23:49 / 11.12.2021
35953
Nazarboyev SSSR parchalanishi sabablarini aytdi

Nursulton Nazarboyevning so‘zlariga ko‘ra, SSSRning so‘nggi kunlarida kelib, «qayta qurish va demokratlashtirishni e'lon qilgan yangi rahbariyat yetarlicha irodaga ega emasdi».

Foto: Picture Alliance/DPA

SSSR tarqalishining sabablari bir nechta, ulardan biri – hukumat olib borgan iqtisodiy siyosat, dedi Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev «Rossiya 24» kanali efirida.

«Sotsialistik, totalitar, ma'muriy iqtisodiyot o‘z resurslarini tugatib bo‘lgandi. Iqtisodiy blok rahbariyati buni vaqtida sezishi va iqtisodiyotni boshqarishda o‘zgarishlar qilishi kerak edi, ammo bunday qilinmadi. Barcha resurslar tugab bordi, biz birinchi navbatda iqtisodiy tanazzulga yaqinlashdik», — dedi u.

Nazarboyevning so‘zlariga ko‘ra, SSSRning so‘nggi kunlarida kelib, «qayta qurish va demokratlashtirishni e'lon qilgan yangi rahbariyat yetarlicha irodaga ega emasdi».

«So‘ngra obektiv omillar – esingizdami, Vilnyusda, Boltiqbo‘yida ko‘tarilishlar boshlandi», — dedi Nazarboyev 1991 yilda Litva mustaqillik e'lon qilganidan so‘ng Vilnyusda harbiylar va xalq o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni nazarda tutib.

«Va sovet ittifoqi rahbariyatidan hech kim, jumladan, SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov ham u yerda nima bo‘lganini tushuntirmadi», — deya qo‘shimcha qildi Qozog‘istonning sobiq prezidenti.

Uning fikricha, bu Boltiqbo‘yi respublikalarining ittifoqdan yuz o‘girishiga sabab bo‘ldi. 

Nihoyat, Nazarboyevning so‘zlariga ko‘ra, RSFSRning davlat suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qilishi «barchaga mustaqillik e'lon qilishi mumkinligi borasida signal bo‘lgan».

«Barcha omillar SSSR yo‘q bo‘lishiga olib keldi», — dedi u.

Mavzuga oid
Top