15:06 / 29.12.2021
16680
Foto: 2021 yilda qurilgan eng yaxshi arxitektura durdonalari

Koronavirus pandemiyasi davom etayotganiga qaramay, 2021 yilda ko‘plab qurilish loyihalari bitkazildi. Masalan, Shvetsiyada yog‘ochdan ishlangan eng baland minora, Xitoyda esa eng katta astronomiya muzeyi qad ko‘tardi. Ularning bari nafaqat hajmi, balki tashqi ko‘rinishi va qurilish uslubi bilan kishini hayratga soladi.

2021 yilda dunyodagi eng yirik yog‘ochli minora qurib bitkazildi

AQShning Texas shtatida qisman 3D printerida bosib chiqarilgan turar joy binolari sotuvga qo‘yildi. G‘ayrioddiy binolarning eng ko‘pi Yevropada qurildi, ular jami 5ta. Undan keyingi o‘rinda esa 2ta ana shunday bino barpo etilgan Xitoy. AQSh, Qatar va Vetnam undan keyingi o‘rinlarni egallagan. Keling, o‘tayotgan yilda qurilgan eng qiziqarli arxitektura loyihalari qanday ko‘rinishda ekani va o‘ziga xos jihatlari bilan tanishib chiqsak.

Sara Kulturxus markazi, Shvetsiya

White Arkitekter arxitektura firmasi nihoyat dunyodagi eng baland yog‘och binoni qurib bitkazdi. U Shvetsiyaning Shellefteo shahri hududida joylashgan va Sara Kulturxus markazi deb nomlangan. Mazkur ulkan inshootda teatr, muzey, badiiy galereya, jamoat kutubxonasi, konferensiya markazi va mehmonxona birlashtirilgan.

Sara Kulturxus markazining uzoqdan ko‘rinishi

Minora balandligi 75 metrni tashkil etadi. Tashqi tomondan energiya samarador isitish va sovitishni ta’minlaydigan tizim o‘rnatilgan. Madaniy markazning ayrim qismlari quyosh panellari yordamida energiya bilan ta’minlanadi. Binoni qurishda plastikdan minimal darajada foydalanilgan. Energiyaning bir qismi esa ekologik toza manbalardan olinadi. Bu esa kelajakdagi atrof-muhit uchun xavfsiz inshootlar namunasidir. 

Sara Kulturxus markazining ichki qismi

Polsha qishloqlari shahidlar maqbarasi, Polsha

2021 yil iyulda Polshaning Mixnyuv qishlog‘ida yodgorlik majmuasi barpo etildi. U 1941 yildan 1944 yilgacha natsistlar qo‘lida halok bo‘lgan Polsha qishloqlari aholisiga bag‘ishlangan. Mazkur arxitektura obekti qayta tiklangan o‘n bitta qishloq uylarini o‘zida jamlagan. Inshootlar ichida urush yillariga oid hujjatlar, suratlar va boshqa buyumlar mavjud. Loyiha Nizio Design International dizaynerlik studiyasi tomonidan yaratilgan.

Mixnyuvdagi Polsha qishloqlari shahidlar maqbarasi

Casamia jamoat uyi, Vetnam

Shuningdek, joriy yilda to‘liq bambukdan ishlangan Casamia jamoat uyi ham qurib bitkazildi. U Vetnamning Xoyan shahri hududida joylashgan. Balandligi 9 metr va 22 arkadan iborat. Konstruksiya jamoat va sport markazlari, shuningdek, boshqa binolarni o‘z ichiga olgan. VTN Architecs dizaynerlik firmasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, inshoot hatto atrof-muhitning eng og‘ir sharoitlariga ham bardosh berishga mo‘ljallangan. Bino ichida ovoz yaxshi izolyatsiya qilingan. Bu esa bambukdan foydalanish afzalliklaridan biridir. 

Bambukdan qurilgan eng katta bino
Casamia jamoat uyining ichki qismi

Le Monde Group qarorgohi, Fransiya

Aslida bu inshoot 2020 yil so‘ngida qurilgan. Biroq New Atlas mualliflari uni o‘z ro‘yxatiga kiritishga qaror qildi. Bino yarim asrdan beri chop etib kelinayotgan Le Monde fransuz gazetasining bosh ofisi hisoblanadi. Snøhetta arxitektura byuro loyiha muallifi. U fasadni 20 mingta shisha bo‘laklaridan yaratishga qaror qildi. Shisha bo‘laklari 722ta turli naqshni aks ettiradi. G‘oya shundan iboratki, binoning tashqi ko‘rinishi ob-havoga qarab o‘zgaradi. Tashqi chiroyidan tashqari inshoot 1600 nafargacha xodimni sig‘dira olishi bilan ajralib turadi.  

Le Monde Group’ning yangi qarorgohi

Shanxay astronomiya muzeyi, Xitoy

2021 yil avgust oyida dunyodagi eng yirik astronomiya muzeyi paydo bo‘ldi. U Xitoyning Shanxay shahrida joylashgan. Ennead Architecs arxitektura byurosi konstruksiyani samoviy jism ko‘rinishida yaratdi. Muzeyning umumiy maydoni 39 ming kvadrat metrga teng. Bu yerda vaqtinchalik va doimiy eksponatlar, quyosh teleskopi, observatoriya, shuningdek, kuzatuv maydonchalari hamda teatr-planetariylar joylashgan. 

Shanxay astronomiya muzeyining tashqi qismi 
Shanxay astronomiya muzeyining ichki qismi 

“Tovush ibodatxonasi” konsert zali, Xitoy

Inshoot 2021 yilning dekabr oyi boshida qurib bitkazildi. U Pekin markazidan ikki soatlik masofada joylashgan va tog‘ vodiysida muvozanat ushlab turgan ulkan toshni yodga soladi. Mazkur g‘aroyib inshoot aslida ochiq osmon ostidagi konsert zali hisoblanadi. Binoga bejiz ulkan tosh shakli berilmagan. Qurilish vaqtida OPEN Architecture studiyasi nafaqat beton, balki mahalliy toshlardan ham foydalangan. Shuningdek, dizaynerlar bino atrof-muhit bilan maksimal darajada uyg‘un bo‘lishi, shuningdek, konsert zallarining barcha standartlariga javob berishini istashgan.

“Tovush ibodatxonasi” konsert zali ulkan xarsangtosh shaklida ishlangan
Bino ichidagi musiqachi 

Stefano Boeri vertikal zinasi, Niderlandiya

Stefano Boeri — vertikal zinali uylar quradigan italyan arxitektori. Uning qurilmalari dunyoning ko‘plab shaharlarida bor. 2021 yilda esa ulardan biri Niderlandiyada paydo bo‘ldi. Inshoot Eyndxoven shahrida joylashgan bo‘lib, daromadi kam bo‘lgan oilalar uchun uydan iborat. Bino balandligi 70 metr, unda 19ta qavat bor. Konstruksiya tashqi tomonga chiqib turuvchi balkon va o‘simliklar ko‘pligi bilan diqqatga sazovor. Niderlandiya minorasida 135ta daraxt, 8 500ta buta va 1500ta o‘simlik bor. Bu joy shaharda bo‘laturib, o‘zini qishloqdagidek his qilishni istovchilar uchun a’lo darajada mos keladi.

Rasm: Arxitektor Stefano Boeri tomonidan qurilgan yashil minora 

3D printerida bosib chiqarilgan turar joy binolari, AQSh

AQShning Texas shtatida 3D printerida bosib chiqarish texnologiyasida qurilgan to‘rtta uy paydo bo‘ldi. Texnologiya Icon kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Ehtimol, kelajakda undan ko‘p foydalanish mumkin bo‘lar. Bosib chiqarish texnologiyasidan uyning pastki qavatlarini yaratish uchungina foydalanilgan, yuqori qavatlar esa yog‘ochdan ishlangan. Har bir uy narxi 450 ming dollarga yaqin. Maydoni 179 kvadrat metrgacha. Uy ichkarisida ayvon, yashash hududlari va shiftlari baland yotoqxonalar bor.

Qisman 3D printerida bosib chiqarilgan uy

974 futbol stadioni, Qatar

Futbol bo‘yicha 2022 yil jahon chempionati Qatarda o‘tkaziladi. Ana shu tadbirga atab, u yerda ulkan stadion barpo etildi. Qurilish ishlari noyabr oyida yakunlandi. U ikki sababga ko‘ra raqamli “974” nomini oldi. Birinchidan, bu Qatarning telefon kodi, ikkinchidan, uni yaratishda aynan shuncha transport konteynerlaridan foydalanildi. Stadion maydoni 450 ming kvadrat metrga teng. U yerga 40 mingta tomoshabin sig‘adi. Stadionning asosiy o‘ziga xos jihati, u haqiqatan ham konteynerlardan iborat ekanida. Ana shu konstruksiya tufayli stadion chempionatdan keyin oson yig‘iladi, deb hisoblanmoqda. 

974 futbol stadionining qush parvoz etadigan balandlikdan ko‘rinishi
Stadion katta miqdordagi yuk konteynerlaridan iborat
Top