14:42 / 14.12.2021
5878
Blinken AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ehtimoliy nizo oqibatlari halokatli bo‘lishini aytdi

U shu bilan birga, Xitoyning «tajovuzkor» harakatlari Janubiy Xitoy dengizidagi kemalar xavfsizligiga tahdid solayotgani va savdoga ziyon keltirishi mumkinligini qayd etdi.

Foto: AP

AQSh va Xitoy o‘rtasida nizo yuz beradigan bo‘lsa, buning oqibatlari halokatli bo‘ladi, dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken.

«O‘tgan oyda prezident Bayden XXR raisi Si Tszinpinga mamlakatlarimiz o‘rtasidagi raqobat nizoga aylanmasligi uchun mas’ulligimizni aytdi. Biz bu mas’uliyatga jiddiy yondashamiz», — dedi u Jakartaga tashrifi chog‘ida.

Blinken ikki davlat o‘rtasidagi nizo oqibatlari «barcha uchun halokatli» bo‘lishini aytdi.

U shu bilan birga, Xitoyning «tajovuzkor» harakatlari Janubiy Xitoy dengizidagi kemalar xavfsizligiga tahdid solayotgani va savdoga ziyon keltirishi mumkinligini qayd etdi.

Bayden oktyabrda Xitoy Tayvanga hujum qiladigan bo‘lsa, Vashington orolni himoya qilishga tayyorligini aytgandi.

Xitoy AQShning Tayvanga nisbatan munosabatini xavfli deb hisoblamoqda.

Top