19:14 / 14.12.2021
2538
Barcha nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlarida konstitutsiyaviy islohotlar qilish taklifi ilgari surilgan – Akmal Saidov
Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidovning ma’lum qilishicha, joriy yil oktabr oyida bo‘lib o‘tgan prezident saylovida barcha nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlarida elektorat vakillari konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish taklifini ilgari surgan. Bu haqda Akmal Saidov quyi palata rasmiy saytida e’lon qilgan «Konstitutsiyaviy islohotlar — davr talabi» sarlavhali maqolasida aytib o‘tgan.

Bir vaqtning o‘zida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori hisoblangan deputat O‘zbekiston Konstitutsiyasi mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lganini eslatgan hamda bir paytning o‘zida islohotlar talabi va ehtiyojidan kelib chiqib takomillashtirib borilishini aytgan.

Shuningdek, Akmal Saidov jahon konstitutsiyaviy jarayonlari tarixi haqida ham so‘z yuritadi.

«Bugun dunyoda biror-bir Konstitutsiya ilk bor qabul qilingan tahririda saqlanib qolmagan. Birgina XXI asrda dunyoning 90ga yaqin davlatida konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, 57tasida yangi Konstitutsiya qabul qilindi. Bu borada Konstitutsiyaga eng ko‘p o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritgan o‘nta davlat sirasiga Meksika, Yangi Zelandiya, Braziliya, Shveytsariya, Avstriya, Isroil, Chili, Kolumbiya, Gruziya va Hindiston kiradi», — deyiladi maqolada.

Bundan tashqari, Saidov konstitutsiyaviy islohotlarning mazmuni va yo‘nalishlari, ijtimoiy davlatning konstitutsiyaviy konsepsiyasi, Konstitutsiyada xususiy mulkchilik va qonunchilikdagi ekologik muammolarga to‘xtalgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 dekabr kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev asosiy qomusni yangilash to‘g‘risida gapirib o‘tgan hamda konstitutsiyaviy islohotlar uchun 9ta zaruratni sanagan edi.

Top