20:49 / 23.12.2021
3790

JSST ekspertlari bolalarni koronavirusga qarshi ommaviy ravishda emlamaslikni tavsiya qildi

O‘tgan haftada YeIning qator mamlakatlari 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarni koronavirusga qarshi emlashni boshlagandi.

Foto: AP

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ekspertlar strategik maslahat guruhi bolalar va o‘smirlarni koronavirusga qarshi ommaviy ravishda emlashdan ogohlantirdi. 

«Hozirda JSST bolalar va o‘smirlarni ommaviy emlashni tavsiya qilmaydi, chunki bu yosh guruhida jiddiy kasallanishlar ulushi past va barcha mamlakatlarda og‘ir kasallikka chalinish xavfi yuqori bo‘lgan guruhlar to‘liq qamrab olinmagan»,— deyiladi JSST bayonotida.

Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusdan o‘lim holatlarini xatar darajasi past bo‘lgan guruhlarni, ya’ni voyaga yetmaganlarni emlash bilan emas, yuqori xatar guruhidagilarni qayta emlash bilan kamaytirish mumkin.

O‘tgan haftada YeIning qator mamlakatlari, jumladan, Gretsiya, Italiya, Ispaniya va Vengriya 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarni koronavirusga qarshi emlashni boshlagani xabar qilingandi.

Avvalroq JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus kelayotgan 2022 yilda koronavirus pandemiyasi tugashi mumkinligini aytgandi.

Mavzuga oid
Top