17:00 / 19.12.2021
18649
Samarqandda oshxonada gaz balloni portlashi oqibatida 10 kishi jarohatlandi

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida joylashgan oshxonada portlash ro‘y berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 10 kishi jarohatlangan.

FVV 19 dekabr kuni Samarqand viloyati Oqdaryo tumani «Navro‘z» MFYda «Lazzat» oshxonasida sodir bo‘lgan chaqnash bo‘yicha birlamchi ma’lumot berdi.

«2021 yil 19 dekabr kuni soat 14:20da Oqdaryo tumani «Navro‘z» MFY A.Temur ko‘chasida joylashgan «Lazzat» oshxonasida chaqnash sodir bo‘lgan (voqea joyida 2ta propan gaz balloni bo‘lgan).

Chaqnash natijasida oshxonaning taxminan 40 kv.m. maydonida  shift qismi va jihozlar yongan», deyiladi FVV matbuot xizmati xabarida.

Birlamchi ma’lumotga ko‘ra, 10 kishi tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga olib borilgan.

Yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 14:23da hodisa joyiga yetib borib, 14:29da yong‘in qurshab olingan va soat 14:54da o‘chirilgan.

Voqea joyiga viloyat hamda tuman FV bo‘limi rahbar xodimlari, IIB, Prokuratura, Tibbiyot, Gaz xizmatlari xodimlari va 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan. 

Holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilgan.

Mavzuga oid
Top