14:14 / 24.12.2021
17445

Qozog‘iston O‘zbekistonga 172 mln dollarlik yangi yo‘l qurishni rejalashtirmoqda

Qozog‘iston O‘zbekistonga 75 milliard tenge (172 million dollar) evaziga yo‘l qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligi LS nashriga ma’lum qildi.

Foto: Depositphotos

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida ikki davlat vakillari Qizilo‘rda-Uchquduq avtomobil va temir yo‘li qurilishi rejasini imzolagan. Magistral yo‘l uzunligi 280 kilometrni tashkil etishi, jumladan, 140 kilometri Qozog‘iston hududidan o‘tishi kutilmoqda. 

2024-2025 yillarda yo‘lning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, 2025 yildan esa ikki-uch yil ichida yo‘l qurilishini boshlash rejalashtirilgan. 

«Magistral yo‘l qurilishining smeta qiymati 75 milliard tenge, jumladan, nazorat-o‘tkazish punkti qurilishi uchun 5 milliard tengeni tashkil etadi», — deyiladi Qozog‘iston Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligi xabarida. 

Vazirlikning taxminiga ko‘ra, bu yo‘l Markaziy Osiyo davlatlarini Qozog‘istonning janubiy, markaziy va shimoliy hududlari orqali Rossiya bilan birlashtiradi. Yo‘l Qizilo‘rda – Jyezqozon – Pavlodar – Rossiya chegarasi xalqaro koridorining bir qismi bo‘ladi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni Qizilo‘rda – Uchquduq yangi temir yo‘l liniyasini qurish tashabbusi bilan chiqmoqda. Qo‘shma harakatlar rejasi imzolangan. Texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish uchun iqtisodiy tahlil o‘tkazish qolgan. 

Biroq, bu ikki davlatning rejalaridagi yagona temir yo‘li emas. 

Sayyohlik salohiyatini oshirish uchun 2021-2024 yillarda Turkiston-Chimkent-Toshkent tezyurar avtomobil yo‘lini qurish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu loyiha Markaziy Osiyoning eng yirik tarixiy-madaniy markazlarini birlashtiradi, yo‘lovchi tashish hajmini yiliga 1,9 million yo‘lovchiga yetkazadi. 

Shuningdek, 115 km uzunlikdagi O‘zbekiston temir yo‘l liniyalariga chiqadigan Darboza – Maqtaral temir yo‘l liniyalari qurilishi ham ishlab chiqilmoqda. Davlat rejasida mazkur loyihaga 161,8 milliard tenge mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. 

Mavzuga oid
Top