07:30 / 11.12.2021
11837
Davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi loyihasi e'lon qilindi
Foto: iStock

“Davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi  Oliy Majlis palatalarining qarori loyihasi e'lon qilindi.

Odob-axloq kodeksi loyihasi 6 ta bob va 53 ta moddadan iborat bo‘lib, davlat xizmatchilarining davlat organi va tashkiloti zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda rioya qilishi lozim bo‘lgan talablarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Ular quyidagi asosiy yo‘nalishlarni belgilaydi: davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalarining qo‘llanish sohasi, asosiy tamoyillari, davlat xizmatining tushunchasi va turlari, davlat xizmatchilari va o‘zlarining turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish majburiyatlari.

Kodeksda birinchi bor davlat xizmatchisi tushunchasiga quyidagicha ta'rif berilmoqda – doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud davlat tashkilotida (davlat ishtirokidagi tashkilot bundan mustasno) tashkiliy-boshqaruv, ma'muriy-xo‘jalik vazifalarini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirishga vakolat berilgan shaxs hamda mehnat shartnoma (kontrakt) asosida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqaruv xodimi.

Kodeks bilan davlat xizmati uch turga bo‘linmoqda:

  • davlat siyosiy xizmati – ichki va tashqi siyosatni belgilash hamda siyosiy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bilan bog‘liq davlat hokimiyati vakillik organiga saylanadigan va O‘zbekiston prezidentining nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to‘lanadigan kasbiy xizmat faoliyati bo‘lgan davlat xizmatining bir turi (Oliy Majlis deputat va senatorlari, mahalliy xalq deputatlari Kengashi deputatlari, O‘zbekiston prezidentining administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasining nomenklaturalariga kiradigan lavozimlar);
  • davlat fuqarolik xizmati – O‘zbekiston fuqarolarining davlat organlaridagi davlat fuqarolik lavozimlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to‘lanadigan kasbiy faoliyatini nazarda tutuvchi davlat xizmatining bir turi;
  • davlat maxsus xizmati – O‘zbekiston Qurolli Kuchlaridagi harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi hamda sud organlaridagi yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to‘lanadigan kasbiy faoliyatini nazarda tutuvchi davlat xizmatining bir turi.

Shuningdek, sohaning quyidagi asosiy prinsiplari belgilanmoqda: qonuniylik; adolatlilik; fuqarolarning huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlari ustuvorligi; vatanparvarlik va xizmat burchiga fidoyilik; davlat va jamiyat manfaatlariga sadoqat; halollik; xolislik; ochiqlik; korrupsiyaga qarshi toqatsizlik; professionallik va layoqatlilik; samaradorlik va tejamkorlik.

Fuqarolar tomonidan davlat xizmatchisining kodeksda belgilangan talablarga rioya qilmaslik holati hamda korrupsiyaga oid xatti-harakatlari yuzasidan murojaat va xabarlarni aloqa kanallari orqali qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibi belgilanmoqda.

Shuningdek, odob-axloq qoidalari buzilganligi to‘g‘risida xabar bergan shaxslarning daxlsizligi ta'minlanib, ularning ta'qib qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi belgilanmoqda.

Mavzuga oid
Top