07:22 / 29.12.2021
9881
Shavkat Mirziyoyev MDHni rivojlantirishda asosiy e’tiborni uchta sohaga qaratishni taklif etdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda joriy yilgi hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, kelgusi 2022 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish va epidemiologik xavfsizlikni ta’minlashda yaqin hamkorlikni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

MDHni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritar ekan, davlat rahbari asosiy e’tiborni uchta: siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikka qaratishni taklif etdi.

MDH makonida to‘laqonli erkin savdo zonasini shakllantirish va transport bog‘liqligini mustahkamlash muhim ekani ta’kidlandi.

Ishtirokchilarning e’tibori global iqlim kun tartibini hisobga olgan holda barqaror “yashil” taraqqiyotga qaratilgan milliy dastur va strategiyalarni amalga oshirish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini mamlakatlar iqtisodiyotlarining raqobatli ustunliklari va bir-birini to‘ldirib turishidan foydalangan holda ta’minlash masalalarini hal qilishga doir yangi yondashuvlar ishlab chiqish dolzarb ekani qayd etildi.

Davlat rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston MDH doirasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi hamda sammit ishtirokchilari va ular orqali birodar xalqlarni yaqinlashib kelayotgan yangi yil bilan tabrikladi.

Shu bilan prezident Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburg shahriga amaliy tashrifi yakunlandi, davlat rahbari Toshkentga qaytib keldi.

Mavzuga oid
Top