13:48 / 31.12.2021
22485
Bayden va Putin dekabrning o‘zida ikkinchi marta muloqot o‘tkazdi. Yana Kreml so‘rovi bilan

AQSh prezidenti Jo Bayden hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin 30 dekabr kuni kechqurun telefonda muloqot qildi. Bu haqda har ikki prezident axborot xizmatlari xabar bergan. Amerika prezidenti Rossiya agressiyani davom ettiradigan bo‘lsa, jiddiy sanksiyaga uchrashi va Ukrainaga harbiy yordam kuchaytirilishidan ogohlantirgan.

Foto: AP

Yanvar oyida AQSh va Yevropadagi ittifoqchilari Rossiyaning NATOni kengaytirmaslik bo‘yicha talablarini muhokama qiladi. Bu Putin va Baydenning ushbu muzokaralar oldidan katta ehtimol bilan oxirgi muloqoti bo‘ldi.

Baydenning matbuot kotibi Jyen Psaki suhbat davomida Bayden Rossiya Ukrainaga bostirib kirish ehtimoli haqida ta’kidlab gapirganini e’tirof etdi: «Prezident Rossiya Ukrainaga yana bostirib kiradigan bo‘lsa, AQSh va ittifoqchilari munosib javob berishini tushuntirdi». Psakiga ko‘ra, Bayden muammoni diplomatik yo‘l bilan hal qilish kerakligini aytgan. Yanvarda Rossiya – AQSh formatida Jyenevada muzokaralar boshlansa, NATO – Rossiya formatida uchrashuvlar YeXHT doirasida o‘tadi. AQSh prezidenti bu muzokaralar faqatgina Rossiya Ukraina chegarasidan qo‘shinlarini olib ketgan taqdirdagina samarali bo‘lishini aytgan.

Oq uyning yuqori mansabli mulozimi shaxsi sir qolishi sharti bilan ma’lum qilishicha, Bayden NATOning Putin kengayishini istamayotgan sharqiy qanoti kuchaytirilishi va Ukrainaga harbiy yordam oshirilishi haqida ham gapirgan. Psakining aytishicha, Putin bilan muloqotdan avval Bayden Yevropadagi ittifoqchilar bilan, davlat kotibi Entoni Blinken esa Ukraina rahbariyati bilan gaplashgan.

Moskva nima dedi?

Rossiya prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov ham Bayden o‘zaro muloqotda Putinga sanksiyalar haqida gapirganini tasdiqladi: «Bayden navbatdagi marta sanksiyalar haqida gapirgan. Bu haqda 7 dekabr kungi suhbatda ham aytilgan edi. Bizning prezident esa bu munosabatlar butunlay darz ketishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qadam ekanini aytdi», deb Ushakovning so‘zlarini keltirgan RIA Novosti.

Shuningdek, Putinning yordamchisiga ko‘ra, Bayden hamkasbiga AQSh Ukrainada havo hujumi qurilmalarini joylashtirmoqchi emasligini aniq aytgan. Ammo bu borada suhbatgacha ham hech qanday rasmiy yoki og‘zaki gap aytilmagandi. Ushakovga ko‘ra, Putin muzokaralar shunchaki gurungga aylanib qolmasligi kerakligini aytib, tezda konkret natijalar bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan.

Bayden hamda Putin o‘rtasidagi muloqot belgilanganidan 5 daqiqa keyin, Moskva vaqti bilan 23:35 da boshlanib, 50 daqiqa davom etgan.

Ikkinchi marta ham Moskva tashabbusi bilan suhbat o‘tkazildi

AQSh va Rossiya prezidentlari dekabr oyining o‘zida ikkinchi marta telefonda gaplashdi. Ikkinchi safar ham muloqot Rossiya tomonining tashabbusi bilan amalga oshirildi. Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, bu Ukraina atrofidagi voqealar qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Videomuloqot tarzida o‘tgan va 2 soat davom etgan oldingi suhbatda ham Bayden sanksiyalar haqida gapirgan, Putin esa NATO Rossiyaga qarab kengaymasligi borasida kafolat so‘ragan edi.

Top