11:25 / 13.12.2021
12984
Toshkentda Karoli sindromiga chalingan bemor operatsiya qilindi. Unga onasi jigarini berdi

12 soatdan ortiq davom etgan operatsiyada ona o‘z farzandiga jigarini berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

12 dekabr kuni akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ilk bor Karoli sindromiga chalingan bemorda murakkab jigar ko‘chirish operatsiyasi o‘tkazildi. Ushbu jarrohlik amaliyoti xirurg, professor Mirshavkat Akbarov boshchiligidagi o‘zbekistonlik shifokorlar tomonidan mustaqil amalga oshirildi.

12 soatdan ortiq davom etgan jarrohlik amaliyotida Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Rabot mahallasida yashovchi 18 yoshli bemor — Feruzbek Shamsiddinovga 44 yoshli onasi Gulchehra Yuldashevaning jigaridan bir bo‘lagi ko‘chirib o‘tkazildi. 

Hozir har ikkala bemorning ham ahvoli yaxshi, donor esa palataga olingan. Operatsiya oldidan Feruzbek va onasi o‘zlarining his-hayajonlari va fikrlarini SSV Matbuot xizmati bilan o‘rtoqlashdi.

«Ikki yil avval terimda juda kuchli qichishish paydo bo‘ldi. Keyinchalik rangim sarg‘aya boshladi. Shundan so‘ng tuman ko‘p tarmoqli poliklinikasi shifokorlariga murojaat qildik. Topshirgan qon tahlillarim menda gepatit V kasalligi borligini ko‘rsatdi. 

Vrachlar tavsiyasi bilan tibbiy muolajalar olishni boshladim, biroq umumiy ahvolimda ijobiy o‘zgarish bo‘lmadi. Shundan so‘ng Buxoro viloyat klinik shifoxonasida qayta tibbiy tekshiruvlardan o‘tdim. 

Yakuniy tahlillardan keyin shifokorlar jigarimda jiddiy xastalik borligini, uni esa Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida operatsiya orqali davolash mumkinligini aytishdi. Bu yerga kelgach, menda kamdan kam uchraydigan og‘ir kasallik aniqlandi. Ochig‘i, avvaliga biroz qo‘rquv bo‘ldi. Ammo shifokorlarning tavsiyalari, ruhiy daldasi ushbu hayajonni yengishimga katta yordam berdi», deydi Feruzbek Shamsiddinov. 

Bemorni operatsiyaga tayyorlagan shifokor Azimjon Usmonov bu yil o‘nlab hamkasblari qatori Rossiyaning akademik V.I.Shumakov nomidagi transplantologiya va sun’iy organlar milliy tibbiyot ilmiy markazida malaka oshirib qaytgan yosh jarrohlardan hisoblanadi.

U Karoli sindromi kamyob kasallik bo‘lib, har million kishining bittasida aniqlanishini ta’kidladi. Bemor yosh bo‘lgani va kasallik irsiy ekani hamda hech qanday virusli infeksiya yo‘qligi sababli Feruzbek operatsiyadan so‘ng o‘zini tez tiklab oladi. 

Ma’lum bo‘lishicha, dastlab bemorning akasi donorlikka tayyorlanayotgan bo‘lgan. Lekin tekshiruvlarning anatomik xususiyatlari uning donor bo‘la olmasligini ko‘rsatgan. Keyin esa bemorning onasi tekshirilib, jigarning bir bo‘lagini olish uchun barcha ko‘rsatkichlar mos kelgan. Biroq ortiqcha vaznga ega bo‘lgani uchun Gulchehra opa bir oy ichida 10 kilogrammga ozishiga to‘g‘ri kelgan.

«Har qanday ona uchun farzandining xastaligi eng og‘ir sinov. O‘g‘limning dardga chalinishi menga qattiq zarba bo‘ldi. Boshida tushkunlikka tushib qoldim. Sababi avvallari jigar ko‘chirish operatsiyasi chet mamlakatlarda o‘tkazilar, bunga esa har kimning ham qurbi yetavermasdi.

Biroq yurtimizda ham bu kasallikni davolash yo‘lga qo‘yilganini bilgach, ko‘nglim taskin topdi. Jigarimning «bir parchasi» sog‘ayib ketishi uchun nafaqat jigarimning bir bo‘lagini, balki jonimni berishga ham tayyorman. Fursatdan foydalanib, farzandimning sog‘ligi uchun kurashayotgan barcha shifokorlarga minnatdorlik bildiraman», deydi G. Yuldasheva.

  • Ma’lumot uchun, ayni paytda respublikada 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan aziyat chekadi. Ulardan 500 nafari jigar transplantatsiyasiga muhtoj. Shu yilning o‘zida akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘zbekistonlik shifokorlar tomonidan mustaqil 6ta jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi amalga oshirildi.
Mavzuga oid
Top