11:03 / 28.12.2021
7780

Hukumat tanqididan so‘ng qayta tashkil etilgan institut. Tizimda nimalar o‘zgardi?

Foto: Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti

Har bir sohada mutaxassislar muntazam va zamonaviy tarzda o‘z malakasini oshirib bormasa, rivojlanish va o‘zgarish o‘rniga tizim orqaga keta boshlaydi. Xalq ta’limi tizimi xodimlari malakasini oshirishda ko‘zga tashlangan shunday holat sabab 2020 yil 1 oktabr arafasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan tizimdagi qator muammolar tanqid ostiga olingan edi.

Oradan ko‘p o‘tmay Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi xodimlari malakasini oshirish instituti faoliyatini tubdan o‘zgartirish boshlandi. Institut qayta tashkil etildi va respublikaning 14 ta hududi uchun metodologik muvofiqlashtiruvchi etib belgilandi. Bunga qadar faqat rahbar va mutaxassis xodimlar malaka oshiradigan institut endi respublikadagi barcha pedagoglar uchun xizmat ko‘rsatishni boshladi. Xo‘sh, o‘tgan bir yil ichida muassasada nimalar o‘zgardi?

Yil davomida 22ta tashkilot bilan hamkorlik o‘rnatildi. Shundan 20tasi xalqaro tashkilot va 2tasi mahalliy tashkilotdir. UNICEF, UNESCO, USAID, Janubiy Koreyaning KEDI, KECI, KAIST institutlari, Malayziyaning Aminuddin Baki nomidagi malaka oshirish instituti, AQShning Georgia, Pitsburg universitetlari, Rossiyaning RAO, RISI tashkilotlari, Yaponiya JICA tashkilotlari bilan hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda.

Qo‘yilgan eng katta qadamlardan biri – avval 3 yoki 5 yilda bir marta malaka oshirish uchun bir oy davomida uyidan, ishidan uzilib o‘qish amaliyotiga chek qo‘yildi. O‘rniga har yili istalgan vaqt va istalgan joyda turib onlayn tarzda malaka oshirish amaliyoti – “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasi ishga tushirildi. Bu bilan o‘z o‘rnida pedagoglarning o‘tgan 5 yil mobaynidagi yangiliklardan bexabar qolishi, o‘qish jarayonidagi korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilishi kabilarga barham berildi. Platformaga malaka oshirish kontentini yaratishda ilk bor xorijiy va mahalliy xususiy sektor vakillari jalb etildi. 4 520 daqiqalik 291ta videokurs yaratildi. Platforma orqali yil oxirigacha 147 139 nafar tizim xodimlari (fan metodistlari va maktab direktorlari, kimyo, biologiya, boshlang‘ich fan o‘qituvchi) malakasi oshirildi.

2022 yilda O‘zbekiston ilk marta ishtirok etadigan Xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rishda ushbu institut jamoasi tinimsiz mehnat qilmoqda. Institut tomonidan tayyorlanish mexanizmlarini yaratish bo‘yicha “STesting” loyihasi ishlab chiqilib, 1 710 000 nafar 4, 8 va 9 sinf o‘quvchilari uchun PISA, TIMSS, PIRLS xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik bo‘yicha Stesting.uz trenajyor platformasi ishga tushirildi. Platformaga 1000tadan ortiq testlar joylashtirildi. O‘qituvchilarning shu yo‘nalishda malakasini oshirish uchun 103ta videokurs ishlab chiqildi.

O‘quvchilarga xorijiy tillardan saboq beruvchi o‘qituvchilar uchun alohida loyihalar yaratildi. Rus tilini o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan “ZO‘R!” (“KLASS!”) loyihasi amalga oshirilib, jami 225 nafar rossiyalik mutaxassis 185ta maktab va 14ta markazda faoliyat yuritishdi. 3674 nafar rus tili fani o‘qituvchilari hamda 751 nafar o‘quvchi maxsus sertifikatini oldi.

Ingliz tili bo‘yicha esa British Council bilan “Future English in Uzbekistan” loyihasi olib borildi va 3000 nafar ingliz tili o‘qituvchisi malakasi oshirildi.

Shimoliy Jorjiya universiteti bilan birgalikda joriy qilinayotgan maktab direktorlarining liderlik kompetensiyalarini oshirish va STEAM fanlarini maktabga joriy etishga qaratilgan “Maktablarda liderlik va STEAM” loyihasi maktablarda yangi ruhni yaratmoqda.

Institut barcha OAV uchun ochiq bo‘lib, bu yerda ishlash uchun mutaxassislarni Davlat xizmatlari agentligining ochiq tanlovi orqali suhbat asosida tanlab olish yo‘lga qo‘yildi.

“Ta’limda menejment” ixtisosligi bo‘yicha 10 nafar tayanch doktorant, 9 nafar mustaqil izlanuvchi, 2 nafar stajyor-tadqiqotchi qabul qilindi.

Kadrlar tayyorlashda uzviylikni ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi tizimida ilk bor “Kattalar ta’limi” va “Ta’lim menejmenti” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura tashkil etilib, 30 nafar magistr qabul qilindi.

Ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashda yil davomida 6 nafar tadqiqotchining dissertatsiya himoyasi (PhD) o‘tkazildi.

TALIS-2018 tadqiqoti so‘rovnomasi asosida 12446 nafar respondent ishtirokida so‘rovnoma-tadqiqot o‘tkazildi. Tadqiqot natijalari Singapur, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Finlandiya, Rossiya, Latviya, Niderlandiya, AQSh kabi mamlakatlar natijalari bilan qiyosiy tahlil qilindi hamda tadqiqotning 1-qism hisoboti chop etildi.

Bugun muassasa o‘z brendini yarata oldi: o‘z logotipiga va o‘zbek, rus, ingliz tillaridagi rasmiy veb-saytiga ega.

Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi xodimlari malakasini oshirish instituti 2022 yilda 4ta ko‘nikma bo‘yicha O‘zbek tilini bilishni baholovchi milliy tizim ishlab chiqishni rejalashtirgan. Bundan tashqari, o‘qituvchilar uchun malaka oshirishning 15ta muqobil shaklini yaratish, hududlar va fanlar kesimida o‘qituvchilar milliy zaxirasi bazasi yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali ish beruvchi va talabgor o‘qituvchilar uchun shaffof tizim – platforma ishga tushiriladi.

Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti matbuot xizmati Ⓣ

Top