22:08 / 13.12.2021
3668
Koronavirus: Isroilda bemorlarning yarmi bolalar, JSST buster dozalarga shoshilmaslikka chaqirdi

Isroilda yangi kasallanish holatlarining yarmidan ko‘pi 11 va undan kichik yoshdagi bolalarga to‘g‘ri kelmoqda. Buyuk Britaniya sog‘liqni vaziri majburiy emlashni axloqiy emas deb atadi. JSST esa vaksina barchaga yetarli bo‘lishi uchun Yevropa mamlakatlaridan buster dozalarga shoshilmaslikni so‘radi.

Isroil: kasallanganlarning yarmi – bolalar 

Isroilda yangi kasallanish holatlari so‘nggi olti haftada eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Shu bilan birga, kasallanishlarning yarmidan ortig‘i bolalar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Isroilda yangi kasallanish holatlarining katta qismi bolalarga to‘g‘ri kelmoqda

8 dekabr kuni bu mamlakatda 786ta yangi kasallanish holati qayd etildi. Bu 25 oktyabrdan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. O‘shanda kasallik 929 kishida aniqlangandi.

Mamlakatdagi 5 971 nafar kasallanganlarning 14 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etmoqda. Qolganlar, ya’ni 38 foizi – 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Ularga noyabr oyida ilk vaksinani qilish boshlangan, biroq ular ham ham to‘liq emlangan deb hisoblanmaydi. Chunki vaksina olinganidan beri yetarlicha vaqt o‘tmadi.

R koeffitsiyent – koronavirus tashuvchisidan virusni yuqtirgan odamlar o‘rtacha soni - 1,09gacha o‘sdi. Bu esa yuqtirish holatlari o‘sayotganini anglatadi.

Bu raqamlar joriy haftada yuz minglab isroillik o‘quvchilar Xanuka bayramidan maktabga qaytganidan keyin kuzatildi. Barcha maktabgacha yoshdagi bolalar va 1-6-sinf o‘quvchilari sinfga ekspress testning manfiy natijasi bilan kelishlari kerak edi. Kasallikni yuqtirish holatlari ortishiga qaramay, Isroilda o‘lim ko‘rsatkichi o‘smayapti. So‘nggi haftalarda koronavirus asoratlaridan sakkiz kishi vafot etdi.

Kasallanish holatlari ko‘payayotgani munosabati bilan bosh vazir Naftali Bennett emlanmagan isroilliklarga nisbatan cheklovlar joriy etilishi haqida ma’lum qildi.

U «Yashil ruxsatnoma» – olti oydan kamroq vaqt oldin to‘liq emlanganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi bo‘lmagan odamlar istisno tarzda oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalardan tashqari, boshqa jamoat joylariga bora olmasliklarini joriy etishni taklif etdi.

Bundan tashqari, Bennet Ben-Gurion nomidagi xalqaro aeroportni to‘liq yopish taklifini bildirdi. Biroq hukumat a’zolari ushbu cheklovlarni asossiz deb atashdi.

Cheklovlarni joriy etish uchun Bennet ana shu qadamlar zarur ekanini isbotlashi kerak. Ana shundan keyingina Oliy sud ularni joriy etishni ma’qullashi mumkin.

JSST: busterlarga shoshilish mamlakatlar uchun vaksinalardan foydalanish tengsizligini kuchaytiradi

JSST boy mamlakatlardan xudbin bo‘lmaslik va uchinchi vaksinaga shoshilmaslikni so‘radi. Chunki ayrimlarda hatto birinchi doza ham yo‘q

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti omikron variantidan saqlanishda to‘liq emlanganlar uchun vaksinaning buster dozalari zarur ekani hali ham noaniqligicha qolayotganini ma’lum qildi hamda boy mamlakatlarni vaksinalardan foydalanish bo‘yicha tengsizlikni oshirmaslik uchun ularni sarflashga shoshilmaslikka chaqirdi.

«Omikronga bog‘liq vaziyat qanday bo‘lishini tushunishga tobora yaqinlashganimiz sayin boy mamlakatlarda vaksinalar haddan tashqari ko‘p bo‘lishi, kambag‘al mamlakatlarda esa hatto birinchi inʼeksiya ham yetarli bo‘lmasligi xavfi bor», dedi JSST vaksinalar bo‘limi boshlig‘i Keyt O'Brayyen.

U omikron bo‘yicha dastlabki laborator tadqiqotlar e’lon qilinganidan keyin izoh berdi. Tadqiqot natijalari omikrondan ilk shtammdagidek darajada himoyaga ega bo‘lish uchun Pfizer vaksinasining ikki emas, uchta dozasi zarur ekanini ko‘rsatdi.

O'Brayyen JSST olingan ma’lumotlarni o‘rganayotganini aytdi.

«Qo‘shimcha dozalar omikrondan qo‘shimcha himoyaga ega bo‘lish uchun haqiqatan ham ahamiyatga ega bo‘lib chiqishi mumkin. Biroq bu haqda gapirishga juda erta», dedi Keyt O'Brayyen. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki oyda dunyo vaksinalardan foydalanishdagi adolatsizlikni endigina bartaraf eta boshladi. Vaksinalarning ko‘proq partiyalari xavf darajasi yuqori guruhdagi odamlar va tibbiyot xodimlari vaksinaning bitta ham dozasini olmagan kambag‘al mamlakatlarga jo‘natila boshlandi.

JSSTning vaksinalar bo‘limi boshlig‘i boy mamlakatlar vaksinani faqat o‘z fuqarolari uchun jamg‘arishni boshlasa, bu pandemiyani uzaytirishi haqida ogohlantirdi. 

«Odamlar vaksina olmagan joyda yangi shtammlar paydo bo‘ladi va butun dunyo bo‘ylab tarqaladi. Ba’zilar uch marta emlanayotganda boshqalarning umuman emlanmasligi epidemiologik nuqtayi nazardan virus tarqalishini hech qanaqasiga to‘xtata olmaydi», deya ogohlantirdi u.

YeI: emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatning amal qilish muddatlari

YeIda emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatning amal qilish muddatlari haqida kelishishayotgan bir paytda odamlar majburiy emlashlarga qarshi chiqmoqda

Yevropa ittifoqi mamlakatlari sayohatlar va ommaviy joylarga borish uchun zarur bo‘lgan emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarning amal qilish muddatini unifikatsiya qilish haqida kelishishmoqda.

YeIning ana shu masala bilan shug‘ullanuvchi komissiyasi barcha Yevropa ittifoqi mamlakatlarida amal qiladigan so‘nggi emlash sanasidan boshlab to‘qqiz oylik yagona muddat belgilashni taklif qildi. YeI hukumatlari turizm sanoati qulashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun umumiy yondashuv zarurligini bir necha marta ta’kidlagan.

Hozirda har bir mamlakat emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatning amal qilish muddatini mustaqil ravishda belgilamoqda. Masalan, Fransiya va Kiprda bu so‘nggi vaksina olingan vaqtdan boshlab yetti oy, Gretsiyada esa - olti oy.

Agar kelishuv imzolansa, sertifikatlarning yagona muddati to‘g‘risidagi qoidalar kelasi yildan amal qila boshlaydi.

Buyuk Britaniya: majburiy emlanish bo‘yicha bahslar

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri majburiy emlanishni axloqiy emas dedi

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid majburiy emlanishni axloqiy emas deb atadi. Shunday qilib u bosh vazir Boris Jonsonning majburiy emlash bo‘yicha umummilliy muhokamaga chaqiruv haqidagi so‘zlariga izoh berdi. Chunki uning fikricha, «koronavirus tarqalishini nazorat qilish uchun cheklovlardan foydalanish cheksiz davom eta olmaydi».

Shu bilan birga, Boris Jonson odamlarni vaksina olishga majburlovchi jamiyatda yashashni istamasligini ham aytgan. «Biroq agar vaksinalar omikronga qarshi tura olishi aniqlansa, pandemiyaga qarshi kurashishning ana shunday usullarini muhokama qilishimizga to‘g‘ri keladi», dedi u.

Sajid Javid emlanish insonning shaxsiy qarori bo‘lishi kerakligi, odamlarni hozirda ayrim Yevropa mamlakatlarida bo‘layotganigidek vaksina olishga majburlash – axloqdan emasligini aytdi.

Avstriyada majburiy emlanish 2022 yilning fevralidan joriy etiladi. Germaniyada ana shu masala muhokama etilyapti. Gretsiyada esa vaksina olishdan bosh tortgan 60 yoshdan katta kishilar 2022 yilning yanvar oyidan boshlab har oy jarimaga tortiladi.

Avvalroq Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen YeIning barcha mamlakatlarida majburiy emlanish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgandi.

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri yuqori xavf guruhidagi odamlar bilan ishlaydigan tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlarining majburiy emlanishiga qarshi emasligini ma’lum qildi.

«Biroq mendan yalpi majburiy emlanish haqida so‘rasangiz, amaliy va axloqiy darajada bu ish beradi, deb o‘ylamayman. Chunki emlanish shaxsiy qaror bo‘lishi kerak», dedi u BBC’ga bergan intervyusida.

Top