07:34 / 13.12.2021
4492

Pedagogik mahorat markazi tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Hujjat prezidentning «Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etildi.

Markaz davlat muassasasi hisoblanadi. Markazning ustav fondi miqdori agentlik tomonidan belgilanadi hamda Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi. Markaz direktori Agentlik tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Quyidagilar markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • agentlik tizimidagi rahbar va pedagog xodimlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ularning malakasini oshirish kurslarini xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etish;
  • xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda agentlik tizimidagi ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash va sertifikatlash;
  • agentlik tizimidagi ta’lim muassasalari bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tkazish hamda milliy sertifikatlash tizimini ishlab chiqish va joriy etish;
  • ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalariga doir innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
  • agentlik tizimidagi pedagog kadrlarning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat ta’lim talablarini ishlab chiqish.

Quyidagilar markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi: shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan, shu jumladan ta’lim xizmatlaridan olinadigan daromadlar; Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari; yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari; xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari; qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
 
Markaz tuzilmasi tasdiqlandi. Agentlik direktoriga zarur hollarda, markaz tuzilmasiga xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi. Markaz Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasidagi IT-park binosida joylashtiriladi.

Top