07:43 / 17.12.2021
7035
Ayrim sohalardagi korxonalarning davlat ulushini xususiy sektorga sotish rejalashtirilmoqda
Foto: Getty Images

Prezidentning “Raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan to‘siqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati yo‘nalishlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

O‘zbekiston prezidentining “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq:

  • Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda mamlakat iqtisodiyotida va hududlarda raqobat muhitini yaxshilash, raqobat sohasidagi strategik ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarni belgilashda, shu jumladan institutsional islohotlarni amalga oshirishda o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirishi belgilangan;
  • imtiyoz, preferensiya va eksklyuziv huquqlar shaklida ko‘rsatilayotgan davlat ko‘magining samaradorligi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish hamda ular raqobat muhitiga salbiy ta’sir etgan taqdirda, ularni bekor qilish bo‘yicha takliflar kiritishi belgilangan.

2022 yil 1 iyuldan boshlab:

  • aeroportlar, yo‘l qurilish, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, issiqlik ta’minoti, neft mahsulotlarini sotish va boshqa sohalardagi korxonalarning davlat ulushlari bosqichma-bosqich xususiy sektorga sotilishi;
  • rangli metallarning parchalari va chiqindilarini sotib olish, qayta ishlash, sotish va tayyorlash faoliyati bilan xususiy sektor shug‘ullanishi mumkinligi belgilanadi;
  • 2022-2026 yillarda xususiy sektorni keng jalb qilish hamda eksklyuziv huquqlarni bekor qilish orqali mavjud monopoliyalarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tabiiy monopoliyalar infratuzilmalaridan xususiy sektorni teng sharoitlarda foydalanishini ta’minlash maqsadida  tabiiy monopoliya sohalarini tartibga solish hamda asosiy faoliyat turi tabiiy monopoliya bo‘lmagan sub’yektlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yangi tartib ishlab chiqadi.

Top