22:34 / 30.12.2021
15604

2021 yilda O‘zbekiston YaIM 7 foizga o‘sgani ma’lum qilindi

Yakunlanayotgan yilda O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 7 foizga o‘sgani, inflatsiya uzoq yillardan beri birinchi marta 10 foizdan pasaygani rasman ma’lum qilindi. Shavkat Mirziyoyev 2022 yilda ham YaIM o‘sishi 7 foizdan kam bo‘lmasligi kerakligini aytdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

30 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kelgusi yilda iqtisodiyot tarmoqlari va kommunal soha barqaror ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Rasmiy relizga ko‘ra, joriy yilda yalpi ichki mahsulot 7 foizga, sanoat 9,5 foizga, xizmatlar 20 foizga, qurilish sohasi 6 foizga, qishloq xo‘jaligi 4 foizga o‘sgan. Inflatsiya darajasi 10 foizdan past bo‘lgan.

Eksport hajmi 16,5 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan qariyb 1,3 milliard dollarga oshdi. Umumiy qiymati 12,4 milliard dollarlik 318 ta yirik va 14 mingta hududiy loyihalar ishga tushdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda kelgusi yilda ham iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, yalpi ichki mahsulot va sanoatni 7 foizdan yuqori, xizmatlarni qariyb 30 foizga oshirish maqsad qilingan.

Davlat rahbari yangi yilning boshidanoq barcha tarmoq va hududlar tizimli ishlab, bu maqsadlarga erishish uchun mustahkam zamin yaratish kerakligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qish oylarida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini bozorlarga barqaror yetkazib berish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiqlik ta’minoti, kommunal, sog‘liqni saqlash va yong‘in xavfsizligi tizimlarining barqaror ishlashi muhimligi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, jamoat, yong‘in va harakat xavfsizligi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

Top