18:45 / 12.12.2021
12498
«Parda ortida»gi parlament muhokamasi - blogerlarning hafta mavzulari

Yakunlangan hafta ham o‘zbek blogosferasining qizg‘in muhokamalariga boy bo‘ldi. Kun.uz blogerlarning hafta mavzularini to‘pladi.

Yolg‘on: Nega deputatlar va MTRK prezident qarorini pisand qilmayapti?

10 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisidan jonli efir bor-yo‘g‘i 48 daqiqa davom etdi. Deputatlar muhim qonun loyihalari muhokamasi va amaldorlarning eshituvini doimgidek «pardalar orti»da o‘tkazishdi.

Blogerlar bu holatni keskin tanqid qildi. Davletovuz’ning «Yolg‘on» sarlavhali posti 100 ming martadan ziyod ko‘rildi.

«Parlament quyi palatasining yalpi majlisi to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga bor-yo‘g‘i 48 minut ketdi. Unda biror-bir masala ko‘rilmadi, balki balandparvoz gaplar, paxtalar yangradi. Gimn maqtaldi, inson huquqlari maqtaldi, korrupsiya maqtaldi va 48:48 daqiqada efir uzildi. Telekanalda ketmasa, internetda ketaverishi kerak edi, ammo unday bo‘lmadi.

Vaholanki, deputatlar jiddiy masalalarni ko‘rishi kerak edi. Masalan, davlat organlari shaffofligini ta'minlashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha parlament so‘roviga moliya vaziri Timur Ishmetovning javobi, yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonun haqida yana filtrlangan axborot o‘qishga majbur bo‘lamiz.

Parlament prezident farmonini ijro etmayapti. Deputatlar saylovchilarni aldayapti», deb yozdi bloger.

Bu postni deputatlar Rasul Kusherbayev va Doniyor G‘aniyev ham o‘z kanalida ulashdi.

Bloger va huquqshunos Bahodir Ahmedov yalpi majlislarning yoritilishi bitta kanalga qarab qolganiga e'tibor qaratdi.

«Parlament jonli efir to‘xtatilganini «O‘zreportTV» bilan bog‘labdi.

Nahot butun boshli davlatning qonun chiqaruvchi vakillik organidagi yig‘ilishlarni yoritish bitta xususiy telekanalga qarab qolgan bo‘lsa... Hech bo‘lmasa internetda ko‘rsatadigan o‘zining resursi bo‘lmasa?..

O‘z resursi bo‘lmasa, MTRK bor-ku? Budjet loyihasida 560 mlrd so‘mdan ko‘proq pul beriladigan tashkilot nima qilyapti?

U ham bo‘lmasa, O‘zA bor. U ham jim. Jonli efirda YouTube, Facebook orqali ma'lumot uzatib turilsa ham bo‘ladi-ku? Davlatning piarchisi shu ikkala tashkilot bo‘lishi kerak emasmi o‘zi?» deb yozdi u.

Bloger aslida deputatlar emas, MTRK prezident qarorini bajarmayotganini ta'kidlagan.

«Parlament prezident farmonini bajarishi haqidagi gaplar qonunan absurd narsa. Parlament palatalari qarorlari prezident farmonidan yuqori turuvchi normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. Bu yerda farmon ijrosini amalga oshirmayapti deb MTRK aytilishi kerak.

Gap bu yerda de-yure masala haqida ketmoqda. Amaldagi de-fakto vaziyat haqida emas». 

O‘zbekiston elektr energiya eng arzon davlatlar ro‘yxatida. Bu yomon, juda yomon

Iqtisodchi Otabek Bakirov nega mamlakatda elektr energiya arzon bo‘lishi yomonligiga e'tibor qaratdi.

«O‘zbek OAVlari Britaniyaning Cable portali ma'lumotlari asosida eng arzon elektr energiyaga ega davlatlar reytingida O‘zbekiston 7-o‘rinni egallaganiga e'tibor qaratishdi. Negadir o‘quvchilar orasida va sharhlarda bu ma'lumot ijobiy kontekstda qabul qilindi. Aslida teskarisi bo‘lishi kerak edi.

Keling, ro‘yxatga qaraymiz. Oson bo‘lishi uchun elektr energiya bizdan ham arzon mamlakatlarga ko‘z yugurtiramiz. Ro‘yxatni Liviya boshqarib turibdi. Urush va o‘zaro nizolar girdobida qolgan, markaziy hukumati faqat poytaxtni nazorat qiladigan Liviya. Elektr energiya 0,7 sent (75 so‘m). Elektr iste'moli bo‘yicha oxirgi ma'lumotlar 2014 yilga tegishli: jon boshiga 1,8 ming kVt/soat.

Keyingi o‘rinda Angola. Dunyoning eng qashshoq davlatlaridan. Elektr energiya 1,3 sent (140 so‘m). Jon boshiga 300 kVt/soat energiya iste'mol qilinadi.

Uchinchi o‘rinda Sudan. Parchalanib ketgan mamlakat. Elektr energiya 1,4 sent (145 so‘m). Jon boshiga 190 kVt/soat elektr ishlatiladi.

Bizdan yuqori o‘rinlarni egallagan Qirg‘iziston, Tojikiston va Zimbabve ham jon boshiga YaIMda, ham elektr iste'molida bizdan ortda qolgan. Ma'lumot uchun, jon boshiga YaIM O‘zbekistonda 1700 dollar, jon boshiga elektr iste'moli esa 2 ming kVt/soat atrofida», deydi u.

Iqtisodchi O‘zbekiston eng qashshoq davlatlar ro‘yxatida ekanini ta'kidlab, arzon energiya qanday oqibatlarga olib kelishiga to‘xtaldi.

«Elektr energiyaning arzonligi mamlakatda energiya generatsiyasini rag‘batlantirmaydi. Biror investor energiya generatsiyasini oshirib daromad topishdan manfaatdor bo‘lmaydi. Tabiiyki, iqtisodiy o‘sish ham bo‘lmaydi. Elektr iste'moli eng past darajada qolaveradi.

Zanjir aylanib-aylanib shunday vaziyat yuzaga keladiki, elektr arzon, kerak bo‘lsa dunyoda eng arzon, lekin o‘sha elektrning o‘zi bo‘lmaydi. Energiya generatsiyasini oshirish uchun tariflarni dunyoda eng qimmat darajaga olib chiqish shart emas. Lekin o‘zaro raqobatlashadigan va mintaqaviy davlatlarga nisbatan qimmatroq afzallik yaratilishi kerak.

Masalan, elektr Qozog‘iston, Rossiya va Ozarboyjonda O‘zbekistondan 1,5-2 barobar qimmatroq. Vaholanki, sanalgan mamlakatlar energiya generatsiyasi uchun bizdan ko‘ra ko‘proq tabiiy resurslarga ega. O‘z-o‘zidan investorlar energiya generatsiyasi loyihalari uchun O‘zbekistonni tanlashi qiyin bo‘ladi.

Shu o‘rinda yana bir jihatga e'tibor qaratmasa bo‘lmaydi. Elektr energiya arzonligidan kambag‘allar emas, boy qatlamlar manfaatdor bo‘ladi. Ya'ni arzon, nobozor elektr energiya ijtimoiy tengsizlikni yanada kuchaytiradi.

Hozir shu satrlarni Toshkentda o‘tirib yozayotganda, balki bozor qiymati 350 so‘m bo‘lgan elektrni 295 so‘mdan ishlatib foydalanmoqdaman. Ya'ni kamida 55 so‘mdan subsidiya olmoqdaman. Lekin qishloqda qolgan qo‘li kalta do‘stim, imkoniyati cheklangan qarindoshim yo o‘quvchi jiyanlarim chirog‘i o‘chgan qorong‘i uyda o‘tirishga majbur. Endi buni mamlakat miqyosida o‘zingiz tasavvur qiling.

Sveti o‘chmaydigan yopiq mahallada, saroyda yashaydigan, oyiga 10 ming kilovat elektr ishlatadigan milliarderga davlat turli kanallar orqali oyiga 550 ming subsidiya bermoqda. Solishtirish uchun: Ish staji bo‘lmagan nafaqaxo‘rlarning nafaqasi ham shuncha emas. Ya'ni arzon elektr tariflari bilan biz kambag‘allarni jazolab, boylarni rag‘batlantiryapmiz.

Shunday ekan elektr masalasida ochiq bozor va erkin narxlar platformasiga qancha tez o‘tsak, shuncha yaxshi. Iqtisodiy o‘sish uchun ham, ijtimoiy tenglik uchun ham», deydi iqtisodchi.

Uning fikrlarini «Zametki ekonomista» kanali muallifi, iqtisodchi Botir Qobilov davom ettirib, elektr energiya arzonligidan kambag‘allar emas, boy qatlamlar manfaatdor bo‘lishi haqida yozdi.

«2020 yilning o‘zida O‘zbekistonda energiya subsidiyasi uchun YaIMning 6.6 foiz ulushiga teng mablag‘ ishlatilgan. Faqat Venesuela (6.8 foiz) va Liviyada (15.1 foiz) bu ko‘rsatkich ko‘proq. Agar kishi boshiga chaqsak, 2020 yilda har bir insonga 112 dollar subsidiya to‘g‘ri kelgan ekan. Agar bizdan ancha boyroq mamlakatlarga solishtirsak, bu juda ko‘p, masalan Rossiyada 101 dollar, Indoneziyada 25, Malayziyada 3 va Koreyada esa kishi boshiga 1 dollar subsidiya.

Boshqa kontekstlarga ham tegishli xulosa shundaki, narxlar erkin shakllanmaydigan, raqobat va ochiq bozor mavjud bo‘lmagan vaziyatda sizga qandaydir narsa arzon bo‘lib tuyilsa, katta ehtimol bilan uning ortida katta subsidiya bor», degan Botir Qobilov.

Top