16:59 / 15.12.2021
10362

Aguero futbolchilik faoliyatini yakunlaganini rasman e’lon qildi

Argentinalik 33 yoshli futbolchi oktabr oyi oxirida «Barselona» o‘yini vaqtida ko‘kragidagi og‘riq tufayli almashtirilgan va shifoxonaga yo‘l olgandi.

Foto: Global Look Press

Bugun, 15 dekabr kuni «Kamp Nou»da Serxio Aguero ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Futbolchining yaqinlari, «Barselona» o‘yinchilari, klub vakillari hamda OAV ishtirokida o‘tgan marosimda «Barselona»ning 33 yoshli argentinalik forvardi sog‘lig‘idagi muammo sababli futbolchilik faoliyatini yakunlashga majburligi haqida rasman ma’lum qilib, ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

«Futbolchilik faoliyatimni yakunlaganimni rasman e’lon qilish uchun ushbu matbuot anjumanini tashkil qildik. Hozir men uchun juda ham qiyin davr, ammo bunday qarorga kelganimdan xursandman. Faoliyatimni yakunlashimga bir oy avval men duch kelgan jiddiy muammo sabab bo‘ldi. Gap sog‘liq haqida ekanligi uchun futbolchilik faoliyatimni yakunladim», - deya ko‘zda yosh bilan gapirdi Aguero.

Matbuot anjumani davomida Aguero va «Barselona» prezidenti Joan Laporta jurnalistlar savollariga javob qaytardi. Marosimda «Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola ham tashrif buyurib, sobiq shogirdini qo‘llab-quvvatladi.
 

Foto: Getty Images

Eslatib o‘tamiz, futbolchi 30 oktabr kuni La Liga doirasidagi «Alaves»ga qarshi uchrashuvni yakunlay olmagan va shundan beri davolanayotgan edi. Avvaliga uning tiklanishi uchun kamida 3 oy muddat kerakligi aytilgan bo‘lsa, keyinchalik muammo kutilganidan jiddiyroq ekani ma’lum bo‘lib, futbol endi u uchun xavfli ekani oydinlashgan.

Ma’lumot uchun, Aguero faoliyati davomida «Independente», «Atletiko», «Manchester Siti», «Barselona» hamda Argentina milliy jamoalari safida to‘p surgan.

Klublar miqyosida u Yevropa Ligasi, UYeFA Superkubogi, 5ta APL bosh sovrini, 6ta Angliya Liga kubogi, bir bor Angliya kubogi va 3 bor Angliya Superkubogini qo‘lga kiritgan. Argentina milliy jamoasi tarkibida esa 2008 yil Olimpiada va 2021 yilda Amerika Kubogida g‘olib chiqqan.

Top