10:59 / 14.12.2021
14307
Baxtiyor Fozilov – O‘zbekistonda ERIELL Guruhining ilk odimlari va kelajagi haqida
ERIELL Guruhi Boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilov / Foto: ERIELL

So‘nggi yillarda O‘zbekiston taraqqiyotining barcha jabhalarida ijobiy o‘sish kuzatilmoqda. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq mamlakatimiz aholining turmush darajasini yaxshilash va iqtisodiyotini ko‘tarish masalalariga ustuvor ahamiyat berib kelmoqda. 

Islohotlar jarayonlari mamlakatning yoqilg‘i-energetika majmuasini ham chetlab o‘tmadi. Bu muhim qadamlar aholi ehtiyojlari va respublikaning energiya zaxiralariga bo‘lgan talablarini qondirish maqsadida amalga oshirilmoqda. 

ERIELL Guruhi Boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilov Kun.uz jurnalisti bilan intervyuda neft va gaz bozoridagi faoliyat qanday olib borilayotgani to‘g‘risida so‘zlab berdi.  

ERIELL'ning tashkil etilishi

ERIELL guruhi neft xizmatlari ko‘rsatish sohasida 17 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya bozorga chiqqan paytda 10 nafar xodimga ega bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib kompaniyada 11 ming nafar xodim mehnat qilmoqda. 

Shu davr ichida kompaniya tomonidan 45 ta loyiha amalga oshirildi, 10,5 million metr yer burg‘ilash ishlari amalga oshirildi, 3000 dan ortiq neft va gaz quduqlari qurildi. 

ERIELL O‘zbekistonning yetakchi neft va gaz qazib oluvchi kompaniyalari uchun murakkab tog‘- geologik va iqlim sharoitlarida ekspluatatsiya va qidiruv (razvedka) quduqlarini burg‘ilash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Bu «O‘zbekneftgaz» AJ, «LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani», Surhan Gas Chemical Operating Company, Gazli Gas Storage, Uz-Kor Gas Chemical, Natural Gas Stream, Sanoat Energetika Guruhi kabi kompaniyalardir. Bundan tashqari, mutaxassislarimiz Rossiyaning «Gazprom», «NOVATEK», «Gazprom neft», «Rosneft», «LUKOYL», «Achimgaz», «Gazprom Interneshnl», Petronas kabi kompaniyalarining loyihalarida ham faoliyat yuritadilar. Shuningdek, kompaniyamiz Iroq va Bangladesh davlatlarida ham samarali mehnat qilib kelmoqda. 

Uglevodorodlar qazib olish sharoitlari ERIELL'ning ishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? 

Hammamizga yaxshi ma’lumki, osongina gaz va neft qazib olish davri allaqachon o‘tib ketgan. Bugungi kunda aksariyat mamlakatlar uchun muqobil manbalarni izlab topish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. O‘zbekiston ham ana shu davlatlar qatoridan joy olgan. Ammo, yaqin orada uglevodorodlarning o‘rnini butunlay almashtirish imkoni mavjud emas. Ulardan nafaqat energiya, balki hayot uchun zarur bo‘lgan ko‘plab boshqa mahsulotlarni ham ishlab chiqarish uchun foydalaniladi. Shuning uchun barqaror ravishda neft va gaz qazib olish masalasi dolzarbligicha qolmoqda.  

Konlar ko‘pincha o‘tish qiyin bo‘lgan geologik tuzilmalar va geografik nuqtalarda uchraydi. ERIELL mutaxassislari ana shunday og‘ir sharoitlarda ishlash bo‘yicha yuqori malaka va ish tajribasiga ega ekanligini mamnuniyat bilan qayd etishni istardim. Bunda burg‘ilash uskunalari parkini muntazam yangilab borish va modernizatsiya qilish, shuningdek, jarayonlarni maqbullashtirish ustida doimiy ishlash, yangi texnologiyalarni joriy etish va tashkiliy jihatdan rivojlanish muhim omillardan biri hisoblanadi.

ERIELL guruhi ixtiyorida 75 ta burg‘ilash uskunalari mavjud. Ularning orasida yengil mobil asbob-uskunalardan tortib og‘ir - yuk ko‘tarish quvvati 650 tonnagacha bo‘lgan uskunalar, shuningdek, Arktikaning ekstremal sharoitlari uchun maxsus tayyorlangan to‘liq yopiq burg‘ilash uskunalari bor.   

Kompaniyamiz muntazam ravishda texnika parkini yangilab, modernizatsiya qilib boradi va burg‘ilash uskunalari ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikda yangi loyihalar talabiga muvofiq konstruksiyalarni takomillashtirib boradi. 

ERIELL Rossiya bozoridagi mustaqil kompaniyalarning yetakchi uchligiga kiradi va Markaziy va Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlarining loyihalarida faoliyat yuritib, dunyoning neft va gaz sohasida xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalari bilan bemalol raqobatlasha oladi. 

ERIELL'ning tashkil etilishi qanday sharoitlarda amalga oshirilgan?

Kompaniya 2000-yillarning boshida tashkil etilgan. O‘zbekistonda konlarni o‘zlashtirishdagi asosiy muammo juda chuqur joylashgan neft va gaz qatlamlarini ochish imkonini beruvchi texnologiyalarni tanlash masalasi bo‘lgan. Qatlamlar o‘tish qiyin bo‘lgan stratigrafik qavatlar tagida joylashgan bo‘lib, bunda quduqlar devorlari yemirilgan, qatlamlarning anomal yuqori bosimga ega bo‘lgan jinslarning siljuvchanligi va boshqa qo‘shimcha ta’sirlar sharoitlarida burg‘ilash ishlari amalga oshirilar edi. Bularning barchasi quduqlar qurilishida texnik-iqtisodiy samaradorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatar edi. 

Bu masalalarni hal etish uchun mutaxassislar guruhi shakllantirildi. Ular AQSh va Yevropa davlatlarining ilmiy-texnologik va injiniring kompaniyalari tajribasini o‘rganib, tizimlashtirdi va mintaqadagi konlarda murakkab quduqlarni burg‘ilash bilan bog‘liq bo‘lgan mutlaqo yangi loyihalarni ishlab chiqishni boshladi.

2003-2008 yillarda O‘zbekistondagi qazib olinishi qiyin bo‘lgan gaz zaxiralariga ega konlarda chuqurligi 4500 m dan ortiq bo‘lgan quduqlarni burg‘ilash bilan bir qatorda kompaniya mutaxassislari tomonidan tezligi yuqori bo‘lgan burg‘ilash texnologiyalari ishlab chiqildi. Mazkur chora-tadbirlar ERIELL'ga buyurtmachilardan ularning loyihalarida ishtirok etish uchun kelib tushayotgan takliflarga xizmat qildi.

Yetakchi neft va gaz kompaniyalari uchun asosiy burg‘ilash pudratchisi bo‘lish maqsadiga qat’iy rioya qilish quduqlar qurilishini ish jadvalida belgilangan muddatdan oldin tugatib, loyihalardagi buyurtmachilar reytinglarida eng yaxshi burg‘ilash brigadasi bo‘lish imkonini beradi. 

O‘zbekistondagi loyihalar ustida ishlash vaqtida qanday geologik muammolarga duch kelinmoqda?

O‘zbekistondagi konlarda ishlash qator murakkabliklarga ega. Anomal darajadagi yuqori yoki past qatlam bosimi, serovodorod va karbonat angidrid agressiyasi, tuzli va angidrid qatlamlari o‘tishi shular jumlasidan.

Qiyinchiliklarga shuningdek neft va gazning chuqur joylashuvini ham kiritish mumkin. Mutaxassislar o‘ta chuqur quduqlarni burg‘ilashi, burg‘ilash eritmasini qisman yutadigan zonalardan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Biroq, xodimlarning tajribasi barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tib, buyurtmalarni sifatli bajarish imkonini berayotganini qayd etishim lozim.

ERIELL'ning O‘zbekistondagi faoliyati bilan bog‘liq asosiy yutuqlar

ERIELL'ning O‘zbekiston bozoridagi yuqori raqobatbardoshligi va buyurtmachilar ishonchini qozonganini asosiy yutuq sifatida e’tirof etish lozim.

Yana bir afzallik va yutuq sifatida qiya yo‘naltirilgan burg‘ilash bo‘yicha shaxsiy xizmatning yo‘lga qo‘yilishini e’tirof etish lozim. Bugungi kunda xizmat ISO 9001 va API Q2 bo‘yicha oldindan sertifikatlashni olishga taraddud ko‘rmoqda.

ERIELLning salmoqli yutug‘i sifatida O‘zbekiston va O‘rta Osiyoning eng murakkab konlaridan biri – qatlam bosimi 65 Mpa, gaz tarkibida serovodorod va karbonat angidrid gazi bo‘lgan «Mustaqillikning 25 yilligi»da amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etish mumkin.  ERIELL mutaxassislari uchta sermahsul gorizontlarni hamkorlikda ochishni muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirib, sutkalik kovlab borish bo‘yicha bir nechta rekordni o‘rnatdi.  

Simsiz ma’lumotlar uzatish va raqamli qayd etish tizimiga ega, real vaqt rejimida ma’lumotlarni sinovdan o‘tkazish va tahlil qilishga mo‘ljallangan O‘zbekistondagi birinchi uskunadan foydalanish ERIELL uchun navbatdagi yutuq bo‘ldi. Bu majmua qisqa muddatlarda kon zaxiralari va salohiyati to‘g‘risida anchayin keng tasavvurga ega bo‘lish imkonini bermoqda.

Kompaniya yutug‘i sifatida shuningdek shaxsiy o‘quv markazi tashkil qilinishini ham e’tirof etish mumkin. U uchta joyda ochilgan. Biri Toshkentda joylashgan – u yerda xodimlar professional va boshqaruvga oid bilimlarini rivojlantirmoqda. Qolgan ikkitasi Qarshi (O‘zbekiston) va Novyy Urengoy (Rossiya)da joylashgan. Ularda ishchi va muhandislar tahsil olib, kasbiga doir bilimlarini oshiradi, sinfda, trenajyorlarda va o‘quv burg‘ilash uskunasida xavfsiz ishlash malakalarini charxlaydi.

2013 yildan boshlab ERIELL prof education o‘quv markazida Xalqaro burg‘ilash pudratchilari assotsiatsiyasi (IADC) tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan WellSharp va RigPass dasturlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilmoqda. O‘qitish davomida amaliy asboblar sifatida zamonaviy uskunalar – quduqni burg‘ilash va real vaqt rejimida nazorat qilish uchun DrillSIM 20 trenajyori, VRDS iDrill virtual reallik simulyatoridan foydalaniladi.

O‘quv markazida ishchi va mutaxassislar 20 ta yo‘nalish bo‘yicha malaka oshiradi. O‘quv dasturlari nazariya va amaliyot o‘rtasidagi muvozanatni saqlagan holda tuzilgan. Shuning uchun o‘qituvchilar orasida nafaqat professional murabbiylar, balki ERIELL Guruhining katta amaliy tajribaga ega ekspertlari ham bor.

Kompaniya logistika muammosini qay tariqa hal qiladi?

ERIELL neft va servis bozorida yetarlicha uzoq vaqt davomida faoliyat yuritayotgani bois kompaniya aniq logistika rejasini ishlab chiqqan. Yetkazmalar jug‘rofiyasi dunyoning deyarli barcha qit’alarini qamrab olgan, materiallar nomenklaturasi esa qariyb 15 mingta pozitsiyadan iborat.

ERIELL Guruhi xavfli va o‘ta xavfli, shuningdek unchalik katta bo‘lmagan yuklarni muvaffaqiyatli ravishda transportirovka qiladi. Bundan tashqari, biz bitta lotda 150 ta transport birligiga yetadigan pozitsiyalarni kompleks ravishda tashishni amalga oshiramiz.  

ERIELL'ning ekologik xavfsizlik va atrof-muhit muhofazasi masalalaridagi xatti-harakatlari qanday?

Kompaniyamiz ijtimoiy mas’ul biznesning qat’iy tamoyillariga amal qiladi. Bu tushuncha ostida iqtisodiy o‘sishning muvozanatlashgan, ijtimoiy jihatdan maqbul hamohangligi va bo‘lajak avlodlar uchun qulay atrof-muhitni saqlash tushuniladi. ERIELL muntazam ravishda ishlab chiqarish va ekologik xavfsizlik ustida ishlab, barcha obektlarda xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlab kelmoqda.

Xavfsizlik borasidagi konsepsiyani amalga oshirish uchun ERIELL tomonidan ISO 9001:2015, ISO 14001:2015, OHSAS 18001:2007, ISO 50001:2011, ISO 45001:2018 xalqaro standartlari, IADC va OGP tamoyillari, davlat va tarmoq qoidalari va reglamentlarini hisobga olgan holda shakllantirilgan integratsiyalashgan menejment tizimi joriy etilgan. 

Kompaniya ilg‘or texnologiyalar – ambarsiz burg‘ilash usuli, burg‘ulangan jins, burg‘ilash eritmalari va burg‘ilash oqova suvlarini tozalash tizimidan foydalangan holda ekologiyaga ta’sir bilan bog‘liq barcha xatarlarni minimallashtiradi.

ERIELL va uning xayriya faoliyati

ERIELL ko‘p yillar davomida xayriya faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda. Biz APLA jamoatchilik birlashmasi, Toshkent viloyati ixtisoslashgan bolalar uyi, “Mehribonlik” ijtimoiy ko‘mak berish jamiyati, Respublika ixtisoslashgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va boshqa tashkilotlarga yordam berib kelmoqdamiz. Biz nafaqat ommaviy, balki manzilli ravishda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga muntazam yordam qo‘lini cho‘zib kelmoqdamiz. Ko‘zi ojizlar kuni, Nogironlar kuni, Bolalarni himoya qilish kuni singari xalqaro sanalarga bag‘ishlangan aksiyalar o‘tkazmoqdamiz. Ikkinchi jahon urushi faxriylarini ham yoddan chiqarmagan holda har yili ularning holidan xabar olib, sovg‘alar ulashib kelamiz. Umuman olganda bunday loyihalar juda ko‘p va biz yoshi va ijtimoiy holatidan qat’i nazar qandaydir yordamga muhtoj kishilarga e’tibor qaratish muhim, deb bilamiz.  

ERIELL'ning O‘zbekistondagi kelajagi qanday?

Biz mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti tubdan isloh qilinayotgan davrda yashamoqdamiz. Kompaniyamiz esa ishlab chiqarish kuchlarini innovatsion jihatdan yangilash va jamiyatni ijtimoiy jihatdan qayta qurish avangardini boshidan kechirmoqda.

ERIELL eng yangi texnologiyalari doimiy ravishda o‘zlashtirishni maqsad qilgan, ishlab chiqarish samaradorligini oshirib, mehnatni tashkil qilishning progressiv shakllarini joriy etmoqda. Bu o‘z navbatida yuksak darajadagi ijtimoiy sheriklik va korporativ madaniyatni ushlab turish imkonini bermoqda.

Kompaniya yosh kadrlarni jalb qilishga intilmoqda va bunda o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni izlash va rivojlantirishga katta e’tibor qaratib kelmoqda. Zero, yoshlar ishlab chiqarish raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha strategik rejalarni ro‘yobga chiqarishga yordam beradi.

Uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekistonning yoqilg‘i tarmog‘i yuqoritexnologik neft-kimyo klasterlarini yaratishga yo‘naltiriladi. Bu o‘z navbatida an’anaviy va muqobil energiya tashuvchilarini qayta ishlash asosida yuqori sifatli mahsulotlar, shuningdek qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash asosida muqobil yoqilg‘i turlarini ishlab chiqarish uchun turtki bo‘ladi. Mamlakat rahbariyati tomonidan geologiya-qidiruv ishlari hamda neft va gaz tarmog‘iga investitsiyalar jalb qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Keng ko‘lamli iqtisodiy va qonunchilik islohotlari amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi oldimizga zamon bilan hamnafas bo‘lish va barcha yo‘nalishlarda ilg‘or bo‘lish vazifasini qo‘ymoqda.

Top