21:36 / 21.12.2021
58563

Prezident bosh prokurorga: «Katta-katta hokimlarni jinoiy javobgarlikka torsangiz, hurmat qilishni boshlayman»

Prokuratura yer ajratishdagi korrupsiya holatlariga qat’iy chora ko‘rishi shartligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda kadastr sohasida mavjud muammolar haqida gapirdi.

Xususan, elektron hisobga olinayotgan qishloq xo‘jaligi yerlari qog‘ozda yuritib kelingan Yer fondi hisoboti bilan farq qilayotgani aytib o‘tildi.

«Xatlovda ko‘plab muammolar ham aniqlandi. Misol uchun, elektron hisobga olinayotgan qishloq xo‘jaligi yerlarini qog‘oz shaklida yuritib kelingan yer fondi hisoboti qog‘oz bilan yerda o‘lchaganimizda farq qilmoqda.

Yillar davomida shunday ketavergan, fermerga 5 gektar o‘rniga 10 gektar bergan, 10 gektar yozilgan bo‘lsa, 12,5 gektar berilgan. Hamma yer poraxo‘rlik bo‘lgan.

Agar rostini aytsak, 30 yilda yerning hisobi yo‘q O‘zbekistonda. Mas’uliyat ham yo‘q, javobgarlik ham yo‘q. Parlament ham qaramagan, hech kim qaramagan, hech kim nazorat qilmagan O‘zbekiston sharoitida.

Juda katta korrupsiya holatlari bor yer masalasida. Qonun qabul qildik, lekin prokuratura bu qonundan foydalanmayapti, foydalana olmayapti», dedi prezident.

Respublika bo‘yicha 30 mingta fermer va dehqonlarga ajratilgan yer maydoni hujjatdagiga nisbatan 67 ming gektarga ko‘pligi aniqlangan.

«Hammasi poraxo‘rlik. Hech kim bir gektar yoki bir sotix joyni bekorga bermaydi-ku?

Ayniqsa 28 mingta holatda yer maydoni hokim qaroriga nisbatan amalda 234 ming gektarga kamligi ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, yo‘l, elektr, gaz ta’minoti, suv xo‘jaligi, obodonlashtirish obektlari, ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar kadastrida ham ko‘plab muammolar mavjud.

Hokim va prokurorlar, buning orqasida aniq pora va korrupsiya turibdi. Mana shuni bosh prokuror ham, yoqadimi, yoqmaydimi, hammaga aytishi kerak.

Bizda Konstitutsiya bo‘yicha korrupsiyaga qarshi eng katta organ - prokuratura. Konstitutsiyaviy burchi bularning.

O‘rtoq Yo‘ldoshev, shuni hammaga qattiq aytish kerak - buning orqasida pora turibdi, korrupsiya turibdi. Faqat majlis o‘tkazish emas, jinoiy javobgarlikka tortish kerak. Katta-katta hokimlarni jinoiy javobgarlikka torsangiz, men sizni hurmat qilishni boshlayman», deydi prezident.

Top