18:35 / 14.12.2021
5485

Bulung‘urda gaz ta’minoti xodimlari aholidan to‘ldirib berish uchun olgan 2 212 ta gaz ballon qaytarib berilmagani ma’lum qilindi

2021 yil 3 dekabr kuni Kun.uz’da Bulung‘urda gaz idorasi xodimlari aholining 194 ta gaz ballonini o‘zlashtirib yuborgani aytilgan maqola e’lon qilingandi. Bu tumanda o‘zlashtirilgan ballonlar soni 2 mingdan oshiq bo‘lishi mumkin.

Illyustrativ foto /KUN.UZ

Maqolada ko‘tarilgan mavzu bo‘yicha “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati munosabat bildirdi. Unda ma’lum qilinishicha, 2021 yil oktyabr oyida “Hududgazta’minot” AJning 2021 yil 30 sentyabrdagi 44-F farmoyishiga asosan ishchi guruhi tashkil etilib Samarqand viloyatida o‘rganishlar olib borilgan.

Ishchi guruh tomonidan Bulung‘ur tumanida 54 ta MFYdagi 28 mingta suyultirilgan gaz iste’molchilari ta’minoti o‘rganilgan. O‘rganish davomida iste’molchilarning suyultirilgan gaz ballonlari “Bulung‘urtumangaz” bo‘limi xodimlari tomonidan aylanma tara sifatida foydalanilib o‘z vaqtida qaytarib berilmagani aniqlangan.

Jumladan, “Changal-1” MFYda 200 dona, “Cho‘yantepa” MFYda 152 dona, “Gulzor” MFYda 148 dona, “Chorvoq” MFYda 194 dona va yana bir qator mahallalarda to‘ldirib berish uchun olib ketilgan gaz ballonlar iste’molchilarga qaytarilmagan. Bu haqda MFY raislari va vakillari tomonidan murojaat va e’tirozlar bildirilgan hamda gaz ballonlar qaytarib berilmagan jami 2 212 ta iste’molchidan arizalar olingan.

O‘rganish natijalari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialining 2021 yil 4 noyabrdagi 35-04-35-1293 sonli xati bilan DXX Samarqand viloyati boshqarmasiga taqdim etilgan.

Qayd etilishicha, bugungi kunda filial manfaatlariga yetkazilgan moddiy zararni undirish va qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Shuningdek, iste’molchilar foydalanib turishi uchun va vaziyatga aniqlik kiritilgunga qadar jami 3 545 dan ortiq gaz ballon iste’molchilarga foydalanish uchun yetkazib berildi. Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan payt Chorbog‘ mahallasidan 9 ta ballon olib ketilganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushgan”, deyiladi munosabatda.

Ammo avvalroq “Bulung‘urtumangaz” bo‘limi mutasaddilari Kun.uz muxbirining telefon orqali bergan savollariga javoban “Chorbog‘” MFYda 194 ta gaz ballon olib ketilib qaytarib berilmaganini ma’lum qilgandi.

Bundan tashqari, “Chorbog‘” MFY aholisi Kun.uz’ga yo‘llagan murojaatida “Bulung‘urtumangaz” bo‘limi xodimlari ularga vaqtinchalik gaz ballonlarni bermaganini va hozirgi kunda chorasiz qolayotganlarini ma’lum qilishgan.

Mavzuga oid
Top