17:18 / 22.12.2021
6188

Toshkent metrosi yo‘lovchilari soni 1 yil ichida 1,5 barobarga oshgani ma’lum qilindi

Metropoliten rasmiysi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda metrodagi tiqilinchlar yuzasidan izoh berarkan, kunlik yo‘lovchilar soni 2020 yil sentyabrida 380 ming, 2021 yil sentyabrida esa 200-220 ming nafarni tashkil etganini ma’lum qildi. Tiqilinchlarni kamaytirish uchun yangi vagonlarga ehtiyoj ortgan.

Foto: yuz.uz

Oxirgi vaqtlarda Toshkent metrosida yo‘lovchilar soni keskin oshib, tiqilinchlar odatiy holga aylanib bormoqda. Kunning tig‘iz vaqtlarida ayrim yo‘lovchilar poyezdga sig‘may qolayotgan holatlar ham ko‘payib qoldi.

Kun.uz muxbiri bu masalada “Toshkent metropoliteni” DUK Harakat xizmati boshlig‘i Culton Qodirov bilan suhbatda bo‘ldi.

Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, hozirda metro poyezdlarida bir kunda 400-410 ming nafar yo‘lovchi tashilmoqda. Taqqoslash uchun, yo‘lovchilar soni sentabr oyida kunlik 380 ming, 2021 yil yanvaridan may oyigacha esa 300-320 ming kishi atrofida bo‘lgan.

2020 yil sentyabr oyida metro poyezdlarida kuniga 200-220 ming nafar yo‘lovchi tashilgan ekan.

Kun.uz avvalroq Toshkent metrosidagi 59 ta poyezddan 44 tasining ishga tushirilganiga 21 yildan 40 yilgacha vaqt o‘tgani haqida yozgandi. Ayni paytdagi harakat tarkibining (4 vagonli poyezd) yoshi o‘rtacha 38 yoshni tashkil etyapti.

“Ularning hammasini yangilash kerak. Bu yil yangi harakat tarkiblari soni jami 15taga yetkazildi. Tirbandliklar kamayishi uchun poyezdlar intervali qisqarishi kerak, buning uchun esa yangi to‘rt vagonli metro poyezdlari olib kelinishi zarur”, deydi metropolitenning Harakat xizmati boshlig‘i.

Metroda yo‘lovchilar sonining oshishi oxirgi yillarda metro bekatlari soni sezilarli ko‘paygani bilan bog‘liq. 2020 yilgacha bekatlar soni jami 29 ta edi; ikki yil ichida Yunusobod yo‘nalishida 2 ta, Toshkent halqa yo‘lida 7 ta, Sergeli yo‘lida 5 ta bekat foydalanishga topshirildi. Shu bilan jami bekatlar soni 43 taga yetdi.

Yangi bekatlar barpo etilgan manzillar ham shaharning aholi gavjum qismlarida joylashgan. Bundan tashqari, kelgusi yillarda yana yangi bekatlar ochilishi kutilyapti.

Sulton Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, 7 bekatli Toshkent halqa yo‘li ochilganida 4 vagonli beshta yangi poyezd sotib olingan. Ammo qolgan 7 ta yangi bekat uchun avvaldan harakatlanib kelgan (aksariyati eski bo‘lgan) poyezdlar qatnaydi. Bu ham tiqilinch yuzaga kelishiga, poyezdlar yetishmasligiga olib kelmoqda.

Avvalroq berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2022 yilda 14 ta to‘rt vagonli metro poyezdlari olib kelinadi. Shunda poyezdlarning umumiy soni 80 taga yetkazilib, metro poyezdlarining o‘rtacha yoshi 38 yoshdan 26 yoshga qisqartiriladi.

2022 yilda, shuningdek, 10 ta vagonni kapital ta’mirdan chiqarish ham rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Toshkent metrosi ishga tushganiga 45 yil to‘ladi.

Top