18:59 / 10.12.2021
5938
Pentagon Afg‘onistonda «Al-Qoida» jangarilari soni ko‘payganini bildirdi

AQSh generalining so‘zlariga ko‘ra, chegaralarning ishonchli tarzda qo‘riqlanmasligi «Al-Qoida» jangarilariga Afg‘onistonga qaytishga imkon bermoqda.

Foto: Rahmat Gul/AP

Afg‘onistonda avgust oxiridan buyon «Al-Qoida» terrorchilik tashkiloti jangarilari soni oshdi. Bu haqda AQSh markaziy qo‘mondonligi rahbari, general Kennet Makkenzi Associated Press agentligiga bergan intervyusida aytdi.

«Ularning soni ancha oshdi deb o‘ylayman. Biz ularning soni kamaydi deb taxmin qilgandik. Ayrimlar Afg‘onistonga qaytdi deb o‘ylayman. Hozircha ularning aniq sonini aytishga tayyor emasman», — dedi u.

Generalning qo‘shimcha qilishicha, chegaralarning ishonchli tarzda qo‘riqlanmasligi «Al-Qoida» jangarilariga Afg‘onistonga qaytishga imkon bermoqda.

«Biz ‘Tolibon’ ‘Al-Qoida’ga nisbatan keskin pozitsiyaga ega bo‘lishini istardik. Hozircha ‘Tolibon’ ularga nisbatan qanday harakat qilishini aniqlashga urinyapmiz», — dedi Makkenzi.

Uning aytishicha, Afg‘onistonda «IShID» terrorchilik guruhi ham faollashmoqda.

Toliblar va IShID bir-biriga dushman, ammo «Tolibon» uchun katta muammoni «Al-Qoida» keltirib chiqaradi, deb hisoblaydi Makkenzi.

Mavzuga oid
Top