15:52 / 15.12.2021
14998
Omikron immun himoyani chetlab o‘tishga qodir. Koronavirus bo‘yicha so‘nggi xabarlar

Koronavirusni boshdan kechirganlar yoki vaksina olganlar omikrondan nisbatan yaxshiroq himoyalangan. Biroq shunda ham u immun himoyani chetlab o‘ta oladi. Koronavirus pasportlari joriy etilishi emlanishlar soni, ayniqsa yoshlar orasida ortishiga hissa qo‘shmoqda. Janubiy Afrikada olimlar omikronga chalinish boshqa variantlariga qaraganda yengilroq kechishiga umid qilishmoqda.

Kasallikni boshdan kechirgan va vaksina olganlar kamroq xavf ostida, biroq suyunishga hali erta.

14 dekabr kuni e’lon qilingan omikron varianti borasidagi ilk retsenziyalangan tadqiqotlardan biri koronavirusni boshdan kechirganlar yoki vaksina olganlar virusning bu turidan yaxshiroq himoyalangani borasida taxmin qilish uchun asoslar beradi.
 
Mazkur ish jarayonida tadqiq etilgan virusning laborator namunalari omikron avvalgi infeksiya yoki vaksinadan olingan immun himoyani chetlab o‘tish borasida haqiqatan ham avvalgi variantlardan ustun ekanini ko‘rsatadi.

Emerging Microbes & Infection jurnalida e’lon qilingan natijalar ham uchinchi vaksina immunitetni sezilarli darajada oshirishi, biroq omikrondan to‘liq himoya qilmasligini ko‘rsatadi.

Olimlar bu faqat dastlabki natijalar ekanini aytib, yangi variantga qarshi immun himoyani tushunish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar talab etiladi deb hisoblashmoqda.

Tadqiqot guruhi rahbari, Xitoy oziq-ovqat va dorilarni nazorat qilish bo‘yicha milliy institut ilmiy xodimi Yuchun Va natijalar Janubiy Afrikada olingan ma’lumotlarga mos kelayotgani va omikron immun himoyani a’lo darajada chetlab o‘tishini tasdiqlayotganini aytadi.

«Biz omikron variantidagi ko‘p sonli mutatsiyalar haqiqatan ham koronavirus bilan ilgari kasallangan odamlar immunitetida sezilarli o‘zgarishlarga olib kelganini kuzatdik. Shunga qaramay, omikron o‘rtacha ED50 (himoya darajasi) ko‘rsatkichi boshlang‘ich darajadan hali ham yuqori. Bu esa emlanish yoki infeksiyalarga qarshi ayrim himoya effekti hali ham mavjud ekaniga ishora qiladi», deydi Van.

Van tibbiyot virusologiyasi bo‘limi raisi va Xitoy tibbiyot assotsiatsiyasining tibbiyot mikrobiologiyasi va immunologiyasi bo‘yicha bo‘linma raisi o‘rinbosaridir. U emlanishdan keyin yoki infeksiya natijasida paydo bo‘lgan immunitet kelasi yarim yil ichida asta-sekin kuchsizlanishi, yangi variant immunitet himoyasini sezilarli darajada chetlab o‘ta olishini ta’kidlaydi.

Janubiy afrikalik olimlar omikron yengilroq kechishiga umid qilmoqda

Janubiy afrikalik olimlar omikron koronavirusning mamlakatdagi avvalgi to‘lqinlari kabi xavfli ekani borasida dalillar hozircha mavjud emasligini aytmoqda.

Olimlar va amaldorlar, jumladan, JSST rahbari omikron to‘g‘risida xulosa chiqarish uchun hali erta ekani to‘g‘risida ogohlantirmoqda

Covid-19 bo‘yicha janubiy afrikalik yetakchi mutaxassislardan biri, professor Salim Karim omikron ilk marta aniqlangan tumandagi kasalxona ma’lumotlariga ishora qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiyaning avvalgi to‘lqinlari bilan solishtirganda kislorod apparatlari yoki reanimatsiyaga ehtiyoj sezayotgan bemorlar soni kamroq.

«Joriy to‘lqinda bor-yo‘g‘i to‘rtta holatdan biri og‘ir bo‘lib chiqmoqda – bu sezilarli farq. Gap faqat vaksinalardagina emas – chunki kasallik og‘ir kechishi ko‘rsatkichining pasayishi barcha yosh guruhlari, xususan, emlanmaganlar orasida ham sodir bo‘lmoqda», deydi u.

O‘lim ko‘rsatkichlarida ham ana shunga o‘xshash holat aniqlanyapti.

Janubiy afrikalik shifokorlar omikron varianti bilan kasallanish og‘ir kechishi ko‘rsatkichi barcha yosh guruhlarida kuzatilayotganini aytishmoqda

Uits universitetining vaksinalar bo‘yicha mutaxassisi professor Marta Nunes ham omikron natijasida yuzaga kelgan o‘lim darajasi avvalgi to‘lqinlardagiga qaraganda pastroq deb hisoblaydi.

Biroq shifokorlar omikron varianti qay darajada og‘ir ekani to‘g‘risidagi ma’lumotlar hali yetarli emas, deb hisoblashmoqda. Kasallikning yangi avj olishi holatlari boshqa mamlakatlarda qanday rivoj topishi ham aniq emas. «Omikron tez sur’atlarda tarqalmoqda va epidemiyaning avvalgi to‘lqinlari bilan taqqoslashlar muayyan fursatgacha foydali bo‘ladi», deya ta’kidlamoqda olimlar.

Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dasturi rahbari doktor Mayk Rayan koronavirusning yangi varianti yaqin haftalarda shifoxonalarga yotqizish ko‘rsatkichi ortishini yuzaga keltirishi haqida ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, boy mamlakatlarda qayta emlanishlardan ko‘ra, dunyodagi barcha zaif guruhlarni birinchi doza bilan emlash JSST uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.

Rayan barcha mamlakatlarni sog‘liq saqlash tizimlarini infeksiya ortishiga tayyorlashga chaqirdi.

Omikron Daniyada asosiy tahdidga aylanmoqda

Epidemiologlar mazkur haftada omikron Daniyada koronavirusning yetakchi variantiga aylanishini ma’lum qilmoqda. Bu esa kasallanish holatlari rekord darajagacha ortishiga olib keladi.

Daniyada kasallanish holatlari keskin ortdi va koronavirusni yuqtirish kunlik ko‘rsatkichlari rekord darajaga yetishiga olib keldi.

Omikron varianti Yevropada pandemiyani sezilarli darajada o‘zgartirishi va Rojdestvo bo‘yicha rejalarga ta’sir o‘tkazishi mumkin

Ayrim olimlar omikronni yuqtirish holatlari 14 yoki 15 dekabr kunlari mamlakatda barcha koronavirus holatlarining aksariyat qismini tashkil etishini kutishmoqda. Omikron hozirning o‘zida Daniya va Buyuk Britaniyada dominantga aylanmoqda. Olimlar fikriga ko‘ra, bu virusning Afrika janubiy qismi chegarasidan tashqarida pandemiya yo‘nalishini o‘zgartirish qobiliyati borasidagi ilk dalildir.

Epidemiologlarning taxmin qilishicha, Daniya va Buyuk Britaniyadan olingan ma’lumotlar asosida Yevropada joriy qish faslida pandemiyaning rivojlanishi va kasalxonalarga yotqizishlar sonini prognoz qilish mumkin. Ular aholini qayta emlash bo‘yicha samarali dasturlar zarurligini ta’kidlamoqda.

«Daniya yangi variant tarqala boshlagan birinchi mamlakatga aylandi, biroq Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham tez orada xuddi shunday holat yuz beradi», deya ogohlantirdi Orzuss universiteti biotibbiyot professori Soren Riis Paludan.

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash xavfsizligi agentligi omikron dekabr oyi o‘rtalariga kelib, mamlakatda yetakchi shtammga aylanishini kutmoqda. Norvegiya rasmiylari omikron Rojdestvodan ancha oldin koronavirusning yetakchi variantiga aylanishini taxmin qilmoqda.

Norvegiyada spirtli ichimliklar savdosiga cheklovlar

Norvegiya infeksiya tarqalishiga qarshi bir qator yangi choralar, jumladan, yaqin to‘rt hafta davomida uydan ishlash va barlar, tungi klublar va restoranlarda spirtli ichimliklar savdosiga taqiq joriy etilishi haqida e’lon qildi.

Mamlakatda kasallanish bo‘yicha Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkich kuzatilmoqda, omikronga chalinish bilan bog‘liq mingga yaqin holat qayd etilgan. Sog‘liqni saqlash tizimi vakillari yanada qat’iy cheklovlarsiz yangi infeksiyalar soni kuniga 90 mingga yetishi haqida ogohlantirmoqda.

Norvegiyadagi epidemiologik vaziyat keskin yomonlashmoqda

Hukumat emlash ishlarida yordam berish uchun harbiylarni safarbar qilishga va’da berdi hamda Norvegiya korxonalariga yordam, jumladan, kompaniyalar uchun kredit bo‘yicha kafolatlar va ishchilar uchun maosh darajasini qo‘llab-quvvatlash chizmasini qaytarish haqida e’lon qildi.

Savdo vaziri Yan Kristian Vestrning so‘zlariga ko‘ra, yil yakunlariga ko‘ra daromadga chiqqan kompaniyalar olingan yordamni qaytarishiga to‘g‘ri keladi.

Bosh vazir Yonas Gar Store norvegiyaliklar Rojdestvoni o‘z yaqinlari bilan nishonlashlari mumkinligini ma’lum qildi. Biroq ular yaqin kontaktlarni qisqartirishlari va ijtimoiy masofa saqlashlari kerak bo‘ladi.

Koronavirus pasportlari emlanishni rag‘batlantiradi

Koronavirus pasportlaridan foydalanish bo‘yicha xalqaro tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ular yanada ko‘proq odamlar emlanishiga hissa qo‘shadi.

Ayrim mamlakatlarda koronavirus sertifikatiga ega bo‘lish jamoat joylari va tadbirlarga kirish uchun zaruriy shartga aylandi

Mualliflar o‘z yo‘nalishida birinchi deb atayotgan tadqiqotda koronavirus pasportlari joriy etilgan olti mamlakat o‘rganilgan. U yerda muayyan jamoat joylariga vaksinaning barcha dozalarini olgan, koronavirus testining manfiy natijasini taqdim etgan yoki koronavirusdan tuzalganlargagina kirishga ruxsat berilgan.

Aniqlanishicha, ular to‘rt mamlakat (Isroil, Fransiya, Italiya va Shveytsariya)da ayniqsa vaksinaga nisbatan sovuq munosabatda bo‘lgan guruhlar, xususan, yoshlar orasida vaksina qabul qilish ommalashishiga hissa qo‘shgan.

Oksford universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot The Lancet Public Health jurnalida e’lon qilingan.

Pfizer va BioNTech o‘z vaksinalari samarasiga ishonishadi, biroq yangi vaksina ustida ishlamoqda 

Vaksinaning ikki dozasini olganlarni omikrondan himoyalanish uchun tezroq uchinchi dozani olishga chaqirishmoqda. Biroq bunga kafolat yo‘q

Koronavirusga qarshi mashhur vaksina ishlab chiqqan Pfizer va BioNTech kompaniyalari preparatlari bilan qayta emlanish omikronga qarshi samarali himoya berishini va’da qildi.

Kichik tadqiqot o‘tkazib, kompaniyalar omikronga qarshi uch doza, boshqa variantlarga qarshi ikki dozaga o‘xshash darajada antitanalar bilan ta’minlanishini aniqlashdi.

Ilgariroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vaksinalar avvalgidek kasallikning og‘ir shakllaridan himoya qilishini aytgandi.

O‘tgan haftada Pfizer direktori Albert Burla o‘z bayonotida mazkur variantga qarshi himoya uchinchi marta emlanish yordamida yaxshilanishi haqida ma’lum qilgandi. «Tobora ko‘proq odamlarni dastlabki ikkita doza va qayta emlash bilan to‘liq ta’minlash Covid-19 tarqalishining oldini olishning eng yaxshi usuli bo‘lib qolmoqda», degandi u.

Biroq Pfizer va BioNTech olingan natijalar dastlabki ekani, vaksinalarining haqiqiy samarasi bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash va ularni baholashda davom etishlarini qayd etishdi.

Kompaniyalarda omikronga qarshi maxsus vaksina ham ishlab chiqilmoqda. Nazorat qiluvchi organlardan ruxsat olingach, u 100 kun ichida yetkazib berish uchun tayyor bo‘ladi.

Top