17:20 / 23.12.2021
46099

Ekologik inqiroz: O‘zbekistonning suv muammosiga yechim bormi? | Vazir bilan suhbat

O‘zbekiston uchun obi-hayot yetishmovchiligi tobora katta xavfga aylanyapti. Tahlilchilar yaqin 20 yillikda Markaziy Osiyo davlatlari keskin suv taqchilligi bilan yuzlashishini aytadi.

Xo‘sh, holatni yumshatish borasidagi ishlar-chi? Kun.uz muxbiri mavzu atrofidagi savollar yuzasidan Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev bilan intervyu uyushtirdi.

— Shavkat aka, oxirgi yillarda Markaziy Osiyoni suv bilan ta’minlaydigan muz manbalarining 35-40 foizi erib ketdi. Bu jarayonlar esa yildan yilga tezlashib boryapti. Suv yetishmovchiligini hayotimizda har kuni sezyapmiz-u, lekin vazirlikning bu borada ko‘rayotgan choralarini umuman sezmayapmiz.

— Harakatlarimizni ko‘rmayotganingiz ish qilinmayotganini bildirmaydi. 30 noyabr kuni «Suv va suvdan foydalanish» bo‘yicha qonunga o‘zgartishlar kiritildi. Umuman oxirgi 3 yilda sohada ikkita qaror, uchta prezident farmoni va to‘rtta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Biz yuqorida matbuot anjumanida ham aytdikki, oxirgi 3 yilda suv tejovchi va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish 9 barobarga oshdi.

Bu borada fermerlar va suv tejovchi texnologiyalar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarga subsidiyalar berish tartibi yengillashtirilmoqda. Bu texnologiyalar nafaqat mahalliy, balki eksport talabiga ham to‘la javob beradi.

Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari avval Navoiy viloyatida faoliyat ko‘rsatardi, yaqinda esa xuddi shunday korxona Xorazm viloyatida ham ish boshladi. Shuningdek, bunday korxonalar Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida ham faoliyat yuritmoqda.

Zamonaviy nasos va dvigatellar ham hozir to‘liq o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda.

— Siz subsidiyalar haqida gapiryapsiz, lekin fermerlar subsidiya olish shartlari hamon qiyinligi va ularning hozirgi sharoiti bunga javob bermasligini aytadi. Balki subsidiya olish shartlarini yanada yengillatish kerakdir.

— Pul hech kimga hech qachon ko‘plik qilmaydi. Hozirgi sharoitda ham biz ko‘plab ijobiy natijalarni ko‘ryapmiz. Biz subsidiyaga qoniqmayotgan fermerlarni o‘sha yuqori natijali fermerlarning dalasiga olib boryapmiz. Ularga aytyapmiz, mana, shu odam qilyapti-ku.

Bu kabi texnologiyalar nafaqat suvni tejaydi, balki mineral o‘g‘it va suvchilarning mehnatini ham. Umuman, suv tejovchi texnologiyalar odatdagi xarajatlarni 50 foizga qisqartiradi. Hosildorlik ham 10-15 foizga oshyapti.

Qaytaraman, suv taqchilligining yagona yechimi – bu suv tejovchi texnologiyalar.

— Suv yetishmovchiligi kuzatilar ekan, uning birinchi zarbasini dehqon va tomorqachi sezadi.

Tahririyatimizga kelayotgan murojaatlarga ko‘ra, joylarda suvning katta qismi fermerlar tomonidan olib qo‘yiladi va dehqon, tomorqachiga ko‘p holatda suv tegmaydi. Ular suvdan foydalanish bo‘yicha qonun joylarda ishlamayotganidan nolimoqda. Xo‘sh, nega suvdan foydalanish tartibini joylarda ishlatolmayapsizlar?

— Fikrlaringiz noto‘g‘ri, ba’zi hollarda desangiz qo‘shilaman. Suvni fermer olib, tomorqachi ololmay qolgan hududlar respublikada 1 foizni ham tashkil qilmaydi. Men 90 foiz holatda suvni adolat bilan taqsimlayotganimizni isboti bilan ko‘rsataman. Balki 4-5ta joyda e’tiborsiz qolgan shunday holatlar bordir.

Agar suvsiz qolgan hududlar bizga murojaat qilsa, biz ularning murojaatini albatta o‘rganamiz va hal qilib beramiz. Balki kimdir arig‘ini qazimagan va shuning uchun unga suv kelmas.

— O‘zbekistonning suv muammolariga yana bir sabab – bugun suvning 50 foizi dalaga yetib kelguncha, kanallarning o‘zida yo‘qotilmoqda. Bugun yirik kanallarni betonlashtirish yoki quvurlashtirish ishlarida faollikni nega sezmayapmiz?

— Bu borada yetarlicha ishlayapmiz. Masalan, yaqinda Xorazm viloyatida yirik sistemani rekonstruksiya qildik. Borib ko‘ring, havasingiz keladi. U yerdagi ishlarimiz tufayli suvni 50 foiz tejashga erishdik. Surxondaryoda esa kanallar quvurlashtirilyapti. Farg‘onada ham. Lekin bu ishlarning hammasi birdaniga bo‘lmaydi-ku. Bular shuncha yil qilinmagan ishlar edi.

Yaqinda Bo‘zatov tumanidagi nasos stansiyasi qurilishi tugaydi. U yerlarda 3000 ming gektar maydon 30 yil avval shunday sug‘orilgan, keyin to‘xtab qolgan. Bizda loyihalar ko‘p.

2021 yilda 8 mlrd kub suv kam bo‘ldi. Biz shunga qaramasdan, 3 mln 400 ming tonnalik paxta yoki g‘alla xirmonini yetishtirdik.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Azimjon Vohidov.

Top