19:57 / 22.12.2021
21473
«Bilmaysizlar, qanday boy odamsizlar!» - Prezident Olmaliqda aniqlangan yerosti boyliklari haqida

Olmaliq konlarida 5 ming tonna oltin hamda misning katta zaxirasi borligi ma’lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi hamda shu yerda mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan ham muloqot bo‘ldi.

«Misni qayta ishlovchi birinchi va ikkinchi korxonalarimiz bor edi. MOF-1 va MOF-2. Endi MOF-3 qilyapmiz.

O‘zi umuman islohotlarni boshlaganimizda, O‘zbekiston yerosti boyliklariga e’tibor qilganimizda, oxirgi 25 yilda geologiyaga e’tibor qilinmagani uchun, bilmagandik bizda shunchalik ko‘p yerosti boyliklarimiz borligini.

Sizlar bilmaysizlar, qanday boy odamsizlar, qanday yerosti boyliklari ustida yashayapsizlar! (tabassum bilan)

Bu yerda hozir topgan zaxiramiz 5 ming tonnadan ko‘proq. Bu juda katta, kelajagi bor korxona. Hozir men topshiriq berdim, bir oy ichida to‘rtinchisiniyam boshlaymiz, beshinchisiniyam boshlaymiz.

Misni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymat bo‘ladigan mahsulot ishlab chiqarishimiz kerak. O‘n marta emas, yuz marta o‘lchab, bir kesishimiz kerak.

Bunga juda ko‘p mablag‘ ketadi, lekin kelajakka zamin yaratamiz. Shunday korxonalar paydo bo‘lib, xalqimizga manfaat olib kelishi uchun chora-tadbirlar ko‘ramiz.

Bir narsani bilishlaring kerak - Olmaliq bugungi Olmaliqligicha qolmaydi», degan prezident.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, kombinatning JORC kodeksi bo‘yicha baholangan mis resurslari 45 million tonnani, oltin resurslari esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etadi. Bunga asoslanib, 2030 yilda mis ishlab chiqarish hajmini 515 ming tonnaga, oltinni 52 tonnaga, kumushni 343 tonnaga olib chiqish bo‘yicha konsepsiya tayyorlangan. Buning evaziga kombinatning yillik ishlab chiqarish hajmini 8 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Top