07:32 / 13.12.2021
13268

Uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirildi

Foto: Shutterstock

«Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Unda shaxsning 16 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish hamda unga nisbatan zo‘rlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish holatlari uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi.

JKning 128-moddasi 1-qismiga muvofiq shaxsning 16 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish: 480 soatgacha (ilgari – 360 soatgacha) majburiy jamoat ishlari; yoki 3 yilgacha (ilgari – ikki yilgacha) axloq tuzatish ishlari; yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash; yoki 1 yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek JKning 128-moddasi 2-qism bilan to‘ldirildi, unga muvofiq o‘sha harakatlar moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali sodir etilgan bo‘lsa: 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash; yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
 
JKning 128-moddasi 1, 2-qismlarida nazarda tutilgan harakatlar: takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; JKning 118 yoki 119-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 7 yilgacha (ilgari – 3 yildan 5 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

JKning 129-moddasiga muvofiq shaxsning 16 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda, unga nisbatan zo‘rlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish: 360 soatgacha (ilgari – 300 soatgacha) majburiy jamoat ishlari; yoki 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari; yoki 1 yildan 2 yilgacha (ilgari – 1 yilgacha) ozodlikni cheklash; yoki 1 yildan 2 yilgacha (ilgari – 1 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
 
O‘sha harakatlar zo‘rlik ishlatib yoki qo‘rqitib sodir etilgan bo‘lsa: 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari; yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash; yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Top