14:55 / 20.12.2021
5838

MTV, XTV va SSV chiqindi qutilari uchun mablag‘ ajratilishini nazorat qilishi kerak - Ekologiya qo‘mitasi

Maktab, bog‘cha va shifoxonalarga chiqindi qutilari o‘rnatilishi uchun mablag‘ ajratilishini vazirliklar nazorat qilishi kerak, bu prezident qarorida belgilangan, dedi Qashqadaryoda maktab direktorlari jarimaga tortilganiga izoh bergan Ekologiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida maktablarga chiqindi quti o‘rnatmagan direktorlar jarimaga tortilmoqda. Kun.uz tuman Xalq ta’limi bo‘limi va tuman Ekologiya bo‘limining bu boradagi bir-biriga zid pozitsiyasi haqida xabar bergan edi.

Direktorlar MJtKning 91(2)-moddasi (Sanitar tozalash infratuzilmasi obektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish bo‘yicha talablarni buzish) asosida javobgarlikka tortilmoqda.

Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Umarjon Abdullayev masala yuzasidan qo‘shimcha izoh berdi.

“Maktab bilan bog‘liq holatda maktab ma’muriyatining o‘zi chiqindilarni yig‘ish uchun joy tashkil etib, konteynerlarni o‘rnatishi zarur. Kechagi holat – Qashqadaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan joylarga chiqib, Vazirlar Mahkamasining “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 787-son qarori ijrosini o‘rganish, monitoring o‘tkazish maqsadida o‘tkazilgan reyd davomida aniqlangan holatdir.

Maktab hududida chiqindi konteynerlari yo‘q, chiqindi sochilib yotibdi. Bu birinchi holat emas. Murojaatda maktab direktorining o‘zi ham bir necha bor ogohlantirish berilganini aytib o‘tgan. Uch marotaba jarimaga tortilgan. Nahotki shu jarima hamda ogohlantirishlardan so‘ng ham ishlarni tartibga keltirishning iloji bo‘lmadi?

UYNoTvKIHdaF4kxfrinTIY1nZHXdIJ8q.jpg (1280×858)

Bu ishlarni maktab ma’muriyati o‘zining mablag‘lari hisobidan qilmaydi. Maktab direktori bu ishlarni tuman hokimiyatiga yoki tuman xalq ta’limi boshqarmasiga murojaat qilgan holda tashkil etishi kerak.

Qo‘mita tizimi inspektorlari joylarga chiqib, holatni aniqlagandan so‘ng ogohlantirish xatini beradi. Ogohlantirish xatida barcha talablar yoziladi. Xatda qanday asosda jarimaga tortilayotgani ko‘rsatib o‘tiladi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining 787-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 91(2)-moddasi bilan jazo chorasi qo‘llanilayotgani bayon etiladi.

Maktab ma’muriyati o‘z hududida chiqindilarni konteynerlarda yig‘ish tizimini ana shu me’yoriy-huquqiy asoslar talablariga muvofiq joriy etishi kerak edi”, – deydi Ekoqo‘m rasmiysi.

Umarjon Abdullayev

Umarjon Abdullayevga ko‘ra, bu kabi talablar prezident hujjatlarida ham bor. Ekologiya qo‘mitasi prezident huzuridagi yig‘ilishlarda ijtimoiy obektlar: maktab, tibbiyot muassasalarini chiqindi konteynerlari bilan ta’minlashga oid masalalarni ko‘targan, bu boradagi topshiriqlar davlat rahbari o‘tkazgan yig‘ilishlar bayonlariga kiritilgan.

Bundan tashqari, 2020 yilda “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori ham qabul qilingan.

Bu qaror bilan Moliya, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim vazirliklariga 2021 yildan boshlab budjet tashkilotlarining xarajatlar smetalarida maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha kommunal xizmatlar haqini to‘lash va chiqindi konteynerlarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarga yetarli budjet mablag‘lari nazarda tutilishi bilan bog‘liq vazifalar belgilangan.

qb7EPYKFYcQhn3YFxlp2q2yXvRYP0CRk.jpg (1280×858)

“Ammo hanuzgacha bu tizim o‘z samarasini bermadi. Barcha ijtimoiy obektlar – maktablar, bog‘chalar hamda tibbiyot muassasalariga jami 35 804 ta konteynerni o‘rnatish talab etiladi. Hozirga kunda o‘rnatilganlarning soni – 10 527 ta. Yana 25 mingdan ortiq konteyner o‘rnatish kerak.

Chiqindilarning uyulib yotishi atrof-muhit, inson salomatligiga ta’sir etishi bilan bir qatorda sanitariya korxonalarining ishini yanada mushkullashtiradi. O‘sha maktab misolida gapirsam, mana shu obektda uyulib yotgan chiqindini olib chiqib ketishi uchun bitta ekipaj yarim kunini sarflaydi – xodimlar qo‘lda, belkurakda chiqindini mashinaga ortadilar. Vaholanki, mazkur ekipaj shu vaqt mobaynida 2 ta mahalla, yana maktab, bog‘chalardagi chiqindilarini olib chiqib ketishi mumkin edi. Demak, vaqt va ishchi kuchi ortiqcha sarflanyapti.

Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, ijtimoiy obektlar chiqindi konteynerlari bilan o‘z vaqtida ta’minlanadigan bo‘lsa, chiqindilarni olib chiqib ketishi vaqti 6 baravarga qisqaradi. Bu degani o‘rtacha yiliga 51 ming soatni iqtisod qilamiz. Buning natijasida biz qo‘shimcha yana 200 ta mahallani qamrab olishimiz, 29 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ olish hamda yangi texnika xarid qilishdan

63 mlrd so‘m budjet mablag‘larini iqtisod qilishimiz mumkin.

Bu kabi masalalarning barchasi sanitar tozalash korxonalari iqtisodiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Shu sababli biz bu kabi holatlar bilan doimiy ravishda kurashib kelmoqdamiz. Qo‘mita tizimidagi davlat inspektorlariga vazifalar qo‘yganmiz, obektlarga, shu jumladan ijtimoiy obektlarni o‘rganish, jarimadan avval muddatli ogohlantirishlar berish vazifalarini qo‘yganmiz.

U yoki bu obektlar rahbariyatlari birinchi ogohlantirishdayoq tegishli tuman, shahar, viloyat boshqarmalariga murojaat etib, jarimalarni kutib o‘tirmasdan bu kabi muammolarni hal etishi mumkin edi.

Hozir respublika bo‘yicha reydlar o‘tkazilmoqda va bu kabi tadbirlarni davom ettirib boramiz, toki atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari bartaraf etilsin”, – deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Umarjon Abdullayev.

Top