23:07 / 10.12.2021
5965

Litva tashqi ishlar vaziri Belarus yuklari tranziti davom etayotgani sababli iste'foga chiqdi

8 dekabr kuni AQShning "Belaruskaliy"ga qarshi sanksiyalari kuchga kirdi. Bunga qaramasdan, ushbu kompaniya mahsulotlarining Litva orqali tranziti to‘xtamadi.

Foto: DELFI / Julius Kalinskas

Litvadagi hukmron konservativ partiya yetakchisi Gabrielyus Landsbergis AQSh sanksiyalariga qaramasdan Litva orqali Belarus yuklari tranziti davom etayotgani sababli tashqi ishlar vaziri lavozimidan iste'foga chiqish to‘g‘risida ariza yozdi.

U arizasini bosh vazir Ingrida Shimonitega jo‘natdi, deb ma'lum qildi hukumat rahbarining matbuot kotibi.

"AQSh sanksiyalari kiritilganidan keyin Litva orqali Belarus yuklarini tashish bilan bog‘liq qanday vaziyat vujudga kelganini ko‘rib turibman va bu siz rahbarlik qilayotgan Litva hukumati nufuziga qanday ta'sir qilishini tushunaman. Shu sababli iste'foga chiqish to‘g‘risidagi arizamni qabul qilishni va meni tashqi ishlar vaziri lavozimidan qisqa muddat ichida bo‘shatishingizni so‘rayman", – deya arizadan iqtibos keltiradi Delfi.

Landsbergis 9 dekabrda iste'foga chiqishga tayyorligini ma'lum qilgandi. Litva kommunikatsiyalar va transport vaziri Maryus Skuodis ham iste'fo berishga tayyorligini bildirdi.

8 dekabr kuni AQShning "Belaruskaliy"ga qarshi sanksiyalari kuchga kirdi. Bunga qaramasdan, ushbu kompaniya mahsulotlarining Litva orqali tranziti to‘xtamadi. "Belaruskaliy" noyabrda "Litva temir yo‘llari" xizmati uchun bo‘nak to‘lovi o‘tkazgan bo‘lib, bu mablag‘ dekabr, yanvar va fevral oyidagi xizmatlar uchun yetadi.

Lietuvos gelezinkeliai vakili Mantas Dubauskas yanvar va fevral uchun to‘lovlarni "Belaruskaliy"ga qaytarish yo‘llarini izlayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya 7 dekabr kuni Swedbank orqali pullarni qaytargan, ammo "Belaruskaliy"ga xizmat ko‘rsatuvchi VTB banki o‘tkazmani rad etgani uchun 8 dekabr kuni mablag‘lar Lietuvos gelezinkeliai hisobiga qaytib kelgan.

Dubauskas qaytarilgan mablag‘ miqdorini ma'lum qilmadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, ikki oylik xizmatlar uchun to‘lov 10 mln yevro atrofida bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid
Top