16:50 / 22.12.2021
15801

Shofirkonga yana bankir hokim bo‘ldi

Markaziy bank Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i viloyatning Shofirkon tumaniga hokim bo‘ldi.

Bugun, 22 dekabr kuni Buxoro viloyati Shofirkon tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, sessiyada so‘zga chiqqan Botir Zaripov oxirgi yillarda Shofirkon tumanidagi dolzarb muammolarni hal qilish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi darajaga ko‘tarish borasida sezilarli o‘zgarishlar qilinganini qayd etdi. Shu bilan birga, bugungi davr yurt taraqqiyoti va xalq farovonligini oshirish uchun oldinga muhim va keng qamrovli vazifalarni qo‘yayotgani ham ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, Shukrullo Hakimovni Shofirkon tumani hokimi lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qaror deputatlarga o‘qib eshittirildi. Ushbu masala ovozga qo‘yilib, deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Viloyat hokimining Jamshid Fazliddinovich Sharopov nomzodini Shofirkon tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori deputatlarga ma’lum qilindi. Muzokaralardan so‘ng nomzodni Shofirkon tumani hokimi lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi qaror deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Jamshid Sharopov 1984 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005 yilda Buxoro davlat universitetini, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini bitirgan. Mutaxassisligi — iqtisodchi.

U mehnat faoliyatini 2002 yilda «Paxtabank»ning viloyat boshqarmasi mutaxassisi sifatida boshlab, «Agrobank»ning viloyat boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, Buxoro shahar filiali boshqaruvchisi, 2014-2020 yillarda «Agrobank»ning viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 

U ayni vaqtga qadar Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Ma’lumot uchun, Shofirkon tumanining avvalgi hokimi, 2020 yil fevralida lavozimga tayinlangan Shukrullo Hakimov ham o‘z vaqtida Markaziy bankning Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. Hozircha uning keyingi faoliyati haqida ma’lumot yo‘q.
Mavzuga oid
Top