16:01 / 23.12.2021
37211

G‘aroyib tez yordam, osma ko‘prik, qishga g‘amlangan suv. “Manzil” – Oqdahana

“Manzil” loyihasi bu safar Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining Oqdahana qishlog‘ida yashovchi, jaydari va samimiy insonlar haqida hikoya qiladi.

Manzilimizga mashinada emas, poyezdda borishga qaror qildik va Pop-Qarshi poyezdiga o‘tirdik. Poyezd ichidagi atmosfera ajoyib. Birinchi chiqqan odam o‘zini hind filmlaridagi qadimiy poyezdga tushib qolgandek his qiladi. Kimdir uxlab yotgan, kimdir yonidagi inson bilan tanishgan, yana kimdir esa qurt, non, kofe va shunga o‘xshash narsalarni sotib yurgan. Erta tongda esa Qarshi shahridan Qamashi tumaniga yo‘l oldik.

Oqdahana qishlog‘i Langardaryo deb ataluvchi soyning ikki yoqasida, adirliklarda joylashgan. Aholisi asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Odamlari bilan gaplashib, bahri dilingiz ochiladi.

Sayohatimiz davomida ishga qatnash uchun ulkan qurigan soyni piyoda kesib o‘tadigan hamshira Maysara opa Jumayeva, aholi doimiy foydalanadigan uzun va ekstremal osma ko‘prik, qish uchun suv g‘amlashga mo‘ljallangan ombor-quduqlar bilan tanishdik.

Qishloq shifokorlari mehnatini alohida aytib ketmasak bo‘lmas. Chunki yog‘ingarchilik boshlangan kezda, ko‘plab joylarga mashina harakatlana olmaydi. Bunday paytda shifokorlar eshak va otlarda bemorlarga yordam berish maqsadida yo‘lga otlanishadi.

Xullas, qisqagina ko‘rsatuvimiz orqali haqiqiy qishloq hayoti zavqini oz bo‘lsa-da ulashishga harakat qilamiz. Loyihamizni layk bosish va izoh yozish orqali qo‘llab-quvvatlashni unutmang. Biz esa yangi manzillar tomon yo‘l olamiz.

Tohirjon Tursunov,
Boymirza Xalilov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Mavzuga oid
Top