18:02 / 24.12.2021
7875
Isroil harbiylariga buyum uloqtirib qochayotgan falastinliklarni otib o‘ldirishga ruxsat tegdi

Isroil qurolli kuchlari (TsAHAL) o‘z harbiylari tomonga buyum uloqtirib, qochishga tushgan falastinliklarga qarata o‘q uzishga ruxsat berdi.

Foto: Nasser Ishtayeh/Flash90

TsAHAL tosh va «Molotov kokteyllari» uloqtiradigan falastinliklarga qarshi o‘qotar quroldan foydalanish qoidalarini belgilab beruvchi yo‘riqnomalarga o‘zgartirishlar kiritgan. Endi ularga narsa uloqtirib, qochishga tushgan falastinliklarni o‘qqa tutishga ruxsat berildi, deb yozadi Israelinfo.

Shu paytgacha yo‘riqnomaga ko‘ra qo‘lida tosh yoki «Molotov kokteyli» bilan hujum qilishga tayyorlanayotgan falastinliklar tomon o‘t ochishga ruxsat berilgan edi. Qochib ketayotganlarning ortidan o‘q uzish taqiqlangan va bu hol «vatanparvar jamoatchilik»ning qattiq e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Yangi yo‘riqnoma qochib ketayotgan insonni o‘ldirishga faqat bir holatda ruxsat beradi — agar o‘q uzish «jang maydonida», ya’ni buyum uloqtirilganidan so‘ng darhol amalga oshirilsa.

Armiya yo‘riqnomalaridagi yangi «yengilliklar» haqida «Kan» nashri muxbiri Roi Sharon birinchi bo‘lib xabar bergan. Jurnalistning ma’lum qilishicha, so‘nggi haftalar ichida TsAHAL yangi yo‘riqnomani barcha askarlarga yetkazgan.

Tel-Aviv universitetining huquq fanlari professori Eliav Liblixning aytishicha, yangi qoidalar xalqaro qurolli mojarolar to‘g‘risidagi qonunlarga zid. Chunki Iordan daryosining g‘arbiy sohilida faol qurolli to‘qnashuvlar yo‘q. Shuningdek, qoidalar inson haqlari to‘risidagi qonunlarga ham zid, chunki o‘zini o‘zi himoya qilish talablariga to‘g‘ri kelmaydi.

Isroilning 13-telekanali harbiy sharhlovchisi Alon Ben-David siyosiy munozara chog‘ida, shu yilning may oyidan buyon, «Devorlarni qo‘riqlash» operatsiyasidan so‘ng TsAHAL tomonidan 75 nafar falastinlik o‘ldirilganini eslatib o‘tgan. «Biroq biz bu haqida hikoya qilmaymiz, chunki bu yahudiy ommasi uchun qiziq emas», — degan jurnalist.

Mavzuga oid
Top