20:01 / 12.12.2021
20812

Zoyir Mirzayev Nurafshonda 34,4 mlrd so‘mga haykal va kutubxona qurish loyihasini bekor qildi

Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining sobiq hokimi Davron Hidoyatovning Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish hamda Nurafshon Business City hududida zamonaviy kutubxona binosi qurilishi nazarda tutilgan farmoyishini bekor qildi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning tegishli farmoyishi bilan viloyat mahalliy budjetining 2021-yil III chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan, viloyat hokimining 2021 yil noyabr oyidagi farmoyishiga muvofiq ajratilgan 34 milliard 400 million so‘m mablag‘ viloyat mahalliy budjetiga tiklangan holda — viloyatdagi nogironligi bo‘lgan, kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning uy-joylarini ta'mirlash uchun viloyat «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga o‘tkazib berish maqsadida viloyat hokimligiga 1 milliard 650 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Bunda, Toshkent viloyati hokimining 2021 yil 3 noyabrdagi 179-10-0-F/21-sonli (Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish hamda Nurafshon Business City hududida zamonaviy kutubxona binosi qurilishi to‘g‘risidagi) farmoyishi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Eslatib o‘tamiz, shu yilning noyabr oyida Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati rahbarligiga olib kelingan, viloyatni yil boshidan buyon boshqarib kelgan Davron Hidoyatov esa viloyatdagi Chirchiq shahri hokimligiga tushirilgandi. 

Undan avvalroq Hidoyatovning tashabbusi bilan viloyat markazi Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova sharafiga haykal va istirohat bog‘i qurish uchun 28 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani tanqidlarga sabab bo‘lgandi.

Mavzuga oid
Top