20:44 / 10.12.2021
7586
«Navbahor» Kanchelskis va Belenkov bilan bog‘liq masala ijobiy hal etilganini e'lon qildi 

Namanganning «Navbahor» klubi rossiyalik murabbiylar Andrey Kanchelskis va Aleksey Belenkov bilan bog‘liq muammolarga yechim topilganini e'lon qildi.

Foto: Tribuna.uz

«Navbahor» PFK hamda rossiyalik murabbiylar - Aleksey Belenkov va Andrey Kanchelskis bilan bog‘liq masala ijobiy yakun topdi. Har ikki tomon – ya'ni, klub va murabbiylar o‘zaro kelishuvga asosan, bir-biriga nisbatan hech qanday da'volari yo‘qligini bildirishdi. Bu borada yana batafsil ma'lumot beriladi», - deya yozadi klub matbuot xizmati.

Andrey Kanchelskis va Aleksey Belenkov 2019-2020 yilgi mavsumda «Navbahor» murabbiylar shtabida faoliyat olib borib, shartnomani bekor qilgan holda jamoani tark etgandi. 

Shundan so‘ng, FIFA Namanganning «Navbahor» klubiga rossiyalik mutaxassis Aleksey Belenkovga 520 ming AQSh dollari miqdorida, Andrey Kanchelskis foydasiga esa 1,6 million yevro tovon puli to‘lash majburiyatini yuklagandi. Oqibatda ushbu qarzdorlik sababli Namangan klubi OFK litsenziyasini ololmagandi. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Andrey Kanchelskis 1,6 million yevro tovon puli masalasida unga tahdid bo‘lgani, ushbu mablag‘ o‘rniga 80 ming yevroga rozi bo‘lmasa unga tan jarohati yetkazishlari haqida noma'lum kimsalar tomonidan tahdid qilingani aytilgandi.

Top