07:33 / 10.12.2021
13940

«Yangi O‘zbekiston» massivlari qurilishi uchun 992 gektar yer maydoni tanlab olindi

O‘zbekiston hududlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi uchun 992 gektar yer maydoni tanlab olindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: UzA

Qurilish vazirligining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 2022 yilda uy-joylar qurish dasturi loyihasi ishlab chiqildi. Bunda, Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida barpo etilgan “Muruvvat” massivi namunasi asosida barcha hududlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish ko‘zda tutilmoqda.

Hokimliklar bilan birgalikda 30 ta massiv uchun 992 gektar yer maydoni tanlab olingan. Ularda ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha, bozor infratuzilmasi va muhandislik obektlarini joylashtirish bo‘yicha bosh reja loyihalari ishlab chiqildi.

Mazkur loyihaga ko‘ra, kelgusi yilda 2 ming 191 ta uylar jumladan, 56 ming xonadon, 27 ta maktab, 40 ta bog‘cha, 25 ta oilaviy poliklinika va 120 dan ortiq savdo-maishiy xizmat majmuasi qurish ko‘zda tutilmoqda.

“Bugungi kunda tegishli farmon loyihasi bilan yer ajratish, bosh reja va loyihalarni ishlab chiqish, buyurtmachi va pudratchilarni aniqlash, moliyalashtirish, ipoteka kreditlarini ajratish, metall va sement bilan ta’minlash, muhandislik kommunikatsiyalari va infratuzilma obektlarini qurish masalalari hal etilmoqda.

Bundan tashqari, har bir hududning tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqib, massivlarda daraxtlar ekish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududlarda quriladigan ko‘p qavatli uylarning 9 tipdagi energiya samarador namunaviy loyihalari ishlab chiqilgan. Ayni vaqtda yanada tejamkor va arzon uylar bo‘yicha namunaviy loyihalar tayyorlanyapti”, deyiladi xabarda.

Uylar qurilishida reytingi 3 ta “S”dan yuqori pudrat tashkilotlari ishtirok etadi. Bugungi kunda bu kabi pudrat tashkilotlari soni 4 ming 876 tani tashkil etadi. Ya’ni, rejadagi uylar qurilishi uchun qurilish quvvatlari va imkoniyatlari yetarli. Uylar qurilishida mahalliy qurilish materiallaridan foydalanish, issiqlik tejovchi qoplamalar va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash ta’minlanadi. Buning uchun qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar bilan ham ishlanmoqda. Kelgusida ushbu ishlarni industriya darajasiga ko‘tarib, uy-joy qurilishi klasterlarini tashkil etish bo‘yicha ham ishlanmoqda.

– Dastlabki bosqichda Toshkent shahri, Farg‘ona, Navoiy, Samarqand va Toshkent viloyatlarida klasterlarni tashkil qilish maqsadga muvofiq, deydi qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Odilov. – Chunki mazkur hududlarda yetarlicha miqdorda pudrat tashkilotlari, loyiha institutlari, ishlab chiqarish korxonalari, xomashyo bazasi va infratuzilma mavjud. Dastur ijrosini to‘liq ta’minlash, uylarni sifatli qurish va massivlarni kompleks barpo etish bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi. Bu sharoit va imkoniyatlar yaratilib, muammolar hal etilgan.

Mavzuga oid
Top