

Yaponiyada «kotatsu» deb nomlanadigan jihoz bor. U o‘zbekistonliklarning sandaliga juda o‘xshaydi. Yaponlar undan ming yillardan buyon uy isitishda foydalanib kelishmoqda.

Bir paytlar savdo karvonlari Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab Uzoq Sharqdan Markaziy Osiyo orqali Yaqin Sharq va Yevropaga qatnagan. O‘shanda savdogarlar orqali bir millatning madaniyati va urf-odatlari, turli xil buyumlari boshqalarga ham tarqalgan.

Shu jumladan Markaziy Osiyo xalqlarining madaniyati, ular foydalangan narsalar Yaponiyagacha borgan, yaponlar ishlatgan buyumlar bu o‘lkalargacha kelgan.

O‘zbeklar va yaponlar orasida o‘xshash jihatlar ko‘p. Kattalarga izzat-hurmat, bolalarga mehr-shafqat ko‘rsatish, choy ichishni san'at darajasiga chiqarish shular jumlasidan. Bundan tashqari, bu ikki millatni o‘zbeklar sandal, tancha deydigan, yaponlar esa kotatsu deb ataydigan yana bir jihoz bog‘lab turadi.

Foto: www.booking.com

Kotatsuga ilk marta ko‘zi tushgan odam uning sandal bilan o‘zaro juda o‘xshashligiga amin bo‘ladi. Avval sandal paydo bo‘lganmi yoki kotatsumi, yaponlar bizlardan o‘rganganmi yoki teskarisimi – bu muhimmas. Muhimi, har ikki yurt odamlari bir-biridan uzoqda yashasa ham tarixan mushtarak aloqalar bo‘lgan.

Yurtimizning aksariyat hududlarida sandal yaqin-yaqingacha nafaqat qishloq joylarida, balki shaharliklar uchun ham qish faslida uy isitish vositasi sanalardi. Bugun ham ayrim hududlarda undan foydalanib kelishmoqda. Turli viloyatlarda zamonaviy moslamalar bilan uy isitadigan insonlar orasida ham xonaga sandal o‘rnatib, undagi olov taftida oyog‘ini toblab o‘tiradiganlar bor. Sandal ayniqsa keksa yoshdagi insonlar uchun jonning huzuri!

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Yaponiyada ham xuddi shunday. Yaponlar ham azaldan uylarni kotatsular bilan isitib kelgan. Keyinchalik bu mamlakat yuksak taraqqiy etganda ham yaponlarning aksariyati qish faslida uylarni kotatsu bilan isitishda davom etmoqda.

Foto: www.booking.com

Kotatsu ko‘rinishidan sandalning o‘zi. Uning sandaldan farqi shundaki, kotatsu hozirda sanoat usulida ishlab chiqariladi. Unga o‘tin cho‘g‘i solinmaydi, balki ixcham elektr pechlari o‘rnatiladi. So‘ng xuddi sandalga o‘xshab ustiga maxsus ko‘rpa yopiladi.

Foto: travel.goo.ne.jp
Foto: www.stejarmasiv.ro

Kotatsuning tarixi juda uzoq yillarga borib taqaladi. Yaponiya ancha iliq mamlakat hisoblanadi. Qish faslida mamlakat shimolida o‘rtacha havo harorati 0, -2, janubida esa +5 +10 daraja issiq bo‘ladi. Mamlakatdagi mo‘'tadil iqlim sababli yaponlar uylarni avvaldan yengil konstruksiyali qilib qurib kelishgan. Bunday uylar «qog‘oz uylar» deb atalgan.

O‘sha paytlarda yaponlar xona o‘rtasida maxsus to‘rtburchak joy qilib, unda olov yoqishgan. Ana shu olov bilan ular xonani isitishgan hamda tepasiga qozon osib ovqat pishirishgan. To‘rtburchak joyning nomini «irori» deb atashgan. Xona tutunga to‘lmasligi uchun irorida ko‘proq ko‘mir yoqishgan. Xona shiftida esa tutun chiqib ketadigan maxsus joy qilingan.

Foto: s.Japan.ru
Foto: hakone-tenmaku.com

Zamonlar o‘tib, yaponlar to‘rtburchak chuqur ustiga yog‘och moslama o‘rnatib, uning ustini maxsus tikilgan ko‘rpa bilan yopa boshlagan. Shu tariqa sandalga juda o‘xshash bo‘lgan kotatsu ommalashadi.

XX asrning ikkinchi yarmiga kelib, Yaponiyada qog‘oz uylar qurish urfdan qoladi. Iqtisodiy farovonlik tufayli qishloqlardagi uylarni odatiy devorlar bilan, shaharlarda esa ko‘p qavatli qilib tiklay boshlashadi. Shunday bo‘lsa ham uy isitishda kotatsularning roli pasaymaydi. Yaponiyaliklar kotatsularni sanoat usulida ishlab chiqara boshlaydi.

Foto: fishki.net
Foto: armlur.am

Yaponiya dunyodagi eng taraqqiy etgan mamlakatlardan biri hisoblansa-da, bu yerdagi aksariyat ko‘p qavatli uylarda markaziy isitish tizimi yo‘q. Iliq iqlim tufayli yaponlar unga ehtiyoj yo‘q deb hisoblashadi. Faqat mamlakat shimolida, qish fasli boshqa hududlarga qaraganda biroz sovuq bo‘ladigan Xokkaydo orolidagi ko‘p qavatli uylarda markaziy isitish tizimi bor.

Yaponiyada bugun aksariyat ko‘p qavatli va bir qavatli uylar individual tarzda isitiladi. Konditsioner va boshqa jihozlarda uy isitish Yaponiyada ancha qimmatga tushadi. Unchalik sovuq bo‘lmagan havoda kotatsu yordamida uy isitishga kamroq mablag‘ sarflanadi. Shu sababli uylarni isitishda aholining bir qismi konditsionerdan, boshqalar esa «yaponcha sandal» – kotatsudan foydalanadi.

Foto: www.stejarmasiv.ro

Kotatsu atrofida jam bo‘lib ovqatlanish, choyxo‘rlik qilib suhbatlashish, azaldan yapon oilalari uchun qadriyat hisoblangan. Bu qadriyat bugun ham zamonaviyroq ko‘rinishda davom etib kelyapti.

Foto: www.origamikiwi.com
Foto: casaclaudia.abril.com.br
Foto: travel.goo.ne.jp

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid
Top