08:45 / 16.12.2021
3719

Janubiy Koreya fondi O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash loyihalarini amalga oshirish uchun 238 mln dollar ajratdi

Seul shahrida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Koreya Eksimbanki prezidenti Bang Mun Kyu bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Investitsiyalar  va tashqi savdo vazirligi

Suhbat davomida o‘zaro munosabatlarning faolligi hamda Koreyaning EDCF Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi bilan birgalikda moliyalashtirilayotgan va amalga oshirilayotgan loyihalar soni o‘sishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. 2014-2017 yillarda Eksimbank bilan hamkorlikda qariyb 180 mln dollarlik 4 loyiha hayotga joriy etilgan bo‘lsa, 2018-2020 yillarda 660 mln dollarlik 7ta loyiha amalga oshirildi. Bank bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sog‘liqni saqlash, ta’lim va infratuzilmaviy rivojlanish sohalaridir.

Muloqot davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishni jadallashtirish maqsadida ishlab chiqilayotgan loyihalarni tayyorlash, o‘rganish va tasdiqlash jarayonlarini tezlashtirish imkonini beruvchi o‘zaro hamkorlik mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Foto: Investitsiyalar  va tashqi savdo vazirligi

O‘zbekiston tomoni mamlakatda yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun EDCF tomonidan imtiyozli moliyalashtirish hajmini 1 mlrd dollargacha ko‘paytirish yuzasidan qabul qilingan qaror uchun minnatdorlik bildirdi. 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi umumiy qiymati 1,2 mlrd dollarga teng bo‘lgan 13ta loyihadan iborat bo‘ladi. Tomonlar ushbu loyihalarni faol ilgari surish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha yaqin hamkorlik o‘rnatishga kelishib oldi.

Elektrotexnika, biofarmatsevtika, metallurgiya va kimyo sanoati sohalarida yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun yangi tashkil etilgan EDPF Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish jamg‘armasi bilan hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.

Muzokaralar yakunida tomonlar muhokama etilgan sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirishga sodiqliklarini bildirdi. Qiymati 88,8 mln dollar bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasi hamda 150 mln dollarlik “Onkologik klinikasini qurish” loyihasi bo‘yicha qarz shartnomalari imzolandi.

Mavzuga oid
Top