09:08 / 23.12.2021
1963

Urgutda «Damas» mashinasini olib qochgan shaxs YTH sodir etib qochib ketdi

Foto: IIB axborot xizmati

Urgut tumanida mashina olib qochgan shaxs yo‘l-transport hodisasi sodir etib, qochib ketgan. Bu haqda IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 17 dekabr kuni Urgut tumani IIBga fuqaro E.I. ariza bilan murojaat qilib, mashinasini o‘g‘irlab ketgan noma’lum shaxsga chora ko‘rishni so‘ragan.

Uning murojaatiga ko‘ra, 2021 yil 16 dekabr kuni o‘ziga tegishli bo‘lgan oq rangli «Damas» mashinasini ko‘chada qarovsiz qoldirganda noma’lum shaxs uni olib qochgan. So‘ng, «Chorchinor» mahallasida yo‘l-transport hodisasiga uchrab, «Damas»ni hodisa sodir bo‘lgan joyga tashlab ketgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish davomida, «Damas»dan olingan qo‘l barmoq izlarini aniqlash maqsadida, viloyat IIB Ekspert kriminalistika bo‘limiga sudga-oid daktiloskopik ekspertiza tayinlangan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mashinadagi qo‘l barmoq izlari Urgut tumanida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan B.H.ga tegishli ekanligi aniqlangan va u viloyat hamda tuman IIB JQB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top