15:47 / 29.12.2021
7890

Sirdaryo viloyati hokimligi qimmat mashinani olmaydigan bo‘ldi. Hokim o‘rinbosariga hayfsan berildi

Foto: kia.uz

Bundan bir necha kuni oldin Sirdaryo viloyati hokimining 23 dekabrda qabul qilgan 477,9 million so‘mga KIA Sorento Comfort mashinasini sotib olish haqidagi farmoyishi e’lon qilingandi. Bugun viloyat hokimi tegishli farmoyish bilan o‘sha qarorini bekor qildi.

2021 yil 29 dekabr kuni imzolangan farmoyishga ko‘ra, viloyat hokimligi hamda “Rodell” OAJ o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilingan. Ushbu shartnomaga asosan “KIA Sorento Comfort” rusumli avtomashina sotib olish uchun Rodell OAJ o‘tkazilgan 477,9 million so‘m mablag‘ hokimlikning hisob raqamiga qaytariladi.

Viloyat hokimining 2021 yil dekabr oyidagi farmoyishi bilan viloyat mahalliy budjeti daromadlarining 3-chorak rejasidan oshirib bajarilgan qismi hisobidan ajratilgan 477,9 million so‘m mablag‘ “Saxovat va ko‘mak jamg‘armasi”ga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, farmoyishga ko‘ra viloyat mahalliy budjeti mablag‘larini ishlatilishini hamda davlat haridlari to‘g‘risidagi talablarni yetarli nazorat qilmagani uchun viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Karimovga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Ma’lumot uchun, viloyat hokimligining sirdaryo.uz rasmiy veb-saytidagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, hokimlik balansida 2021 yil dekabr oyi holati bo‘yicha 14 ta xizmat avtomashinalari mavjud.

Eslatib o‘tamiz, hukumat qaroriga asosan, viloyatlar hokimlari uchun BHMning 2 000 baravaridan oshiq bo‘lgan qiymatda faqat bitta mashina sotib olishga ruxsat berilgan. Sotib olinadigan boshqa avtomobillarning eng yuqori narxi 1500 BHMdan oshmasligi belgilab qo‘yilgan. Bu – hozirgi vaqtda 405 million so‘mni tashkil etadi (1500x270 000).

Top