14:00 / 15.12.2021
6730

Qonunchilik palatasida 14 dekabr kuni qabul qilingan qonun bir kun o‘tib Senat tomonidan ma’qullandi

Senatning 2021 yil 15 dekabr kuni bo‘lib o‘tayotgan 22-yalpi majlisida “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Kun.uz

Qonunda joriy yilgi davlat budjeti xarajatlarini 2,2 trln so‘mga oshirish nazarda tutilmoqda.

Xususan:

– tuman va shaharlarning fuqarolar tashabbuslari jamg‘armasida 1 mlrd va unda kam mablag‘ shakllangan, vazirlikka kelib tushgan takliflar soni 100dan ortiq bo‘lgan tuman va shaharlarga Respublika budjetidan qo‘shimcha 117 mlrd so‘m;

– fermerlar va g‘allachilik klasterlariga 2021 yil hosilidan davlat resurslariga sotgan tovar donning har bir tonnasi uchun 350 ming so‘mdan subsidiya ajratish uchun 800 mlrd so‘m;

– Mo‘ynoq tumanidagi 5 nafargacha a’zosi bo‘lgan har bir oila uchun 5 mln so‘mdan bir martalik yordam, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ijtimoiy iqtisodiy muammolari mavjud 21 ta fuqarolik yig‘inlarini obodonlashtirish uchun 67 mlrd so‘m;

– Surxondaryo viloyatida aholini ichimlik suv muammosini “To‘palang” suv manbalari hisobiga yaxshilash uchun qurilish ishlariga 527 mlrd so‘m (budjetdan 200 mlrd so‘m, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 327 mlrd so‘m);

– Hududlarda zarur ijtimoiy iqtisodiy rivojlanish tadbirlarini ijtimoiy obektlar qurish va ta’mirlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun, ichimlik suv ta’minotini yaxshilash uchun Sirdaryo, Navoiy, Jizzax viloyatlarining har biriga 100 mlrd so‘mdan jami 300 mlrd, Toshkent shahriga 200 mlrd so‘m;

– Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer uchastkalari kompensatsiyasiga — 50 mlrd so‘m ajratilmoqda.

Shuningdek, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlari 2,5 trln so‘mga oshirilmoqda. Bunda qishloq xo‘jaligidagi islohotlar va aholini oziq ovqat bilan ta’minlash uchun 1,1 trln so‘m yo‘naltirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun Qonunchilik palatasining 2021 yil 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida ko‘rib chiqilgandi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Senatga kelib tushgan qonun ro‘yxatga olinadi va Senat Raisi tomonidan qonunni ko‘rib chiqadigan hamda uning yuzasidan xulosa tayyorlaydigan mas’ul qo‘mitaga topshiriladi. Mas’ul qo‘mitaning xulosasida qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risidagi tavsiya ifodalanadi. Mas’ul qo‘mitaning xulosasi Senat Kengashiga taqdim etiladi, Kengash qonunni Senat majlisining kun tartibi loyihasiga kiritish-kiritmaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ma’lumot uchun, bungacha 2021 yil uchun davlat budjeti iyul va noyabr oylarida ham oshirilgandi.

Top