15:18 / 14.12.2021
4625

O‘zbekiston oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish bo‘yicha konvensiyaga qo‘shilishi kutilmoqda

O‘zbekiston oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish bo‘yicha Tokio konvensiyasiga qo‘shilishi kutilmoqda. Bu haqida ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 10 dekabr kuni poytaxtimizdagi “City Palace” mehmonxonasida “Oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish bo‘yicha konvensiyani qabul qilish va joriy etish uchun manfaatdor tomonlar hamkorligini mustahkamlash” mavzusida yuqori darajadagi ekspertlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis deputatlari, bosh vazir o‘rinbosari, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Bandlik va mehnat munosabatlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari rahbariyati, Yaponiya, Rossiya va Armaniston davlatlarining xalqaro ekspertlari hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etishdi.

YuNESKO va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandumda Oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish bo‘yicha Tokio konvensiyasini O‘zbekistonda joriy qilish 2018-2021 yillarda amalga oshirilishi kerakligi belgilangan edi. Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, bu borada bosqichma-bosqich olib boriladigan ishlarning barchasi bajarilgan.

“O‘zbek yoshlarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 3 barobarga (2016 yilda 9 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilda 28 foiz) oshdi. Ta’lim xizmatlari bozorida xorijiy va nodavlat ta’lim xizmatlari vakillarining ishtiroki kengaydi. Oliy ta’lim muassasalari soni 2,2 marotaba (2016 yilda 64 ta – 2021 yilda 141 ta), nodavlat OTMlar soni 7,2 marotaba (2016 yilda 4 ta – 2021 yilda 29 ta) oshdi.

Xalqaro tajriba asosida xorijiy ta’limni tan olish jarayonlari soddalashtirildi. Nostrifikatsiya amaliyotidan voz kechilib, “tan olish” amaliyoti joriy etildi. Xorijiy oliy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish muddati 30 kundan 10 kunga qisqartirildi. Jarayon raqamlashtirilib, davlat xizmatlari orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.

Ta’lim sifati xalqaro darajada e’tirof etilgan 8000 dan ziyod xorijiy oliy ta’lim muassasalarining diplomlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olish joriy etildi”, deyiladi xabarda.

Tokio konvensiyasi nima?

Ushbu konvensiyani ratifikatsiya qilish yurtdoshlarimiz uchun xorijiy davlatlarda ta’lim olish, ishlash va bu borada o‘qigan davlatida olingan malakani va hujjatini boshqa bir davlatda tan olinishini, xususan, ta’lim olishni keyingi bosqichda davom ettirish ya’ni akademik tan olish hamda kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun tan olish imkonini beradi.

Mazkur konvensiya 2018 yil 1 fevraldan kuchga kirgan bo‘lib, 2021 yil noyabr oyi holatiga ko‘ra Tokio konvensiyasiga 12 davlat: Armaniston, Avstraliya, Xitoy, Fiji, Vatikan, Yaponiya, Mo‘g‘uliston, Yangi Zelandiya, Koreya Respublikasi, Rossiya va Turkiya qo‘shilgan.

 Tokio konvensiyasini ratifikatsiya qilish orqali O‘zbekistonda:

– o‘zbek yoshlarining sifatli oliy ta’lim olish imkoniyati kengayib, mamlakatning barqaror rivojlanish maqsadiga erishishiga ko‘maklashiladi;

– xalqaro darajada e’tirof etilgan normativ-huquqiy doirada ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkoni yaratiladi;

– milliy axborot markazlari tarmog‘iga kirish bilan o‘zbek ta’lim tizimi to‘g‘risidagi har qanday ma’lumotni xalqaro miqyosda taqdim etish uchun yo‘l ochiladi;

– xorijiy ta’limni tan olish jarayonini yanada soddalashtirish orqali O‘zbekiston fuqarolarining xalqaro ta’lim va mehnat bozoridagi erkin mobilligi ta’minlanadi;

– o‘zbek oliy ta’lim xizmati eksporti ko‘lami kengayadi, kreditni solishtirish imkoni yuzaga keladi, tan olishdagi to‘siqlar bartaraf etiladi;

– O‘zbekistonning oliy ta’lim sohasidagi asosiy xalqaro shartnomalaridan biriga qo‘shilishi dunyoda mamlakat mavqeyini oshiradi;

– oliy ta’lim diplomi va diplom ilovasi xalqaro standart asosida uyg‘unlashtiriladi.

Konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlatlarda qaysi birida bo‘lishidan qat’i nazar o‘rta ma’lumot olganlik to‘g‘risidagi shahodatnoma (attestat) bilan oliy ma’lumot olish uchun hujjat topshirishda hech qanday to‘siq bo‘lmaydi. Ammo har bir davlatning OTMga o‘qishga qabul qilish shartlarini o‘zaro hurmat qilgan holda amal qilinadi. Ya’ni xorijiy abituriyent O‘zbekistonda oliy ta’lim olishi uchun mamlakatimizdagi qabul shartlariga bo‘ysunadi. Yurtdoshlarimiz xorijiy davlatlarga oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lsa, ularning qabul shartlariga amal qilishi ko‘zda tutiladi. Oliy ta’lim muassasasiga qabul qilishda malaka egasi tegishli ta’limni samarali o‘tashga tayyor bo‘lishi uchun tegishli muassasada ta’lim olib boriladigan til yoki tillarni yetarli darajada egallanganligi talab etilishi mumkin, zero malaka egasi ushbu tilni bilishi kerak bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil 1 yanvar holatiga yurtimizdagi 62 ta davlat oliy ta’lim muassasalari va ularning 27 ta filialida 4760 nafar xorijlik talaba tahsil olmoqda.

Top