21:22 / 27.12.2021
16674
O‘zbekistonning tashqi qarzi 9 oyda 3,7 mlrd dollarga oshdi

1 oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi yil boshiga nisbatan 11 foizga oshib, 37,6 mlrd dollarga yetgan.

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi joriy yilning boshiga nisbatan 11 foizga yoki 3,7 mlrd dollarga oshib, 2021 yil 1 oktabr holatiga 37,6 mlrd dollarni (joriy yilning 1 yanvar holatiga 33,8 mlrd dollar) tashkil qilmoqda.

Xususan, yil boshiga nisbatan davlat tashqi qarzi 7 foizga yoki 1,5 mlrd dollarga o‘sib 22,9 mlrd dollarni, davlat tomonidan kafolatlanmagan (yoki xususiy) tashqi qarz esa 18 foizga, yoki 2,2 mlrd dollarga o‘sib 14,7 mlrd dollarni tashkil etgan.

2021 yilning 9 oyida xususiy sektor tomonidan 4,7 mlrd dollar miqdoridagi qarzdorlik jalb qilindi. Ushbu qarzlarning — 2,2 mlrd dollari banklar hissasiga, 1,1 mlrd dollari neftgaz va energetika sektoridagi korxonalarga, 447,2 mln dollari tog‘-kon va metallurgiya sanoati sektori va 1 mlrd dollari iqtisodiyotning boshqa sektorlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Hisobot davri mobaynida davlat tashqi qarzi bo‘yicha 621,8 mln dollar miqdoridagi asosiy qarz va 307,6 mln dollar miqdordagi foiz to‘lovlari amalga oshirilgan.

Xususiy tashqi qarz to‘lovlari esa asosiy qarz bo‘yicha 2,4 mlrd dollar va foiz to‘lovlari bo‘yicha 331,1 mln dollarni tashkil qilgan.

Qabul qilinishi kutilayotgan “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida davlat qarzi summasining YaIMga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi, davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkinligi haqidagi qoidalar nazarda tutilmoqda.

Mavzuga oid
Top