10:17 / 11.12.2021
7723
Termiz davlat universiteti hududida talabalar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv ro‘y berdi
Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Termiz davlat universiteti Fizika-matematika fakulteti hovlisida talabalar ommaviy mushtlashgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Xabar yuzasidan TerDU matbuot kotibi munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, 2021 yil 9 dekabr kuni soat 12:50 larda, tanaffus vaqtida Termiz davlat universitetining fizika-matematika fakulteti binosi oldida matematika ta'lim yo‘nalishi 3-bosqich talabasi D.A. va 1-bosqich talabasi H.A. lar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan.

Oqibatda kelishmovchilik mushtlashuvga aylanadi. D.A. hovli tomonga qochgan H.A.ni bir musht tushiradi. Janjalni ko‘rib bir guruh talabalar o‘sha joyga yig‘ilishgan.

Shundan so‘ng, voqea joyiga profilaktika inspektori Dilshod Yusupov, universitet rahbariyati, fakultet dekani va mas'ullar kelib, ular bilan voqea yuzasidan o‘rganishlar olib borilgan. Talabalar o‘zaro yarashib olishgan. Fakultet miqyosida talabalar o‘rtasida holat muhokama qilinib, tegishli choralar ko‘rilgan.

Qayd etilishicha, hozirda hodisa yuzasidan Termiz shahar 1-sonli IIB \ surishtiruv ishlari olib bormoqda.

Top