13:59 / 11.12.2021
43331
Yer to‘g‘risida ishonish qiyin bo‘lgan 6ta g‘aroyib fakt

Maqolada uranni yutib yuboruvchi mikroorganizmlar, sayyora yadrosidagi oltin zaxirasi va qurbaqa yomg‘irlari to‘g‘risida so‘z boradi.

Foto: Pixabay

1. Radioaktiv uran va neft bilan nafas oluvchi bakteriyalar mavjud.

Odatda “radiatsiya” so‘zini eshitganda ko‘pchilik ko‘zga ko‘rinmas, unga tegib ketgan barcha narsani o‘ldiradigan kuchni tasavvur qiladi. Aslida shunday organizmlar borki, ular ionlashtiruvchi nurlanishni o‘z foydasi yo‘lida qo‘llaydi.

Foto: Clemens van Lay / Unsplash

Masalan, AQShning Kolorado shtati Rifle shaharchasidagi eski konda radioaktiv uranni qandaydir yo‘l bilan o‘zlashtiradigan Geobacter betaproteobakteriya shtammi aniqlandi. U uranni o‘zining metabolik reaksiyalarida odamlar kisloroddan foydalangan tarzda qo‘llaydi. Ya'ni u tom ma'noda uran bilan nafas oladi. Nazariy jihatdan bakteriyalar moddani inert va zararsiz qilib, shu tarzda radioaktiv chiqindilarni tozalaydi. Shu tariqa katta foyda keltirishi mumkin. Bundan tashqari, Geobacter’ning boshqa turlari ham bor. Ular neft birikmalari va temir oksidlari, ya'ni zangni yeydi.

Umuman olganda, agar insoniyat o‘zining o‘ylamay qilgan harakatlari bilan Yer ekotizimiga zarar keltiradi va barcha tirik jonzotlar qirilib ketadi deb o‘ylasangiz, bilingki, xavotirlanishga o‘rin yo‘q.

Hatto sayyora butunlay radioaktiv yomg‘ir va neft mahsulotlari bilan qoplansa ham, Yerdagi hayot Geobacter ko‘rinishida saqlanib qoladi. Ular esa ko‘p hujayrali organizmlarga aylanib, oyoqqa turadi va g‘ildirak ixtiro qiladi.

2. Ba'zida Yerga qurbaqa va baliq yomg‘iri yog‘adi

Foto: Adam Currie / Unsplash

Ko‘pincha osmondan Yerga turli narsalar tushadi. Odatda bu suv bo‘ladi. Shunday vaqtlar ham bo‘ladiki, odamlar boshiga g‘aroyib obektlar yog‘iladi. Gap faqat meteoritlar haqida emas. Masalan, 2005 yilda Serbiyada bulutlar mayda qurbaqalar yomg‘irini olib keldi. Shunga o‘xshash holat 2007 yilda Ispaniyaning Alikante provinsiyasida yuz berdi. Meteorologik kuzatuvlar tarixida baliq, krevetka va qarg‘a yomg‘iri ham kuzatilgan.

Biroq shu turdagi dahshatli kataklizm 2007 yilda Argentinaning Salta provinsiyasida yuz berdi. U yerda o‘rgimchak yomg‘iri yog‘gandi.

Kimdir bunday voqeaga guvoh bo‘lgach, uni duoyi bad deb hisoblaydi. Aslida bunday hodisalarni ilmiy nuqtayi nazaridan tushuntirish mumkin. Vaqti-vaqti bilan kuchli tornadolar havoga turli narsalarni olib chiqib, bir necha o‘n kilometrga olib ketadi, keyin esa o‘sha narsalar yerga tushadi. Odatda bu yong‘oq, urug‘, tosh yoki tuzga o‘xshash jonsiz narsalar bo‘ladi. Biroq ayrim vaqtlarda shamol turli mayda jonivorlar, qushlar va hasharotlarni ham havoga olib chiqadi.

Baxsiz jonzotlar havo harorati past bo‘lgan atmosfera qatlamlarigacha juda balandga ko‘tarilganida yerga muzlagan holda tushishi holatlari ham bo‘ladi. Biroq ko‘pincha qushlar va suv jonzotlari omon qoladi, hushiga kelib, yangi manzillarni o‘zlashtiradi.

3. Stromboli vulqoni 13 ming yil davomida uzluksiz otiladi

Foto: Steven W. Dengler / Wikimedia Commons

Vulqon otilishi odatda halokatli, kamdan kam uchraydigan va qisqa muddatli hodisa sifatida qabul qilinadi. Tog‘ hech kimga xalaqit qilmagan holda turadi, keyin esa portlaydi va butun bir boshli Pompeylarni Yer yuzidan yo‘q qiladi. Biroq shunday vulqonlar ham bo‘ladiki, ular uchun doimiy ravishda, to‘xtamasdan otilish odatiy hol.

Masalan, Sitsiliyadan shimolda Stromboli orolida joylashgan vulqon mana 13 ming yildirki, uzluksiz ravishda lava, kul va gaz chiqaradi. 15-20 daqiqalik tanaffus bilan portlaydi va balandligi bir necha yuz metr bo‘lgan lava va kul chiqaradi. Uning qip-qizil nuri qorong‘ilikda uzoq kilometrdan ham ko‘rinib turgani uchun “O‘rtayer dengizi mayog‘i” deb ataladi.

Aqlsizlik bo‘lib tuyulishi mumkin, biroq vulqon etagidagi orolda odamlar yashaydi. Haqiqiy halokatli otilish bu yerda kam kuzatiladi. So‘nggi ana shunday vulqon otilishi 1930 yilda bo‘lgan va ko‘chkilar, toshlar qulashi, bir necha uylar buzilishi va kamida olti nafar kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. 2002 yilda ham yana shunday holat bo‘lgani sababli aholini evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan. Shunga qaramay, orol aholisi o‘z uylariga yana qaytib kelgan.

4. Sayyoramiz oltin zaxirasining 99 foizi uning yadrosida yashiringan

Foto: Jingming Pan / Unsplash

Oltin noyob metall bo‘lgani uchun qimmat. Oltin konlarini topish uchun geologlar ko‘p vaqt va kuch sarflaydi. Biroq ular konlarni haqiqatan ham chuqurroq kovlay olishganida va erigan jinslarni ajratib olishganida qimmatbaho metallning ko‘proq miqdori ixtiyorimizda bo‘lardi.

Bristol universiteti tadqiqotchilari sayyoramizda mavjud oltin va platinaning katta qismi uning qobig‘ida emas, balki eng chuqurlikda, yadroning yonida ekanini aniqlashdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u yerda kamida 1,6 kvadrillion (bu 15ta nolli son) sariq oltin mavjud. Agar yadrodan oltin va platina ololganimizda sayyora yuzasi to‘rt metr balandlikdagi qatlam bilan qoplangan bo‘lardi.

Ancha oldin, taxminan 4,5 mlrd yil muqaddam, Yer endigina shakllanganida u suyuq holda bo‘lgan. Barcha oltin yadro va uning atrofidagi qobiqqa oqib ketgan. Keyin esa sayyora sovigan va eng qattiq silikon sharga aylangan.

Taxminan 3,9 mlrd yil avval sayyora asteroid zarbasiga uchradi. Oy ham bundan o‘z ulushini oldi. Shuning uchun u hali ham kraterlar bilan qoplangan. Aynan shu asteroidlar Yerga biz foydalanadigan oltinni olib keldi. Ya'ni bezaklarimiz tom ma'noda boshqa sayyoradan kelib chiqqan.

Biroq sayyoramizda ayrim konlardagi oltin meteorit emas, o‘zimizniki. Masalan, Argentinada joylashgan Deseado tog‘ massivi. U yerda sayyora mantiyasi jinslari harakati metallarni Yer yuzasiga yaqinroq joyga tashlagan.

5. Yerning magnit qutblari vaqti-vaqti bilan o‘zgaradi

Foto: Jordan Madrid / Unsplash

Ha, aynan shunday. Vaqti-vaqti bilan sayyoramiz magnit maydonining qutbi o‘zgaradi. Aytaylik, qo‘lingizga kompas berib, sizni o‘tmishga 800 ming yil oldinga yuborishsa, uning mili shimolni emas, janubni ko‘rsatgan bo‘lardi. Ekvatorni izlaysiz, aslida esa Shimoliy muz okeaniga kelgan bo‘lasiz.

Bu hodisa Yer magnit maydonining inversiyasi deb nomlanadi. Jarayon tasodifan sodir bo‘ladi, sababi esa hozircha noma'lum. Biroq inversiya bir zumda yuz bermaydi – bunga o‘rtacha yuz ming yil ketadi. So‘nggi 83 million yilda qutblar taxminan 183 marta o‘zgargan.

Jarayon ommaviy qirilib ketishlar bilan bog‘liq degan gipotezalar mavjud. Axir qutblar o‘zgarishi vaqtida Yerga kosmik radiatsiya ko‘proq tushadi.

Umuman olganda, bu faqat taxminlar, xolos. Qirilib ketishlar va Yer magnit maydonining statistik bog‘liqligi topilmagan.

Bu sayyoraning oyog‘i osmondan bo‘lishini anglatmaydi. Agar shunday hodisa yuz bersa, kompaslar sinishiga qaraganda jiddiyroq muammolar yuzaga kelgan bo‘lardi. Masalan, aylanish atmosfera havosini chiqarib yuborardi. Biroq bunday holat esa yuz berishi mumkin emas.

6. Yerdagi viruslar fazodagi yulduzlardan ko‘ra ko‘proq

Foto: CDC / Unsplash

G‘aroyib jihati yo‘q, tafakkur qilish uchun qiziqarli raqam, xolos. Agar Yerni odamlar boshqaradi deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Biz sayyoraning haqiqiy xo‘jayinlari bilan taqqoslaganda son jihatidan kamchilik qatoridamiz.

Gap shundaki, Yerda qariyb 19 nonillion (bu 30ta nol soniga ega raqam) muayyan virus bor. Ular biz ko‘rgan fazodagi yulduzlardan 100 million marta ko‘p.

Butun Yer yuzidan yig‘ilgan OITS virusi osh qoshiqqa jo bo‘ladi. Odam tanasida yashaydigan ana shu kabi mikroorganizmlar bir necha o‘n neft bochkasini egallaydi.

Umuman olganda, sayyoradan yig‘ilgan barcha viruslar kichik tog‘ni tashkil etadi.

Layfxaker saytidan olindi.

Mavzuga oid
Top