15:06 / 21.12.2021
5488

«Matbuot uyi» uchinchi marta ham sotilmaydigan bo‘ldi

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga ko‘ra, «Matbuot uyi» binosi uzil-kesil sotuvdan olingan va OAV foydalanishi uchun qoldiriladi.

Foto: Telegram / Xushnudbek.uz

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bir guruh bosma matbuot nashrlari bosh muharrirlari bilan uchrashdi. Unda bosma matbuot — gazeta va jurnallar faoliyatiga oid muammolar, yangi takliflar muhokama qilingan.

Shuningdek, «Matbuot uyi» nomi bilan mashhur bo‘lgan va hozirda sotuvga qo‘yilgan bino uzil-kesil sotuvdan olingani hamda ommaviy axborot vositalari, jumladan, bosma nashrlarga qoldirilishini ma’lum qilgan.

Sherzod Asadovga ko‘ra, ushbu masala Prezident nazoratida bo‘lib, bino zamonaviy talablar asosida qayta quriladi hamda ommaviy axborot vositalari, xususan Jurnalistlar uyushmasi foydalanishi uchun topshiriladi.

Bundan tashqari, OAVlar, bosma nashrlar hamda Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus qaror loyihalari tayyorlanayotgani ma’lum qilindi.

Avvalroq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Mirobod tumanidagi ma’muriy bino («Matbuot uyi») sotuvga qo‘yilganini e’lon qilgandi.

Ma’lumot uchun, «Matbuot uyi» binosi 2019 yilning 18 noyabr kuni ham E-ijro platformasi orqali ochiq auksionga qo‘yilgandi. Keyinchalik bu ma’lumot ochiq auksion saytidan olib tashlangan va bino sotilmagan.

Bundan tashqari, mazkur bino 2018 yilning 21 aprelida 15 milliard so‘m qarzdorligi uchun ham auksionga qo‘yilgan, keyin esa Toshkent shahar hokimiyati tomonidan savdodan olinib, matbuot vakillariga qaytarilgan.

Top